Londonning “Arsenal”ida porlagan o‘yinchi Fayzullaev haqida gapirdi
Rossiya Premer-ligasida yuzaga kelgan qishki tanaffus davrida mutaxassislar chempionatning birinchi qismini tahlil qilishga e’tibor qaratmoqda.
Rossiya futbolida chuqur iz qoldirgan Andrey Arshavin joriy mavsum transferlari haqida fikr bildirdi.
O‘z davrida "Arsenal" safida Angliya Premer-ligasida porlagan Andrey Arshavin hozirgi kunda Rossiyaning ko‘p karra chempioni – “Zenit” klubida bosh direktorining sportni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan mutaxassis chempionat birinchi qismi yakuniga ko‘ra, eng yaxshi transfer qaysi ekanini ta’kidladi.
- Bitelloning transferi eng yaxshimi yoki Abbosbek Fayzullaevniki? Men Fayzullaevni tanlagan bo‘lardim. Agar Bitello bilan taqqoslasak Abbosbek hali yosh, qolaversa, Bitello yaxshi chempionatlarda o‘ynab kelgan.
TsSKAning “Krilya Sovetov” bilan bahsiga e’tibor qarating. O‘shanda bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotgan “armiyachilar” 0:2 hisobida yutqazayotgandi.
Maydonda Fayzullaev tushdi, raqib jarima maydoniga kelgan har bir to‘p Fayzullaev tomonidan uzatildi, hammasi xavfli ko‘rinish oldi, barchasi oldinga uzatilgan paslar edi.
Bularning bari 20 yoshli yigitchaning ishi edi. Fayzullaev e’tirof va e’tiborga munosib, - dedi Andrey Arshavin.
Andrey Arshavin “Zenit”ning afsonaviy futbolchilaridan bo‘lgan. Mamlakatning o‘z davridagi eng zo‘r o‘yinchisi bo‘lgan Arshavin 2009-2013 yillar davomida Londonning “Arsenal” jamoasida to‘p tepgan. Andrey “kanonirlar” tarkibida 105 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 23 marotaba ishg‘ol qilgan. Bundan tashqari, rossiyalik hujumkor futbolchi Qozog‘istonning “Qayrat” jamoasida ham o‘ynagan.
Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor”dan TsSKAga shu yilning avgust oyida ko‘chib o‘tdi. Bu transfer 500 ming evroga tushdi.
20 yoshli futbolchi qisqa fursat ichida “armiyachilar”ning asosiy figurasiga aylandi. Abbos kelganidan keyin TsSKAning aksariyat hujumlari aynan o‘zbek futbolchisi tomonidan tashkil etilmoqda.
Fayzullaev aksariyat mutaxassislar tomonidan chempionatning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Abbosbek Fayzullaev TsSKAning sentyabr, oktyabr, noyabr va dekabr oylaridagi eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Legionerimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlaka kubogi bellashuvlarida jami 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qildi hamda jamoadoshlariga to‘qqizta golli pas uzatdi.
Hamyurtimiz legioner sifatida Rossiya maydonlarida muvaffaqiyatli o‘ynayotgani tufayli uning transfer summasi to‘rt oy ichida bir necha baravar ko‘tarilib, bugungi kunda 4 million evroni tashkil qilmoqda.
Abbosbek Fayzullaev ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida yanvar oyida boshlanadigan Qatardagi Osiyo kubogi musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Fikrlar