
"Lokomotiv" - "Mash’al" uchrashuvi oldidan siz bilishingiz kerak bo‘lgan raqamlar
Bugun Coca Cola Superligasi 9-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" - "Mash’al" uchrashuvi o‘tkaziladi. Mezbonlar matbuot kotibi uchrashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Turnir jadvalida “Loko” 12 ochko bilan 8-o‘rinni egallab turibdi. To‘plar nisbati 11-11. “Mash’al” esa 6 ochko to‘plab, 11-o‘rinda bormoqda va bu jamoaning to‘plar nisbati 6-10.
Karantindan so‘ng dastlabki 3ta bahsda imkoniyatni boy bergan “Lokomotiv”, oxirgi ikki uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi. “Temiryo‘lchilar” dastlab “Qizilqum”ni 3:0, so‘ngra “Surxon”ni 2:1 hisobida mag‘lub etishdi. Umuman olganda, mavsum boshidan beri “Loko” 4ta o‘yinda g‘alaba qozongan va barcha g‘alabalar uydagi bahslarda qo‘lga kiritilgan.
Ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana Superligaga qaytgan “Mash’al”, hozircha bir marta g‘alabaga erishdi. Muborakliklar ilk turda “So‘g‘diyona”ni 3:0 hisobida mag‘lub etgandi. Shundan beri o‘tkazilgan 7ta o‘yinning hech birida “gazchilar” zafar qucha olmadi: 3 durang, 4 mag‘lubiyat.
Bilasizmi? “Mash’al” qatorasiga oxirgi uchta bahsda imkoniyatni boy berdi. Bu mag‘lubiyatlar AGMK, “Qo‘qon-1912” hamda “Paxtakor” bilan kuzatildi. Shuningdek, “Mash’al” oxirgi 4ta o‘yindan beri gol ura olmayapti.
Fakt: Jamoalar shu paytgacha o‘zaro 24ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, shundan 13tasida “Lokomotiv”, 9tasida “Mash’al”ning qo‘li baland kelgan.
Uchrashuvni bugun soat 19:00da “Sport” TV orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borishingiz mumkin.
Fikrlar