Madridning yangi yulduzi-Martin Edegor haqida
2014 yil dekabr oyida futbol olami “Stremsgodset” futbolchisi Martin Edegor haqida eshitdi. Aynan o‘sha paytlarda yosh va iste’dodli futbolchini “Real Madrid” o‘z safiga qo‘shib oldi. 16 yoshli futbolchiga “qaymoqranglilar” 3 mln evro to‘ladi. Madrid jamoasi uchun juda kichik pul bo‘lishi mumkin, ammo futbolchining yoshiga qaraydigan bo‘lsak, yaxshigina jiddiy taklif edi.
Ko‘pchilik u “Real”ni tanlab xato qildi deya hisoblashdi. O‘sha paytda unga taklif bildirgan “Ayaks”ga o‘tganida ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lar edi. “Ayaks”, umuman Gollandiya jamoalari yosh futbolchilarga etarlicha amaliyot berib, ularni o‘sishiga yordam berishadi. Lekin Edegor Ispaniyaga ketishga qaror qildi. Buni sababini tushuntirish oson. U yoshligidan Krishtianu Ronalduning ashaddiy muxlisi edi. Hech bo‘lmaganda, mashg‘ulotlarda o‘z kumiri bilan birga shug‘ullanish nasib etishini o‘ylab, bunday imkoniyatni qo‘ldan chiqarishni istamadi. Novegiyalik futbolchi “Real” taklifini qabul qildi. Buning evaziga esa o‘z futbolchilik faoliyatini tavakkal ostiga tashladi.
2015 yil 23 mayda “Xetafe”ga qarshi La Liga o‘yinida debyutini o‘tkazdi. Uning orzusi amalga oshdi. O‘z kumiri bilan birga to‘p surish nasib etdi. O‘sha o‘yinda madridliklar 7-3 hisobida g‘alaba qozondi. Martin “Real” safida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi. O‘shanda u 16 yosh-u 156 kunlik edi. Kelasi mavsumda esa birorta o‘yinda maydonga tushmadi. Jamoa akademiyasi bo‘lmish “Kastilya”ning asosiy futbolchisiga aylandi. Bu esa u Ispaniya poytaxtini tark etishi kerakligi haqida ogohlantiruv qo‘ng‘irog‘i edi.
“Stremsgodset”ni tark etganiga 2 yil bo‘lgan Martin Edegor Gollandiya tomonga yo‘l oldi. 2 yil avval “Ayaks” taklif bildirgan bo‘lsa, bu safar “Xerenven” futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istadi. Bir paytlar Klas-Yan Xuntelar va Xakim Ziesh kabi futbolchilarni etkazib bergan jamoaga ijaraga o‘tdi Martin. Ijara muddati bir yarim yil bo‘lib, shartnomada unga asosiy tarkibdan o‘rin kafolatanishi belgilangan edi.
“Xerenven”da Edegorning ishlari yurishmadi. Muntazam asosiy tarkibda tushishidan qat’iy nazar, o‘tkazgan 40 ta o‘yinida 3 ta gol va 4 ta golli uzatma berishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin undagi iqtidorni Gollandiyada mutaxassislar yuqori baholadi. “Real” futbolchi tanlashda adashmaganini, u hali o‘sishini ta’kidlashdi.
Ijara muddati tugagach, edegor bir muddat “Real”ga qaytdi. Bir oydan so‘ng esa yana Gollandiyaga yo‘l oldi. Bu safar uning jamoasi “Vitess” edi. “Vitess”da Edegor rossiyalik mutaxassis Leonid Slutskiy qo‘l ostida to‘p sura boshladi. O‘tkazgan 35 ta o‘yinida 9 ta gol urdi va 12 marta jamoadoshlari gol urishiga yordamlashdi. Bu esa “Vitess” tarkibida bir mavsumda 10 dan ziyod assistentlikni amalga oshirgan ikkinchi futbolchi bo‘lishiga yordam berdi. Birinchi o‘rinda esa Milot Rashits edi.
2018/2019 yilgi mavsum edegor uchun fantastik tarzda o‘tdi. “Real”ning muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda rahbariyat futbolchini ortga qaytarishini, asosiy tarkibdan joy olishiga imkoniyat berishini talab qila boshlashdi. Zidan esa Martin hali boshqa jamoalarda o‘sishi kerak deya hisobladi. Bu safar rahbariyat uni La Liga jamoasiga ijaraga berishni o‘ylab qoldi.
“Real Sosedad” futbolchini ijaraga oldi. U La Ligada xuddi avvaldan o‘ynab yurgandek taassurot qoldira boshladi. Jamoaga juda tez moslashib ketdi. Ispaniyaga birinchi kelishida yosh bo‘lganligi, uni ustiga grand jamoada o‘z o‘rnini topa olmasligini endi tushunib etgan Martin “Sosedad”da endi o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Bir paytlar Martin Gollandiya jamoalariga ijaraga berilganida endi uni kelajagi yo‘q, u etib keldi deya hisoblaganlar, hozirda uning o‘yinlarini olqishlab kuzatib o‘tirishibdi. Uning hozirgi o‘yinlarini ko‘rganlar, Edegorni Messiga o‘xshatishmoqda. “Real Sosedad”ning “Alaves”ga qarshi o‘yinida (3-0) Edegor Mikel Oyarsabal bilan birgalikda raqib himoyachilarini xatolar qilishga majbur etishdi va jamoasining yirik hisobda g‘alaba qozonishiga yordam berishdi.
Hozirda Martin Edegor Whyscout reytingiga ko‘ra eng yaxshi hujumkor yarim himoyachilar ichida ikkinchi o‘rinda turibdi. Birinchi o‘rinda esa “Atletik”ning 33 yoshli futbolchisi Raul Garsiya turibdi.
Messining darajasiga etishi uchun uning oldida oson bo‘lmagan va uzoq yo‘l kutib turibdi. Lekin Edegor bu yo‘lni bosib o‘tishga tayyor. 2016/2017 yil La Liga qila olmagan ishlarini endi amalga oshiryapti. Yuqorida tilga olganimiz, “Alaves”ga qarshi o‘yinda Martin 10 marta jamoadoshlariga quay vaziyatlarni yaratib bera olgandi. Bunday sermahsullikni oxirgi marta La Liga Messi 2016 yil avgustda amalga oshirgan edi.
Martin hozirda juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lyapti va bu imkoniyat uning o‘sishiga yordam beradi. Balki, kelasi mavsum uni “Real”ning asosiy tarkibida ko‘rarmiz, balki, Evropaning boshqa bir etakchi jamoasi unga asosiy tarkibdan joy ajratar. Muhimi, futbolchi hozir bir paytlar unga bildirilgan ishonch bekorga emasligini isbotlashda davom etyapti.
Fikrlar