“Lokomotiv” yangi futbolchilarni tanishtirdi (Foto)

  • 5 avgust, 2017, 12:30
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

Bugun “Lokomotiv” davralar oralig‘ida jamoaga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilarni tanishtiruv marosimini o‘tkazdi. Taqdimot marosimi “Lokomotiv” stadioni matbuot anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi.

Amaldagi chempionlar davralar oralig‘ida tarkibni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishdi. Natijada “temiryo‘lchilar” safida bir qator yangi futbolchilar paydo bo‘ldi. Jumladan, “Lokomotiv” nigeriyalik hujumchi Olabiran Blessing Muyiva, yosh iste’dod egalari – Bobir Davlatov, Idris Bikmaykin va Qatarda yarim mavsum faoliyat olib borgan Sanjar Shoahmedov bilan shartnoma imzoladi. Shuningdek, tajribali mutaxassis Andrey Fyodorov “Loko” murabbiylar shtabida ish boshladi.

Marosimda esa Olabiran Blessing Muyiva, Bobir Davlatov va Andrey Fyodorov OAVga tanishtirildi. 

Ushbu matbuot anjumanida dastlab “”klub bosh direktori To‘labek Akramov so‘zga chiqdi.

To‘labek Akramov: 11-20 iyul kunlari Belorusiyaning Minsk shahrida bir qator o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi. Yig‘in davomida asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratildi. Chunki birinchi davraning ba’zi o‘yinlarida ayrim futbolchilarning jismoniy holatlari biroz pand berdi. Shuning uchun xorijda yig‘in tashkil qildik.

Ikkinchi davra oldidan biz o‘z tarkibimizga Bobir Davlatov va qisqa qilib aytganda Benitoni qo‘shib oldik. Har ikkala futbolchi bilan bir yilga bitim imzoladik. Ular bizning tarkibimizga erkin agent sifatida qo‘shilishdi. Murabbiylar shtabiga esa Andrey Fyodorov jalb etildi. Shuningdek, kecha Sanjar Shoahmedov bilan shartnoma imzoladik.

Jamoa OChLdan chiqib ketganidan so‘ng legionerlarga ortiqcha e’tibor qaratmadik. Faqatgina Benito bilan shartnoma tuzdik. Bu o‘yinchini agentlar bizga taklif qilishdi. May oyidan beri u biz bilan shug‘ullandi. Uning harakatlari bizga ma’qul keldi. Shuning uchun uni o‘zimiz bilan olib qoldik.

Sanjar Shoahmedov esa Qatardan qaytib kelganidan keyin o‘yin amaliyotisiz qolgani uchun “Loko”da mashg‘ulot o‘tkazdi. Qolaversa, Sanjarda xorijdan takliflar bo‘lgandi. Ammo chorlovlar jiddiy bo‘lmagani uchun u biz bilan qoldi.

Krizoni nima uchun qo‘yib yubordik? U ko‘rikda bir oy yurdi. O‘rtoqlik o‘yinlarida gol urdi. Ammo shartnoma imzolagandan so‘ng asosiy tarkibda joy kafolatlandi deb o‘ylagan shekilli, u o‘z ustida ishlamay qo‘ydi. Shuning uchun murabbiylar shtabi u bilan xayrlashishni ma’qul topdi. Moliyaviy tomonidan jamoamiz kuchli saviyaga ega futbolchilarni qo‘shib olishga tayyor emas. Ammo oliy ligadagi o‘yinchilarga etadigan darajada maosh qilib bera olamiz.

Kelajakda akademiya ochishni rejalashtirganmiz. Hozir reja va mablag‘ tayyor. Faqat er bilan bog‘liq muammolar borligi uchun to‘xtab turibdi. Akademiya borasida xorijdan investorlar ham bor. Yaqin yillar ichida klubning akademiyasini ochamiz.   

Andrey Fyodorov: “Lokomotiv” o‘zbek futbolida yosh jamoalardan hisoblanadi. Ammo so‘nggi yillarda u OChLda ishtirok etib tajriba orttirmoqda. Klub xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishni maqsad qilgan. Buning uchun men murabbiylarga yordam berish uchun keldim.

Matbuot anjumaning ikkinchi qismida jamoaga yangi qo‘shilgan ikki futbolchi ishtirok etdi.

Bobir Davlatov: O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi safiga o‘tkanimdan xursandman. Jamoadoshlarim meni yaxshi kutib olishdi. Ular bilan anchadan beri tanishman. Bu esa menga yordam beradi, deb o‘ylayman. 5 yildan so‘ng O‘zbekistonga qaytdim. “Loko”ning yarim himoyasida raqobat juda kuchli. Ammo men bundan qo‘rqmayman. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi.  

Blessing: Men “Lokomotiv” bilan bir necha oy birga bo‘ldim. Bu jamoa menda yaxshi tasuroot qoldirdi. Men do‘stlarimdan shu klub haqida so‘radim. Ular menga o‘tishimini tavsiya qilishdi. Shuning uchun bu jamoaga keldim.

Men “Lokomotiv” bilan ancha vaqt birga bo‘ldim. Qolaversa, “Bunyodkor” – “Lokomotiv” uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatdim. Chempionatda tashkiliy masalalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun bu erda o‘ynashga qaror qildim. Boz ustiga, Moldova chepionatidan tashkiliy tomondan O‘zbekistonniki biroz ustunroq.  

Ma’lumot o‘rnida, Olabiran Blessing Muyiva 19-raqamni olgan bo‘lsa, Bobir Davlatov 24-raqamda to‘p tepadigan bo‘ldi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!