Lutfulla To‘raev: Tanqid qilishayotganini bilib turaman, ammo xafa bo‘lmayman. Chunki bu meni yanada kuchli qiladi

  • 26 oktabr, 2020, 18:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Bunyodkor” klubining sardori hamda etakchisi Lutfulla To‘raev hozir yaxshi sport formasida. U milliy terma jamoada shu yoshida ham boshqalarga o‘rnak bo‘la olayotgani tahsinga loyiq.

Lekin tan olish kerakki, uning o‘yini hammaga ham yoqavermaydi. Lekin To‘raev klubda ham, terma jamoada ham mehnat qilayotgani ko‘rinib turibdi. Sports.uz muxbiri u bilan bir qator qiziqarli mavzular bo‘yicha suhbatlashdi.

-  Mavsum yakuniga qadar “Bunyodkor”ning sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini qanday baholaysiz? Ko‘pchilik esa bu borada jamoaning imkoniyatini qiyinroq, deb hisoblayapti.

-  “Bunyodkor” jamoasining bu yilgi Superligadagi ishtiroki haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘rdingiz pandemiya, karantinlar tufayli ko‘p to‘xtalishlar bo‘ldi. Bir mashg‘ulotlar bo‘ladi, bir dam bo‘ladi. Boshida qiyinchiliklar bo‘ldi. O‘sha o‘rtadagi paytda bir qator durang o‘ynab qo‘ydik. Lekin, o‘ylaymanki, hali sovrinli o‘rin uchun imkoniyat bor. Chunki oldinda qoldirilgan o‘yinimiz bilan hisoblaganda yana 7 ta tur bor. Boshqalarda esa 6 ta. O‘ylashimcha, “Bunyodkor” sovrinli o‘rinlarga kiradi, deb hisoblayman.

-  Hozirgi yoshingizga nisbatan ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatayotganingizni ko‘pchilik kutmagandi. Vadim Abramov ham bir necha bor siz haqingizda iliq fikrlarni aytdi. Agar maydonga tushmasangiz, o‘rningiz yaqqol bilinayotganini aytmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, “Bunyodkor”da ikkinchi yoshligingizni o‘tkazyapsiz, deb aytsak ham bo‘ladi. Yuqori saviyada to‘p surayotganingiz Abramov bilan bog‘liqmi yoki...

-  Hamma meni yoshi katta deb o‘ylasa kerak. Internetga kirib men haqimdagi ma’lumotlarni ko‘rishmaydimi, axir endi 32 ga kirgan bo‘lsam, “Bunyodkor”da 3-4 nafar yoshi katta o‘yinchilar bo‘lsa, shulardan bittasiman. Hammasi mehnat orqali. Vadim Abramov ham menga ishonch bildiryapti. Jamoamizdagi yoshlarga maydonda va mashg‘ulotlarda yordam berib turibman. Biz asosan Vadim Karlenovichning ko‘rsatmalari asosida o‘ynaymiz. Mashg‘ulotlarda ham qattiq mehnat qilamiz.

turaev8

-  Besh qo‘l barobar emas, deganlaridek, hammaga ham birdek yoqishning iloji yo‘q. O‘zingiz haqingizda aytilayotgan tanqidlarga qanday qaraysiz? Balki ushbu tanqidlar sizni yanada kuchli qilayotgandir?!

-   To‘g‘ri aytasiz, besh qo‘l barobar emas. Qars bitta qo‘ldan emas, ikkita qo‘ldan chiqadi, deyishganidek, hamma har xil o‘ylaydi va shunga yarasha futbolni o‘z qarashlari bo‘yicha ko‘rishadi. Kimdir sizga muxlis bo‘lib, kimdir esa raqib ishqibozi sifatida ko‘radi. Tanqidlarni yaxshi qabul qilamiz, hammasini eshitamiz. 21-asrda yashayapmiz, hamma joyda internet bor. Kim nima deyayotganini ko‘rib turamiz. Aksincha, bunday tanqidlar menga kuch beradi. Natijada o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga harakat qilaman. Meni tanqid qilishyapti, deb xafa bo‘lmayman yoki tushkunlikka tushib qolmayman. Chunki hammaning o‘z fikri bor. Boyaga gapim gap, odamlardan tanqidlarni eshitib, o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qilaman.

-  Internet saytlarida o‘zingiz haqingizdagi maqola yoki xabarlarni qiziqib o‘qiysizmi? Qolaversa, siz to‘g‘ringizdagi muxlislarning izohlariga ham jiddiy qaraysizmi?

