
Makallister Diogu Jota haqida xotiralarini baham ko‘rdi
"Liverpul" yarim himoyachisi Aleksis Makallister 3 iyulda Ispaniyada yo‘l-transport halokatida vafot etgan Diogu Jota haqida samimiy so‘zlar aytdi. O‘sha fojeada Jotaning ukasi, Portugaliyaning "Penafiel" klubi futbolchisi Andre Teysheyra da Silva ham halok bo‘lgan edi.
"Albatta, bu yozuvni Dioguga bag‘ishlamoqchiman. Hali ham uning nega bu qadar erta ketganini tushuna olmayapman. U bilan doim yaxshi munosabatda bo‘lganman, o‘tgan yilda esa u bilan yanada yaqinlashgan edik. U har doim oddiy, oilaparvar inson bo‘lgan va o‘zini hech qachon boshqa birovdek ko‘rsatmagan. Bir kuni kelib seni juda samimiy quchoqlashi mumkin edi, ertasi kuni esa salom ham bermasdi, (kuladi).
Biz bir-birimizni "bezovta qilishni" yoqtirardik — bu Messi va Krishtianu haqidagi muzorakalarimiz yoki karta o‘yini bo‘lishi mumkin edi. Bu hamisha o‘yinning bir qismi edi. Uni har doim tabassum bilan yodga olaman.
Va bilamanki, u osmondan bizga yordam beradi. Agar bunga ishonmasangiz, Superkubokda Frimpong urgan gol vaqtiga qarang — 20-daqiqa 20-sekunda. Bu belgi", — deb yozdi Mak Allister "The Players Tribune" saytidagi maqolasida.
Fikrlar