
"Lokomotiv" "Paxtakor"ga qanchalik qarshilik ko‘rsata oladi? Temiryo‘lchilarga sodiq qolgan Oleg Zoteevdan o‘ziga xos munosabat
“Lokomotiv” klubida joriy mavsum oldidan katta o‘zgarishlar yuz berganini yaxshi bilasiz. O‘tgan yilgi tarkibdan faqatgina sanoqli futbolchilargina klubda qolishdi. Aksariyati boshqa jamoalarga o‘tib ketishdi. Endi esa jamoadagi asosiy yuk Ignatiy Nesterov, Oleg Zoteev, Davron Hoshimov kabi futbolchilarning zimmasiga tushishi aniq. Biz esa tajribali himoyachi Zoteev bilan qator mavzularda muloqotga kirishdik. Gap shundaki, klubdagi ro‘y berayotgan o‘zgarishlar sababli ko‘pchilik “Loko”ni “Paxatkor”ga etarlicha qarshilik ko‘rsata olmasligi haqida gapirishmoqda. Avvalo Zoteev shu holatga munosabat bildirdi.
- Bizning yangi mavsumga tayyorgarligimiz yaxshi darajada o‘tyapti. Bosqichma-bosqich o‘sib boryapmiz. To‘g‘ri, Osiyo Chempionlar ligasi pley-offida Tojikistonning “Istiqlol” klubiga yutqazib qo‘ydik. Ammo ularga o‘yin bo‘yicha yutqazmagandik. Albatta, o‘sha uchrashuvda ularga yutqazishimiz mumkin emasdi. Lekin bu yil tarkibimizdan ko‘plab etakchilar ketishdi. O‘tgan mavsumdagilardan esa uchtamiz qoldik. Ignatiy Nesterov, Davron Hoshimov va men. Asosan boshqa o‘yinchilar kelishgan. Ularga esa biroz vaqt kerak. O‘sha “Istiqlol” bilan o‘ynaganimizga bir oy bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt davomida biz 60 foizga kuchaydik. Navbatdagi yo‘qotish esa Sardor Mirzaev bo‘ldi. Endi bizda uning o‘rnini to‘ldirish muammosi bor. Klub esa yana bir legioner olmoqchi. Ulgursa xorijlik futbolchini oladi, ulgurmasa o‘zimizdagi yigitlar bilan o‘ynaymiz. Qolaversa, o‘rtada o‘ynay oladigan Oybek Qilichev ham kelgan. O‘ylaymanki, yaxshi mavsum bo‘ladi. Aynan ushbu mavsum “Lokomotiv” qanday jamoa tuzganini ko‘rsatib beradi. Hamma “Paxtakor”ni gapiryapti. Lekin biz faqat bu jamoa bilan kurashmaymiz. Chunki “Bunyodkor”, “Navbahor”, AGMK, “So‘g‘diyona”, “Nasaf” kabi yaxshi jamoalar ham bor. Vodiyda esa o‘ynash doim qiyin. “Paxtakor” bilan esa 12-turda o‘ynaymiz. O‘sha turgacha kim kamroq ochko yo‘qotsa, o‘sha klub birinchi o‘rinda ketaveradi. Kim qaerda bo‘lishini kuzda ko‘ramiz. Mavsumning dastlabki beshta turigacha hamma jamoa bir xil holatda bo‘ladi. Bu borada yaqqol etakchi yo‘q. Bunday paytda hech bir jamoa mavsumga 100 foiz tayyor bo‘la olmaydi. Nimaga desangiz, bizda tayyorgarlik va chempionat boshqacha o‘tadi. Boya aytganimdek, bir qator klublar ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi. Biz esa dastlabki turni o‘z maydonimizda “Andijon”ga qarshi o‘yin bilan boshlaymiz. Bu ham o‘ziga yarasha qiyin bo‘ladi, biz uchun. Chunki bu ochilish o‘yini hisoblanadi. Tarkibimizda ko‘plab yangi futbolchilar borligi uchun baribir ularda ham oz-moz hayajon bo‘ladi. Mavsum davomida bizga qiyin bo‘lsa-da, qandaydir natijaga erisha olamiz deb o‘ylayman.
Futbolchining o‘zi “Istiqlol”ga boy berilgan o‘yinni eslab o‘tar ekan, o‘sha bahsdan keyingi matbuot anjumanida “Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov ushbu mag‘lubiyatni sharmandali emas deb baholagandi. Bu masalada esa Oleg Zoteevning fikrini bilishga qiziqdik.
