
«Manchester Yunayted»ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasi: Runi, Ronaldu va boshqalar
«Manchester Yunayted» Angliya ichki chempionati 1992 yil «Premer-liga», deb atalganidan boshlab, boshqa klublarga nisbatan eng ko‘p zafar quchgan va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan jamoa. Jamoa safida doim kuchli futbolchilar to‘p surgan va klub jahon futboliga bir qator yulduzlarni etishtirib bergan. Shu tufayli «MYu»ning orzular jamoasini tuzish bir qator qiyinchiliklarni paydo qilishi tabiiy. Britaniyaning mashhur futbol mutaxassislari Angliya tarixidagi birinchi raqamli klub sifatida tan olingan «Manchester Yunayted»ning Premer-liga davridagi eng kuchli futbolchilaridan yig‘ilgan ramziy jamoasini tuzib chiqdi va uni ommaga taqdim etdi. Ushbu jamoa 4-4-2 taktik sxemasiga tayangan holda tuzilgan. Marhamat, u bilan tanishamiz.
Darvozabon: Peter Shmeyxel.
Darvozabon pozitsiyasi - bu katta bosim. «MYu»ning ramziy jamoasidan joy olish juda katta yutuq. Sababi, klub tarixida undan tashqari ham ko‘plab yaxshi darvozabonlar bo‘lgan. Bundaylar orasidan aynan birortasini tanlab olish uchun, u albatta raqobatchilaridan ko‘p tomonlama ustun bo‘lishi lozim. Bu pozitsiya uchun bizda asosiy uch nomzod bor edi - Edvin Van der Sar, David de Xea va Peter Shmeyxel. Lekin baribir Peterning bu jamoa uchun qilgan ishlari qolgan nomzodlarnikiga qaraganda bir bosh balandroq bo‘lganligi uchun aynan u ramziy jamoadan joy olmoqda. Darvozabon ser Aleks Fergyusson faoliyatining dastlabki yillarida murabbiyning muvaffaqiyat kaliti va 1999 yilgi treblning asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan. Bundan tashqari, daniyalik ajoyib akrobatik harakatlari, haqiqiy sardor va o‘z imzosiga ega darvozabonligi tufayli ham klub ramziga aylangan.
O‘ng qanot himoyachisi: Garri Nevill.
Butun boshli faoliyatini «Old Trafford»da o‘tkazgan ushbu himoyachi bu pozitsiya uchun mutlaq haqli! Bu erga undanda yaxshiroq nomzodni topish imkonsiz. Futbolchi klubning to‘purar himoyachilari tarixida etakchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, u qoyilmaqom darajada barqaror va kuchli o‘yin ko‘rsatgan hamda ko‘p bora APL ramziy jamoasidan joy olgan. 20 yildan ortiq vaqt hamda 600 dan ziyod uchrashuv o‘tkazib, u «Yunayted»ning jonkuyar sardori sifatida klub tarixiga kirgan. Afsuski, «Old Trafford»da qat’iyatli o‘yinlari bilan esda qolgan futbolchi 2011 yilda faoliyatini yakunlaganidan beri klub unga munosib nomzod topa olmayapti.
Markaziy himoya: Rio Ferdinand.
Ushbu pozitsiya juft bo‘lib kelishidan xabariningiz bor. Va biz bu erga klub tarixidagi eng qo‘rqinchli himoya duetini qo‘ymoqchimiz. Ha, Ferdinand va Vidich juftligi o‘z paytida har qanday hujumchini qo‘rquvga soladigan devor edi. Ular «Yunayted»dan ketganidan beri «qizil iblislar» bu qadar izchil, mustahkam va barqaror himoyachilar juftligini topgan emas! Ferdinand klubga ancha qimmatga tushgan, u o‘z paytida britaniyalik futbolchilar tarixidagi eng qimmat futbolchi ham bo‘lgan. Biroq u klubdagi 12 yillik faoliyati davomida unga sarflangan har bir funtni oqlab, klub ramzlaridan biriga aylanishga muvaffaq bo‘lgan. Futbolchi klub bilan 6 marta Premer-liga va 1 marta Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgan.
