
"Manchester Yunayted" ser Aleks Fergyusondan qutilishi kerak! Aks holda...
29 oktyabr sanasida "The Guardian" nashri jurnalisti Jonatan Lyu katta shov-shuvga sabab bo‘lgan maqolani e’lon qildi. Unda "Manchester Yunayted" klubining omadsizliklari ortida aslida ser Aleks Fergyuson yashirin ekanligi haqida bayon qilingan. "Fergyusonizmdan qutilish" nomli material ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lgani rost.
Jonatan qaysi dalillarga suyanib ser Aleksning "tomorqasiga tosh otdi"?
Shotlandiyalik mutaxassis 2013 yilda jamoa postini tark etdi. Oradan 8 yil o‘tganiga qaramay, uning klubga ta’sir doirasi zarracha kamaygani yo‘q. Lyu ortda qolgan yillar davomida ser Aleks amalga oshirgan ishlar bilan qisqacha tanishtirib o‘tdi.
1. O‘z maqolasida u Patris Evraning avtobiografik kitobidan parcha keltiradi. U Devid Moyes kelgach, ishlar orqaga ketganidan ranjigan Evraning maslahatlashib olish maqsadida Fergyuson bilan suhbatiga e’tibor qaratdi. Futbolchi sobiq murabbiyni "boss", deb atagani etmaganidek, undan muammolarni hal etishini iltimos qiladi. Bunga Aleks Fergyuson quyidagicha javob qaytaradi:
"Unga hayotidagi eng katta imkoniyatni taqdim etdim. Men adolat yuzasidan uning ishlariga aralashmoqchi emasman".
Lyu bu orqali Aleks allaqachon "Manchester Yunayted"ni o‘ziniki qilib olgani va keyingi murabbiyga klubni topshirganiga sha’ma qilmoqda.
2. Ule-Gunnar Sulsher ser Aleksning barcha "fishka"larini o‘zlashtirishga urinar, doim tarixdagi ulkan g‘alabalar haqida u bilan suhbatlashishni xush ko‘rardi. Shu bois, Sulsher birinchi imkon paydo bo‘lishi bilan o‘z shtabiga ser Aleksning yordamchisi Mayk Fellanni qo‘shib oldi. Albatta, bu bossga nisbatan hurmat evaziga qabul qilingan qaror. "Liverpul"dan sharmandali mag‘lubiyat qabul qilib olgach, o‘rtaga Sulsher masalasi tashlandi.
Uni shotlandiyalik mutaxassis va Ed Vudvord ko‘rib chiqdi. Natijada, Fergyusonning fikri yakunda qarorga aylandi. Azaliy raqibdan "Old Trafford"da qabul qilingan yirik hisobdagi mag‘lubiyat ham norvegiyalik mutaxassisni postni topshirishiga sabab bo‘la olmadi.
3. Ronalduning qaytishi ham aynan qahramonimizning tashabbusi bilan amalga oshdi. Ronaldu ortga qaytayotganini ma’lum qilgach, "Instagram"dagi surat tagida post qoldirdi.
"Ser Aleks, bu siz uchun!"
Portugaliyalik futbolchi jamoa uchun kerakli ochkolarni ishlab berayotganiga qaramay, uning kelishi rivojlanish yo‘nalishini boshqa tomonga burib yuborgani aniq. 36 yoshli hujumchi atrofida yangi jamoa qurish uchun endilikda Sulsher 3-5-2 sxemasidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
4. Hatto, Sulsherning jamoa postini egallashi borasidagi qaror ham ser Aleksdan beso‘roq amalga oshmagan. Ed Vudvord shu masala borasida fikr almashish maqsadida Fergyusonning uyiga tashrif buyuradi. "The Times" bergan ma’lumotlarga qaraganda, shotlandiyalik afsona Sulsherni yaxshi inson ekanligi uchun ham jamoa postini topshirishni Vudvordga maslahat beradi. Uning o‘yin uslubi, ishlash printsiplari, targ‘ib etayotgan futboli va o‘z falsafasi borasida gap-so‘z bo‘lmagan.
5. Rafael Varanning transferini ham bemalol 8 yil avval iste’foga chiqqan mutaxassisning tashabbusi bilan amalga oshirilgan, desak, ishonasizmi? U bilan muzokaralarda ishtirok etish maqsadida ser Aleksning shaxsan o‘zi Vudvord bilan Madridga uchib boradi. Vaholanki, ular jamoa transferlariga aralashish huquqi yo‘q shaxslar sanaladi. Varan klub rasmiy sayti uchun bergan ilk intervyusida ser Aleks bilan bo‘lgan suhbatdan qay darajada ta’sirlanganini aytgandi. Vaholanki, uning transferi xuddi Ronaldu singari uning rejalarida yo‘q edi.
6. Bu ham etmaganidek, jamoa o‘yin uslubining o‘zgarmay kelayotganiga asosiy sababchilardan biri ham janob Fegyuson bo‘ladi. Uning talabiga binoan, barcha yangi kelgan murabbiylar hujumda vingerlar bilan harakat qilishi shart. Ularga kamida 2 yil imkon berilishi, har qanday mag‘lubiyat uchun futbolchilar javob berishi kerak. Shu va boshqa mayda detallar sababli "Yunayted" zamonga moslasha olmayapti. Natijada, shaxsiy falsafaga ega bo‘lib borayotgan boshqa grandlar bilan o‘rtadagi farq tobora kattalashmoqda.
Nima uchun MYu "Fergyusonizm"dan qutilishi kerak?
Sababi juda oddiy. Futbol yildan yilga rivojlanib, yangicha ko‘rinish olmoqda. "Qizil iblislar" esa, deyarli 10 yildan beri "ofsayd"dagi mutaxassis fikri bilan ish ko‘rmoqda.
Bugungi jamoaning deyarli barcha qarorlarida shotlandiyalik mutaxassisning fikri birinchi planga ko‘tariladi. Katta transferlar, yangi murabbiylar, iste’folar, ichki nizolar va boshqa barcha-barcha bahsli vaziyatlarda Ed Vudvord birinchi navbatda ser Aleks Fergyusonga qo‘ng‘iroq qiladi. Bu allaqachon normal holatga aylangan.
Aslida, taxminan bir yil avval Sulsher jamoasi progressdan to‘xtagan. To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan chiroyli o‘yin namoyish etadi, ammo natijalardagi stabillik yo‘qolgan. Boz ustiga, Angliyaning boshqa grand klublari bilan solishtirsak, "qizil iblislar" qanday katta farq bilan ortda qolayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Achinarlisi shundaki, "Liverpul"dan qabul qilib olingan alamli mag‘lubiyatdan so‘ng yangi murabbiy qo‘l ostida qayta jamoa qurish haqida o‘ylash o‘rniga, muammoni qanday echish borasidagi savollar bilan Ed Vudvord ser Aleksga murojaat etdi.
"Boss" "Manchester Yunayted" tarixidagi barcha zamonlardagi eng kuchli murabbiy - chinakam afsona. U klub tarixi va buguni uchun chorak asr mehnat qilgan. Afsuski, uning futbolga nazari xuddi o‘zi singari qarib bormoqda. Atrofdagilar esa, buni buyuk mutaxassis fonida sezmayapti.
Ya . U
Fikrlar