
"Lokomotiv" qanday transferlarga tayyorlanyapti? Bosh murabbiylikka nega Korostichenko tayinlandi? Sekeyra nima uchun yangi shartnomani qabul qilmadi? To‘labek Akramov javob berdi
Toshkentning “Lokomotiv” klubi ham e’tiborni o‘ziga jalb qiladigan o‘zgarishlar bo‘lyapti. Tarkibni bir qator etakchi o‘yinchilar tark etdi. Bosh murabbiylikka Denis Korostichenko tayinlandi.
Ochig‘i, klubdagi o‘zgarishlar yuzasidan “Lokomotiv” jamoasi bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramovga beradigan savollarimiz bor edi. Mutaxassis bizning istagimizni qabul qilgan holda biroz vaqtini ajratdi.
- Avvalo, "Mavsum-2021" haqida so‘ramoqchiman. Sizda qanday taassurot qoldirdi va jamoangiz ishtiroki borasida nima deya olasiz?
- Mavsum haqida nima deya olamiz? O‘rtacha tempda o‘tdi desa ham bo‘ladi. Jamoalar asosan 2-3-o‘rinlar uchun kurashishdi. Pastki qismda quyi ligaga tushib ketmaslik uchun klublar o‘rtasida ham kurash qizg‘in kechdi deya olaman. Yana qaytaraman: umuman olganda, mavsum o‘rtacha o‘tdi. Balki “Paxtakor”ni ko‘proq ochko olib ancha ilgarilab ketishi ham ta’sir qilgandir. O‘z jamoamizga kelsak, chempionat boshida qo‘yilgan vazifa bajarilmadi. Tarkib bo‘yicha ham, shart-sharoitlar bo‘yicha ham hamma narsa etarli edi. Jamoamiz oldiga chempionlik maqsadi qo‘yilgandi. Bosh murabbiylikka Mikael Sekeyra kelganidan keyin uning bu erga moslashishiga yarim yil ketib qoldi. Bu mening shaxsiy fikrim. Chunki ikkinchi davradan jamoa o‘z o‘yinini ko‘rsata boshladi. O‘zgarish sezildi, oldinga siljish bo‘ldi deb o‘ylayman. Birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolar murabbiyimizni moslashish davriga to‘g‘ri kelib qoldi, deb o‘ylayman.
- Sekeyra muddatidan avval iste’foga chiqdi. Bu qaror unikimi yoki rahbariyat shuni istadimi?
- Bu Sekeyraning o‘zini qarori. Holbuki, biz unga yangi shartnoma taklif qilgandik. U uyiga ketishni lozim topdi. Qolaversa, Sekeyraning oldida bir qator variantlari ham bor. Nazarimda, u shularni ham ko‘rib chiqyapti. Murabbiy o‘z xohishiga ko‘ra ketdi.
- Nima deb o‘ylaysiz, uning klubdan ketishiga Qo‘qondagi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida aytgan gaplari ta’sir ko‘rsatdimi?
- Yo‘q, Qo‘qonda gapirganlarining hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Aytyapman-ku, ketishni o‘zi istadi. Oilasi Portugaliyada edi va chaqalog‘i ham bor edi. Murabbiyning oldida oilasini bu erga olib kelib ishlash varianti ham turgandi. Lekin oilasi bu erga kelishni xohlamagani uchun ham o‘zi uyiga qaytib ketishni istadi. Murabbiy bilan hech qanday muammo yo‘q. Gapirishi kerak joyda gapirdi. Bunga normal qarash kerak va o‘sha holatdan katta fojea yasash shart emas.
- Bosh murabbiylikka Korostichenko tayinlandi. Ochig‘i, biroz kutilmagan tayinlov bo‘ldi, biz uchun. Nimaga bu qarorga keldinglar?
