
Lyubinko Drulovich O‘zbekiston OTJning boy berilgan g‘alabasiga qanday izoh berdi?
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati birinchi turida Eron bilan 1:1 hisobidagi durang qayd etdi.
Uchrashuvdan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Ikki yaxshi saviyadagi jamoalar o‘zaro kurashdi. Eron jismonan ancha kuchli jamoa. Bizda imkoniyat bor edi g‘alaba qozonish uchun. Lekin afsus bugun 3 ochko ololmadik. Endi keyingi o‘yinlarda bugungi ochkolar o‘rnini to‘ldirishga harakat qilamiz.
Alijonov va Qodirqulov klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasida ko‘plab o‘yin o‘tkazishdi. Shu bois ular bugun biroz charchab qolgandek. Bugun ularning o‘yini qovushmadi.
O‘yinning 15-20 daqiqasigacha Eron faolroq ko‘rindi. Undan so‘ng biz o‘yin tizginini qo‘lga oldik. Penalti ishladik va gol urdik. 2-taymda esa xatolarimiz tufayli gol o‘tkazib yubordik. Uchrashuv davomida imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Misol uchun Oybek Bozorovda darvozani ishg‘ol etish uchun vaziyat bo‘lgandi. Biroq u nishonga olishda adashdi. Bu futbol va unda bunday holatlar uchrab turadi.
2 yil avval terma jamoa musobaqada chempion bo‘lgandi. Bu gal ham jamoa g‘alaba qozona oladimi?
- Albatta, bizning maqsadimiz huddi shu. Unga erishishga harakat qilamiz. Endi e’tiborimizni Xitoyga qarshi uchrashuvga qaratamiz. Ushbu bahsda g‘alaba qozonishimiz kerak.
Guruhimiz? Chindan ham guruhimiz ancha murakkab. Endi navbatdagi o‘yinlarga e’tibor qaratishimiz shart. Endi Xitoyni mag‘lubiyatga uchratishimiz, undan keyin Janubiy Koreyani taslim etishimiz talab etiladi. Bu juda qiyin. Biroq bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Terma jamoada gol uradigan hujumchi etishmayapti? Oston O‘runov nega kelmadi?
- Kecha ham aytib o‘tdim, tarkibimizda yo‘q bo‘lgan futbolchi haqida gapirishim noto‘g‘ri. Hozir safimizda eng yaxshilar jamlangan. Shu boisdan ham barcha futbolchilarni bilgan holda tarkibga jalb etdim, - dedi murabbiy.
Fikrlar