Markaziy himoya: Nemanya Vidich.
Boya ta’kidlanganidek, serbiyalik futbolchi Rio Ferdinand bilan ajoyib juftlik hosil qilgan. Futbolchi 2006 yilda klubga kelib qo‘shilmasidan avval, Ferdinand jamoada ancha o‘zini ko‘rsatgan edi. Serbiyalik futbolchi kelganidan so‘ng esa, bu juftlik hatto «Yunayted»ning o‘zining ham xayoliga kelmagan dahshatli duetni hosil qildi. Bu tandem ko‘plab mutaxassislar tomonidan nafaqat «MYu» tarixidagi, balki butun boshli Premer-liga davridagi eng kuchli himoya juftligi sifatda tan olingan. Serb futbolchisi klub safida 211 o‘yinda maydonga tushgan va o‘z vaqtida sardorlik bog‘ichiga ham ega chiqqan.
Chap qanot himoyachisi: Denis Irvin.
Bu o‘rin uchun Irvin va Patris Evra nomzodlari o‘rtasida ikkilanishlar bo‘ldi, ammo irlandiyalik futbolchi Fergyussonning dastlabki chempionligi va 3 karra g‘olib bo‘lishida muhim rol o‘ynaganligi bois ushbu pozitsiya uchun munosib, deb topildi. Irlandiyalik futbolchi klub tarixida naqd 529 o‘yinda maydonga tushgan! Tezkor, ikkala oyog‘ida ham birday o‘ynay oluvchi, kamtarin va mehnatsevar futbolchi «Yunayted» muxlislarining har doim eng sevimlilaridan biri bo‘lib qoladi.
O‘ng qanot vingeri: Krishtianu Ronaldu.
Ronaldu «Old Trafford»dagi faoliyati davomida o‘zini dunyoning eng yaxshi futbolchilardan biri sifatida ko‘rsatdi, «Real»ga o‘tishiga ham bu erdagi qoyilmaqom o‘yinlari sabab bo‘lganligi sir emas. Ramziy jamoaning tuzilishidan kelib chiqib uni 4-4-2 sxemasida o‘ng qanot vingeri pozitsiyasiga joylashtirdik va u "qizillar" safida aynan shu pozitsiyada yaxshi o‘yinlarni namoyish etganligini yodga oldik. Ronalduning "qizil iblislar" tarkibidagi o‘yinlarda namoyish etgan mahorati, tezligi, ajoyib golli uzatmalari va qoyilmaqom gollari uni MYu muxlislarining sevimlisiga aylantirgan. U «Yunayted» safida 2006-2009 yillarda maydonga tushib, ketma-ket 3 unvonni qo‘lga kiritilishida muhim rol o‘ynagan va liga doirasida umumiy 66 ta gol urgan (asosan, jarima maydonchasi tashqarisidan).
Markaziy yarim himoya: Roy Kin.
Sardor, etakchi va klub afsonasi. Ushbu o‘n bittalikda ko‘plab yaxshi futbolchilar bo‘lishiga qaramay, aynan Kinga sardorlik bog‘ichini berdik. U bu nomga ko‘proq loyiq. Futbolchi doim raqiblarini qo‘rquvga solgan, jamoadoshlarini himoya qilish uchun ularning yonida turgan va hech qachon yakkama-yakka duellarda raqibdan qo‘rqmagan. To‘p uchun kurashlarda u doim yutib chiqqan. Ammo insayderlar tomonidan uning pas berish mahorati va o‘yin tezligi past baholanishi ham bor gap. Umuman olib aytganda, irlandiyalik futbolchi «Yunayted»ni 1998-2003 yillar oralig‘ida, ya’ni 5 mavsumda 4 ta sovringa sazovor qilgan va ko‘p yillar davomida Fergyussonning maydondagi leytenati bo‘lib xizmat qilgan.
Markaziy yarim himoya: Pol Skoulz.