-  Yo‘q, izohlarni o‘qimayman. Saytlarga futbol o‘yinlari vaqtlarini va kim qanday o‘ynaganini bilish uchun kiraman.

turaev10

-  Vadim Abramov terma jamoaga qaytganidan so‘ng, sizni ham bosh jamoamizga qaytardi va ko‘z tegmasin, u erda ham o‘yinlaringiz chakki emas. Masalan, Toshkentda terma jamoamizning oxirgi uchrashuvida ko‘pchilikka o‘yiningiz yoqdi. Milliy termada o‘z potentsialingizni ko‘rsatishingizni kutganmidingiz? Yoki terma jamoaga kelganda sizda qo‘shimcha motivatsiya paydo bo‘ladimi?

-  Vadim Abramov milliy terma jamoaga birinchi bor kelganda ham meni chaqirgandi. Undan keyin Mirjalol Qosimov ham termaga taklif qilgan. Aytishim joizki, terma jamoaga chaqirishayotgani men uchun yangilik bo‘ldi, demagan bo‘lardim. O‘z o‘yinimni ko‘rsatishim ham yangilik emas. “Bunyodkor”da qanday o‘ynayotgan bo‘lsam, milliy terma jamoada ham borimni berib o‘ynayman, deb ayta olaman. O‘zbekistonda nechta futbolchi bo‘lsa, hammaning orzusi aynan milliy termada o‘ynash. Hamma qatori menda ham shunday orzu bor. Qo‘limdan kelganicha yordam berishga tayyorman.

-  Agar terma jamoada Abramov emas, boshqa mutaxassis ishlayotganida ham meni termaga chaqirardi, deb o‘ylaysizmi?

-  Hammaning dunyoqarashi bo‘ladi. Futbolni har kim turlicha ko‘radi. Hammasi murabbiyga bog‘liq. Meni birgina Vadim Abramov chaqirmagan-ku, to‘g‘rimi? Oldin aytganimdek, Mirjalol Qo‘shoqovich ham taklif qilgan. “Bunyodkor”dagi hozirgi o‘yinlarimni ko‘rib, balki chaqirishi mumkin edi, deb o‘ylayman.

turaev6

-  Abramov ham katta ehtimol bilan mavsum tugaganidan keyin “Bunyodkor”dan ketib, bor e’tiborini terma jamoaga qaratishi kutilyapti. O‘zingiz nima qilasiz? Mavsum tugagach, yana klubda qolasizmi yoki faoliyatingizni boshqa jamoada davom ettirmoqchimisiz?

-  Boya aytdim, “Bunyodkor”ni oldinda yana ettita o‘yini turibdi. Bundan tashqari, yana O‘zbekiston Kubogi bahslari ham bor. Hammasi qachon tugashini hali bilmaymiz. “Bunyodkor”ning maqsadi kuchli uchtalikka kirish va O‘zbekiston Kubogining finaliga chiqish. Shartnomam esa shu yilning 31 dekabr kuni tugaydi. Barchasini shartnoma tugaganidan keyin ko‘rib chiqamiz. Oldindan biror-bir klubga boraman, degan gap yo‘q. Birinchi bo‘lib “Bunyodkor” bilan gaplashamiz.

-  Navbatdagi savol ham “Bunyodkor” bilan bog‘liq. Klub rahbari o‘zgarganidan keyin hali murabbiy va futbolchilar bilan uchrashmagani haqida ko‘p eshitdik. Shuningdek, moliyaviy tomondan qarzdorlik xususida ham ma’lumotlar bor. Ushbu masala bo‘yicha ham munosabatingizni aytib o‘tsangiz.

-  Klubimiz bizdan qarz, bu to‘g‘ri, buni yashirishni keragi yo‘q. Buni butun O‘zbekiston bilsa kerak. Klubimizga yangi direktor tayinlanganidan keyin biz bilan uchrashdi. Hammasi yaxshi bo‘ladi, dedi. Endi yaxshi bo‘lishini kutib o‘tiribmiz. Oktyabr oyi tugayapti, klubning bizdan to‘rt oylik qarzi bor. Bundan tashqari, har bir g‘alaba uchun beriladigan bonuslar bo‘yicha ham qarzdorlik bor. Bu yilning hisobidan bonuslar olganimiz yo‘q. Yaxshi bo‘ladi, degani uchun shuni kutyapmiz, ko‘ramiz nima bo‘lishini. Lekin biz pulga qaraganimiz yo‘q. Oldimizga qo‘ygan maqsadimiz kuchli uchtalikka kirish, deb bejizga aytmadim. Albatta, pul bersa kayfiyat yanada yaxshi bo‘ladi. Biroq pul bermayapti, deb kayfiyatimizni va qo‘limizni tushirib qo‘ysak ham bo‘lmaydi. Agar shunday bo‘lsa, jamoamiz oxirgi o‘rinlarga tushib ketgan bo‘lardi. Yaxshi bo‘lishini kutyapmiz. “Bunyodkor” tomonlardan ham quyosh chiqib qolar.

turaev2

-  O‘zingiz o‘ynayotgan pozitsiyada kimning o‘yinlarini yoqtirasiz? Kimni kumirim, deb bilasiz?