- Korostichenkoni tayinlash bo‘yicha gapirsam, biz bu murabbiyni anchadan beri bilamiz. Klubimizda ishlayotganiga ikki yil bo‘ldi. Timur Kapadze va Mikael Sekeyra bilan birga ishladi. Uni futbolga qarashlari klubimizning siyosatiga to‘g‘ri keladi. Bu orqali yangilik qilishga qaror qildik. O‘zi shundoq ham Superligada murabbiylar muammo. “Pro” litsenziyasiga ega bo‘lgan 13-14 nafar tajribali mutaxassislarimiz bor. Ular ishlayapti. Shu bois biz bu safar boshqacha yo‘l tutdik. Denis Korostichenko hali yosh, ishga chanqoq. Ishlashga ko‘zi yonib turibdi. Ko‘p sohalarda yoshlarga e’tibor va imkoniyat berilyapti. Rahbariyat bilan maslahatlashib biz ham shunday qarorga keldik. Xudo xohlasa, bizdan ham Nagelsmanlar chiqsin deyapmiz.
- Bundan chiqdi, jamoa oldiga yangi mavsumda sovrinli o‘rinlar uchun emas, balki o‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib, shakllantirish vazifasi qo‘yildimi yoki Korostichenko bilan kelasi yili nimadir yutishinglarga ishonasizmi?
- Bizda qanday o‘zgarish bo‘lishidan qat’iy nazar hech qachon maqsad o‘zgarmagan. Yangi mavsumda ham yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Denisni bosh murabbiylikka tayinlanishi uchun unga jamoani o‘rganishga qanaqadir vaqt ketadi deb o‘ylamayman. Nimagaki, u jamoa bilan salkam ikki yildan beri birga ishlayapti. Hammani yaqindan biladi, barchani taniydi. Jamoamizning asosiy o‘zagini saqlab qoldik desam ham bo‘ladi. Yo‘qotgan bo‘lsak, 20 foizini yo‘qotdik va 80 foizi qoldi. Yana 2-3 ta transferlar qilamiz. Akademiyamizdan chiqayotgan yigitlarni ham asosiy tarkibga jalb qilamiz. Kelasi yili anchagina quvnoq jamoani ko‘rasizlar. Ketganlarning o‘rnini iqtidorli yoshlar bilan to‘ldiryapmiz.
- Eshitishimcha, Aziz Amonov bo‘yicha sizda yaxshi takliflar bor ekan. U legionerga aylanadimi? Sir bo‘lmasa, qaysi xorij klublari bilan muzokaralar ketyapti va futbolchini transfer narxini qanchaga baholadinglar?
- Amonov bo‘yicha rasmiy ravishda hech qanday taklif yo‘q, hali. Taklif bo‘lsa albatta ko‘rib chiqamiz. Buni berkitadigan sirli joyi yo‘q. Aniq taklif bo‘lib, muzokaralarga kirishsak buni ommaga e’lon qilamiz.
- Jamoani ayrim etakchilar tark etdilar. Bu sizni xavotirga solmayaptimi? Yana kimlar ketdi va o‘rnini qaysi futbolchilar bilan to‘ldirmoqchisiz?
- Xavotirga solayotgani yo‘q. Agar klub xohlaganida ketgan futbolchilarni saqlab qolish imkoniyati bor edi. Biz shunday qarorga keldikki, asosan o‘yin amaliyotiga kam ega bo‘lgan va ancha yildan beri jamoamiz uchun borini bergan o‘yinchilar bilan do‘stona ravishda xayrlashdik. Maqsad: bosqichma-bosqich jamoani yoshartirish. Ularni o‘rnini asosan o‘zimizni tarbiyalanuvchilarimiz bilan to‘ldiramiz. Yuqorida aytganimdek, yana 2-3 ta transferlar ham bo‘ladi. Bu transferlar ham yoshi 23-24 ga kirgan futbolchilardan iborat bo‘ladi. Muzokaralar ketyapti, yaqin orada yangiliklar bo‘lib qoladi.
- Klub shov-shuvli transferga qo‘l uradimi?
- Shov-shuvli transfer deganda nimani nazarda tutyapsiz, bilmadimu, ammo transferlar bo‘ladi. Ichki chempionatimizda u jamoadan bu jamoaga ko‘chib o‘tadigan mahalliy o‘yinchilar u qadar shov-shuvli bo‘lmasa kerak. Chetdan kimdir tajribali legionerni olib kelmasa o‘zimizdagi transferlar shov-shuv ko‘tarmaydi. Biz foydali transferlarni qilmoqchimiz.
Fikrlar