- Bugungi kunda Tojikiston futboli yaxshi ildamlamoqda. Chunki ularning o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari jahon chempionatlariga chiqishyapti. O‘tgan yilgi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida AGMK “Istiqlol”ni qiyinchilik bilan yutgandi. Tojikistonliklarda o‘sish bor. Ularning milliy terma jamoasi ham yaxshi o‘ynamoqda. Ularning tarkibida Rossiya klublarida o‘ynagan futbolchilari ham bor. “Istiqlol”ga yutqazganimiz bu katta fojia emas. Bu – futbol. Agar ularga 2:0 yoki 3:0 hisobida yutqazgan paytimizda buni sharmandali deb atagan bo‘lardim. O‘sha o‘yin davomida raqib jamoa bizning darvozamizga ikki yoki uch marta zarba berdi va bittasi gol bo‘ldi. Aytmoqchimanki, futbolda bunday mag‘lubiyatlar uchrab turadi. Masalan, “Real”ni ham yig‘in davomida yirik hisoblarda yutqazgan paytlari bo‘ladi. Unda bu ham sharmandali hisoblanadimi? Faqat o‘sha mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqara olish kerak. Boz ustiga bizda yangi jamoa shakllanyapti. Yangi futbolchilarda esa hali chempionlik ruhi yo‘q. Asta-sekin ularni ruhlantirish va o‘yinimizni yanada shakllantirishimiz lozim. Klubda qolgan eski futbolchilar esa yangilarga o‘rgatadi, tushuntiradi va shunga qarab jamoani kuchaytirib boramiz.
To‘g‘risi, klubdan ko‘pchilik ketayotganida Zoteevni ham tark etishini kutgandik. Chunki doim unga ham qiziqarli takliflar bo‘ladi. Ayniqsa, o‘tgan mavsum tugagach, klubni etakchilar tark etayotgan mahalda uning ham ketishi go‘yoki aniqdek bo‘lib ko‘ringandi. Ammo u yana qolishni istadi.
- “Lokomotiv”da qolganimning ikkita sababi bor, - deya mavzuni davom ettirdi, Oleg. - Ammo buni ayta olmayman. Faqat birinchi davradan keyin sababini aytishim mumkin. Ammo O‘zbekistonda beshta variantim bor edi. Chetga esa 100 foizlik taklif bo‘lmagandi. Quyi ligalariga borishim mumkin edi. Biroq agentimga ish yopilganini, O‘zbekistonda qolganimni aytdim. “Lokomotiv”ning mashg‘ulotiga esa dekabr oyida qo‘shilganim yo‘q. 3 yanvardan esa jamoaning mashg‘ulotlarida ishtirok etishni boshladim. Aniqrog‘i, BAAdagi yig‘indan boshladik. Agar chetga 100 foiz aniq variant bo‘lganida ketardim. Lekin endilikda yoshim ham o‘tib boryapti. 22-25 yoshda bo‘lganimda ham bu boshqa gap edi. “Lokomotiv” kuchsizlanib qoldi degan fikrlarga esa qo‘shilmayman. 3-4 nafar futbolchilarda chempionlik ruhi bor. Lekin futbolda almashtirib bo‘lmas o‘yinchining o‘zi yo‘q. Doim kimdir ketsa, o‘rnini boshqasi to‘ldiradi. Agar men ketsam ham boshqa futbolchi o‘rnimda o‘ynayveradi. Agar bu yil “Lokomotiv” biror-bir sovrinni qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, unda hamma “Loko” yo‘q joydan jamoa qildi deyishadi. Boya aytdim, o‘tgan yilgi tarkibdan uch nafari qolgan va bunday paytda maqsad o‘rtacharoq bo‘lishi mumkin. Lekin “Lokomotiv” qaysi o‘rinda bo‘lishini kuzda ko‘ramiz. Bilasizmi, jamoamiz haqida boshqalar tanqidiy fikrlar bildirib, ishonch bildirmasa bu bizga aksincha qo‘shimcha motivatsiya beradi. Hamma yulduzlarni olgan taqdiringizda ham jamoa qilish qiyin bo‘ladi. 2015 yilda “Lokomotiv”da O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchilari yig‘ilgandi. Lekin o‘shanda “Paxtakor” chempionlikni yutib ketgandi. To‘g‘ri, bugungi kunda “Paxtakor” kuchli. Chunki ular tarkibini barqaror ravishda saqlab qolgan. Bu esa ularga foyda keltiradi. Bizda esa hozircha vaziyat biroz boshqacha. Yangi kelgan futbolchilar ko‘p. Lekin men ishonamanki, jamoamiz chempionlik uchun kurasha oladi.
Fikrlar
Пахтакорга бу йил хеч қандай рақобатчи йуқ!
Бизнинг асосий умидимиз неча йилдан бери биронта узбек клуби чиқа олмаган ОЧЛ плей-оффидан!
Бу йил биз буни уддалашимиз шарт!
Пахтакор бу йил чемпионатда тенгсиз,хамма куриб турибти.
ОЧЛ эса умуман бошқа мавзу,ОЧЛ бизнинг орзу