-  Tayanch yarim himoyasida o‘ynaydiganlardan ko‘pchiligi yoqadi, menga. Kumir deya olmayman-u, lekin o‘yinlarini yoqtiradiganlarim bor. “Barselona”da Buskets, “Manchester Siti”da Fernandino. Hozir u himoyaga o‘tgan, oldin tayanch yarim himoyasida to‘p surardi. Yana kim? Aziz Haydarovni aytishim mumkin. Yaqinda futbolni tugatdi. Uning o‘yinlari ham menga yoqardi.

-  Sizdan Superligamizning saviyasi haqida so‘ramoqchiman. “Paxtakor”ga yana hech kim bas kela olmayapti. Chempionatimiz darajasi qanday, qiziqarli o‘tyaptimi yoki...

-  Oldin aytganimdek, bu yil pandemiya tufayli chempionatimizda tanaffuslar ko‘payib ketdi. Shuning uchun futbolchilarning mashg‘ulotlari va o‘yinlari barqaror bo‘lmadi va rejalar buzilib ketdi. To‘g‘ri, “Paxtakor” kuchli jamoa. Hech kim qarshilik ko‘rsata olmayapti. Bu yil ham “Paxtakor” chempion, deb o‘ylayman. O‘zbekiston futbolini ko‘tarish uchun “Paxtakor”ga o‘xshaydigan 5-6 ta jamoa zarur. Shundan keyin raqobat bo‘ladi.

turaev12

-  Yana bir gap: sizning Malayziyadagi faoliyatingiz muvaffaqiyatli chiqqanini bilamiz va hozirgacha sizga u erdan yaxshi takliflar bo‘lar ekan, shu rostmi?

-  Malayziyaning aholisi futbolga juda qiziqadi. U erda bir yarim yil o‘ynadim. Hattoki, o‘rtoqlik uchrashuvlariga ham ko‘p ishqibozlar kelishardi. Malayziyada yaxshi xotiralar qolgan, jamoam bilan ikkinchi o‘rinni egalladik. Tan olaman, u erdan yana qiziqishlar bor. Avvalo, o‘zimizda chempionat hamda Kubok bahslarini yaxshilab tugatib olaylik, keyin hammasini o‘ylab ko‘ramiz.

-  Qiziq, 13-raqam sizga qanday ahamiyatga ega? Chunki telefon raqamingizda ham 13 raqami bor va maydonda ham ushbu raqam bilan o‘ynaysiz...

-  13-raqam hech kimga kerak emas-da, shuning uchun olaman. Nechta klubga borgan bo‘lsam, hamisha bu raqam bo‘sh turgan bo‘ladi. Shu bois 13 ni olaman. Boshqa raqamlar talash bo‘ladi, menga 7, 9 yoki 10 kerak, deb turib olishadi. 13-raqam esa har doim bo‘sh turgan bo‘ladi va borib o‘sha raqamni olib ketaveraman. Qandaydir shu raqamga o‘rganib qolganman.

turaev9

-  Futbolchiga raqamni qanday aloqasi bor, deb o‘ylaysiz?

-  Bilmadim. Balki yaxshi ko‘rgan o‘yinchisining raqamida o‘ynashni istab o‘shani olishga harakat qilishi mumkin. Raqamlarni futbolchiga unchalik ahamiyati yo‘q.

-  Boya to‘g‘ri aytdingiz, pandemiyadan keyin hammasi o‘zgarib ketdi. Bundan har kim turlicha chiqdi. Lekin karantindan siz yanada kuchliroq bo‘lib qaytgandeksiz...

-  Pandemiya davrida hamma uyda bo‘ldi, ko‘chaga chiqish mumkin emasdi. Men Sirdaryoda uyimda edim. O‘sha paytlarda har kuni tongda, soat 4 da chiqib yugurardim. Jiyanlarim bilan hovlida futbol o‘ynardim. Karantin paytida uyimda yotmadim. Ertalab turib 4-5 kilometr yugurib chiqardim.

turaev7

-  Chempionatimizda muxlislarsiz o‘ynash qanday tuyulyapti?

-  Muxlislar bilan qiziq bo‘ladi. Ishqibozlarsiz o‘ynash xuddi mashg‘ulot o‘tayotgandek bo‘lib qoladi.

-  Futboldan keyin o‘zingizni nimada tasavvur qila olasiz?

-  Bu savolingizga murabbiy, menejer yoki boshqa bo‘laman, deb aytishim qiyin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!