Yarim himoya maestrosi haqida ko‘p gap ortiqchalik qiladi. U shunchaki, Premer-liga davridagi eng yaxshi markaziy yarim himoyachi. Ko‘plab mutaxassislar aynan Skoulzni APL tarixidagi eng kuchli pleymeyker, deya tan olgan. Pol haqida taassurotga ega bo‘lish uchun uning faoliyatidagi sovrinlarga qarashning o‘zi kifoya. Skoulz 11 karra Premer-liga chempioni, 2 karra Chempionlar Ligasi g‘olibi va Fergyussonning eng yaxshi shogirdlaridan biri bo‘lib qoladi.
Chap qanot vingeri: Rayan Giggz.
Uelslik hujumkor yarim himoyachi raqib himoyachilarini dahshatli tezligi va ajoyib zarbalari bilan doim qo‘rquvga solib kelgan. U o‘z vaqtida raqiblarining rosmanasiga qo‘rqinchli tushi bo‘lgan. Giggzning driblingi, o‘yinni nazorat qilishi, foydali ish koeffitsienti va ajoyib qobiliyati uni klubning eng zo‘rlaridan biriga aylantirdi. Yaqinda angliyalik mutaxassislar tomonidan Giggz «MYu» tarixidagi eng yaxshi o‘yinchi, deb ham topilganini inobatga olsak, u ramziy jamoadan joy olishga 100 foiz haqli. Giggz 2014 yilda faoliyatini yakunlagan. Bungacha u 22 ta ajoyib mavsumni o‘tkazib, 13 ta chempionlikka erishgan. Premer-liga uchun shunchaki - dahshatli natija!
Forvard: Ueyn Runi.
Angliyalik futbolchi klub safida 253 ta gol kiritib, MYu tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan. Runi klubda 13 mavsumda 5 ta chempionlikka erishdi va Premer-ligada 183 ta gol urdi. Futbolchi «MYu»ga 18 yoshida «Everton» klubidan kelgan va 13 mavsum davomida ajoyib harakat qilib, klubning afsonaviy hujumchisiga aylangan. Shuningdek, Runi o‘z paytida sardorlik bog‘ichini ham munosib himoya qila olganligi bilan ham e’tirofga loyiqdir.
Forvard: Erik Kantona.
Klubda undan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan va ko‘proq gol urgan boshqa ajoyib futbolchilar ham bor. Ammo ular Kantonadek ramziy ma’noga ega emas. U Premer-liganing dastlabki yillarida MYu safida 5 mavsum o‘tkazgan va jamoaning 4 ta chempionlik tituliga erishishida muhim figura bo‘lib xizmat qilgan. Unda raqiblarni qo‘rqitadigan va jamoadoshlarini ilhomlantiradigan o‘zgacha bir aura bor edi. Hujumchi shu sababli o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘ygan.
Bosh murabbiy: hech shubhasiz, ser Aleks Fergyusson.
Premer-liga davrida MYuda juda ko‘p murabbiy ishlamagan. Ularning soni sanoqli. Shotlandiyalik mutaxassis nafaqat mankuniyanlar tarixidagi, balki butun dunyo futboli tarixidagi eng yaxshi va sovrindor murabbiy ham hisoblanadi. U klubni 1986 yildan 2013 yilga qadar boshqargan va o‘z nomini tarixga o‘chmas harflar bilan muhrlab qo‘ygan. Uning klubda shaxsiy xonasi ham mavjud bo‘lib, maydonga tashrif buyurishi bilan darhol hamma unga cheksiz hurmatini bildiradi. Murabbiy MYu bilan barcha musobaqalarda umumiy hisobda 1500 dan ortiq o‘yin o‘tqazib, 890 dan ortiq g‘alabaga erishgan. Sovrinlar soni esa - 38ta!
Zaxira o‘rindig‘i:
David de Xea;
Devid Bekxem;
Maykl Kerrik;
Endi Koul;
Rud van Nistelroy.
Ramziy jamoa shundan iborat edi. Har bir «MYu» muxlisi uchun bu tarkib, albatta, eng dahshatli va sevimli tarkib bo‘lib qolishi shubhasiz. E’tiboringiz uchun rahmat!
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar