Lukas Paketa: "Kechiring, men hamisha ham ideal inson bo‘la olmayman"
"Vest Xem" yarim himoyachisi Lukas Paketa "Liverpul"ga qarshi uchrashuvdagi o‘zining maydondan chetlatilishi haqida fikr bildirdi. APLning 13-turida londonliklar 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ikkinchi taym oxirida Paketa hakam bilan ortiqcha bahslashgani uchun ikki marta sariq olib, qizil kartochkaga duchor bo‘ldi.
Paketa o‘ziga qaratilgan tanqidlar va ruhiy bosim haqida shunday yozdi:
"Endi meni yomon odam deb o‘ylashini tushunaman. Hayotimda sodir bo‘lgan voqealar va ruhiy sog‘ligim bilan bog‘liq qiyinchiliklardan keyin buni ko‘tarib yashash oson emas! Bundan buyon bunday holatlar menga yanada kuchli ta’sir qilmasligi uchun harakat qilaman. Bu mening maydondan haydalishimga bahona emas. Shuning uchun muxlislar va jamoadoshlarimdan uzr so‘rayman", — deb yozadi futbolchi.
Shuningdek, u "Sky Sports"ning uning xatti-harakatini "ahmoqona" deya ta’riflagan maqolasiga ham javob qaytardi:
"Ahmoqona — bu ikki yil davomida federatsiya tomonidan hech qanday ruhiy yordam ko‘rsatilmagan holda hayoting va karerangga ta’sir o‘tkazilishi. Balki mening “ahmoqona” deb atalgan xatti-harakatim — kechinmalarim va boshimdan o‘tganlarning aks-sadosidir. Va, afsuski, men yana chidab yashashimga to‘g‘ri keladi! Men ideal emasman, kechiring", — dedi Paketa.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Lukas Paketa o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatib, qimor uchun shartli harakatlar qilganlikda ayblangan edi. 2025 yil iyulida u to‘liq oqlandi.
Fikrlar