
Manchesterliklarning asosiy rejasi amalga oshmay qoldi
O‘tgan mavsumni barbod qilgan “Manchester Yunayted” yozgi transferlar davrida tarkibini jiddiy tarzda kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Biroq bosh murabbiy Ruben Amorim kutgan transfer amalga oshgani yo‘q. Manchesterliklar anchadan beri ko‘p gol ura oladigan hujumchi qidiryapti. Jamoa safidagi Rasmus Xyoylunn va Joshua Zirkzee kabi forvardlar Angliya Premer-ligasiga moslasha olmadi va to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilayotgani yo‘q.
Ruben Amorim bu bo‘shliqni Liam Delap, Viktor Dyokeresh va Ugo Ekitike transfer orqali to‘ldirishni ko‘zlagandi. Ammo uch nafar to‘purarning birortasini ham olish imkoni topilmadi. Klub rahbariyati murabbiylar shtabiga ular kutayotgan yangi to‘purarni tez orada qo‘lga kiritilishini kafolatlamayapti.
“Manchester Yunayted” murabbiyi bu vaziyatdan taktik sxemani o‘zgartirish orqali chiqmoqchi. Amorim boshlanayotgan mavsumda 3-4-3 sxemasini qo‘llaydi. Bu holatda markaziy hujumchi vazifasini jamoaga yangi qo‘shilgan Brayan Mbemo bajarishiga to‘g‘ri keladi. Aslida bu futbolchi qanot hujumchisi hisoblanadi. Shuningdek, hujum uchligida jamoa yangi kelgan Mateus Kunyaga ham joy beriladi.
Fikrlar