"Loko" ustozi "Neftchi"ni yutish orqali hamkasbining iste’fosini tezlashtirdimi? Yoxud Korostichenko Mo‘minjonov haqida nima dedi?
Toshkentning “Lokomotiv” klubi uchun ushbu tur ham muvaffaqiyatli chiqdi. Safarda “Neftchi” bilan bellashuda “temiryo‘lchilar” yagona gol evaziga qimmatli uch ochkoni naqd qilib olishdi.
Undan oldin esa o‘z maydonida “Surxon”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrata olgandi. Demak, asta-sekin “Loko”ning natijalari yaxshilanib boryapti va o‘yin uslubi ham murabbiylar istagandek ko‘rinish olmoqda. Bunda tabiiyki, jamoa bosh murabbiyi Denis Korostichenkoning xizmati katta.
Uning klubi bu mavsumda ilk bor ketma-ket ikkinchi g‘alabani rasmiylashtirib qo‘ya oldi. Shu sababli “Neftchi”ga qarshi bahsdan keyin Sports.uz muxbiri Korostichenkoga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Denis Vladimirovich, “Lokomotiv”ni safarda qo‘lga kiritgan muhim g‘alabasi bilan tabriklayman. Ayting-chi, “Neftchi”ni qanday mag‘lub etdinglar?
- Boshqalar o‘ylagandek, bu oddiy “Neftchi” emas. Juda va juda kuchli raqib hisoblanadi. Lekin bizni mazkur o‘yin uchun rejamiz bor edi va unga asosan g‘alaba qozonishni xohladik. Natijada safarda o‘ynashimizga qaramasdan o‘zimiz uchun nihoyatda kerakli golni ura oldik. Bunday pallada o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yubormaslik ham juda muhim edi. Natijada buni uddalay oldik va biz muvaffaqiyatga erishdik.

- Umuman olganda, qo‘l ostingizdagi futbolchilarning harakatlaridan, jamoangizning o‘yinidan har tomonlama qoniqdingizmi?
- Men qo‘l ostimdagi yigitlarimdan juda ham mamnunman. Ularning bugungi o‘yin uslubiga kelsak, vaqt o‘tishi bilan ko‘rsatayotgan o‘yinimiz yanada yaxshilanib boraveradi. Lekin bugun yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini qoplash va shuning barobarida ishonchga erishishimiz kerak edi. Hayriyatki, hammasi biz uchun ijobiy yakun topdi.

- Ayni paytda “Neftchi” qora chiziqni bosib o‘tyapti. Nima deb o‘ylaysiz, balki farg‘onaliklarning muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qolgani ham jamoangizga asqotgandir?!
- Men jamoa borasida hammasi yomon deb o‘ylamayman. Lekin bugungi uchrashuvda omad ham, g‘oliblikka intilish ham biz tomonda edi.
- Ko‘pchilik ushbu o‘yindan oldin “Neftchi” bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov uchun oxirgisi bo‘lishi mumkinligi haqida gapirishdi. Nima deb o‘ylaysiz, hamkasbingizni yutish orqali uni iste’fosini tezlashtirdingizmi?!
- Bilasizmi, bu haqida eshitganim yo‘q. Umuman aytganda, siz aytgan narsa sodir bo‘ladi deb ham o‘ylamayman. Aslida ham bunday holat yuz berishini xohlamayman. Shuni alohida aytishni istardimki, har qanday murabbiyga vaqt kerak va buning ortidan hammasi joyiga tushib ketadi. Bilaman, Ilhom aka yaxshi mutaxassis. O‘ylaymanki, uning uchun barchasi joyida bo‘ladi.

- Mazkur bellashuvda yagona gol muallifi Jerom Etame eng yaxshi o‘yinchi deb e’tirof etildi. U rostdan ham zo‘r o‘ynadimi?
- Bugun u gol urdi va komissar aynan eng yaxshi o‘yinchi deb uni tanladi. Lekin futbolchi 45 daqiqa o‘ynadi. Ya’ni, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Ammo maydonda juda muhim daqiqalarni o‘tkazdi va bizga gol urib 3 ochkoni olib keldi. Biroq tarkibimizda yana ko‘plab yaxshi darajadagi futbolchilarimiz bor. Barchasi zo‘r ishlashdi.

Fikrlar