"Lokomotiv" ustozi: "Temurxo‘ja shu yoshida ham shunday tempda o‘ynayotgani tahsinga loyiq"
Superliganing 7-turida "Dinamo" oʻz maydonida "Lokomotiv"ga 1:2 hisobida yutqazib qoʻydi. Mazkur bahsdan soʻng tashkil qilingan matbuot anjumanida "Loko" bosh murabbiyi Mirko Yelichich qatnashdi va savollarga javob qaytardi.
- Bu oʻyindagi koʻp jihatlarimiz menga yoqdi, ammo yoqmagan jihatlar ham koʻp boʻldi. Biz buni koʻrib chiqamiz, albatta.
- Temurxoʻja Abduxoliqov oʻtgan yili "Bunyodkor"da oʻynagani ham Samarqandda ikkita gol urgandi. Siz buni ham hisobga olgandiz?
- U hozir yaxshi jismoniy holatda. Odatda men bunday statistikalarni kuzatmayman. Temurxoʻja tajribali hujumchi va bunday holatlarda nimalar qilish kerakligini biladi. U bugungi bosimga boy oʻyinda ham oʻzini koʻrsata oldi. U shu yoshida ham shunday tempda oʻynayotgani tahsinga loyiq.
- "Dinamo"ning golida "Lokomotiv" futbolchilari nimani talab qilishdi? Ular rostdan ham halol oʻyinni soʻrashganmidi?
- Hattoki zahirada oʻtirgan futbolchilar ham feyr-pleyga amal qilishlari kerak. Bunday holatda hakam oʻyinni toʻxtatishi kerak edi. Bu paytda istalgan futbolchi toʻxtab qolar edi.
- "Dinamo"ning qanday nozik tomonlarini koʻrgandingiz?
- Jamoa hujumda agressiv oʻyin koʻrsatadi. Biz esa bundan oʻz ustunligimiz yoʻlida foydalanishimiz kerak edi. Jamoa hujumga oʻtar ekan, ularning ayrim hududlari ochiq qoladi va bundan foydalanib ketish mumkin boʻladi. Faqatgina himoyada oʻynaydigan jamoaga qarshi oʻynash doimo qiyin boʻlgan. Raqib hujumkor futbol oʻynashni istar ekan, ular bilan futbol oʻynashning iloji boʻladi.
- Yaʼni, bunday jamoalarga qarshi oʻynash osonroq boʻladimi?
- Ha, desak ham boʻladi. Biroq raqib tarkibida mahoratli futbolchilar koʻp edi va ularga qarshi turib berish oson boʻlmadi. Shunchaki, ular oʻyinning tempini saqlab qolishga tayyor boʻla olishmadi. Lekin ular hujumkor oʻyinni quraotgani juda yaxshi holat. Biz uchun ham yaxshi, hududlar ochiladi.
- Hisob 2:0 ga yetgandan keyin siz atay eʼtiborni himoyaga qaratdingizmi yoki "Dinamo" hujumdagi agressiyani oshirdimi?
- Ikkisi ham. Bunday paytda odatda jamoalar eʼtiborni himoyaga berib, hisobni saqlashga oʻynaydi. Lekin bu atayin boʻlmaydi, bosim oshib ketadi. "Dinamo" hujumkor futbol oʻyin koʻrsatganidan biz foydalanib ketdik. Shunchaki, ularning himoya chizigʻida katta ochilishlar boʻldi. Ikkinchi boʻlimda ham yaxshi vaziyatlarga ega boʻlgandik, lekin bundan foydalanolmadik. Aslida bundan maksimal foydalanishni rejalashtirgandik ham. Umumiy olganda, oʻyin raqiblarning bosimi ostida oʻtdi.
- Himoyadagi oʻyindan mamnunmisiz?
- Ha. Mamnunman. Xatoliklar bor, buni tahlil qilmasak boʻlmaydi. oʻyin oldidan biz pozitsion tartibli oʻyin koʻrsatishni maqsad qilgandik.
- "Loko" asosan qarshi hujumda oʻynadi. Jamoa bugun ikkinchi raqamli boʻlib oʻynashni maqsad qilganmidi?
- Biz oʻz oʻyinni qurayapmiz va bunda raqibning oʻyin uslubiga qaramayapmiz. Bu biroz ochiqroq oʻyin deyiladi. Bu uslub futbolchilarga ham maʼqul keldi. Bunday futbolda bizda ham ochiq hududlar boʻladi. Men jamoamning shunday futbol koʻrsatishiga tayyorman.
- Siz uzoq vaqt mobaynida jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy sifatida ishladingiz. Qoʻl ostingizdagi futbolchilarning jismoniy holati sizning talablaringizga qanchalik javob bermoqda?
- Yillar davomida yosh yoki yoshi katta futbolchilar bilan qanday ishlaganingiz ham muhim. Shu orqali ular bilan qanday ishlashingizni bilib olasiz. Hali ham Oʻzbekistonda ushbu sohani keng qamrovda biladigan mutaxassislar kam. Ish hali ham oʻsha-oʻsha. Yillar davomida futbolchilar oʻzgarса ham qanday mehnat qilsangiz, shunday mevasini ham olasiz.

Fikrlar