"Maqsadimiz qashqadaryolik futbol o‘ynay olmay qolgan o‘yinchilarni reklama qilish" - Kubokda sensatsiya ko‘rsatgan "Lochin" ustozi yana nimalarni aytdi?

  • 1 may, 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichidagi sentsasion natija Qarshida kuzatildi. Birinchi liga jamoasi hisoblangan “Lochin” o‘z uyida O‘zbekiston Kubogining amaldagi g‘olibi – “Andijon”ni qabul qilib 2:1 hisobida g‘alab qozongan holda barchani ajablantira oldi. “Andijon” esa musobaqani tark etdi. “Lochin” bosh murabbiyi Sardor To‘xtaev bir qator savollarga javob qaytardi.

- “Andijon” bizni ikka karra kuchli tayyorgarlik qilishga undaydigan jamoa. Chunki o‘tgan yilgi O‘zbekiston Kubogi sohibi. Har doim chempionlarga o‘ynash og‘ir bo‘ladi. Yigitlarga rahmat aytaman. Yaxshi o‘yin bo‘ldi, teng kurashlar ostida kechdi. Futbolchilarimiz maydonga chiqib bor kuchini sarflashsa, raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar natijaga erishish mumkinligini isbotlashdi. “Andijon” yaxshi jamoa. O‘yin borasida ham kamchiliklarimizni ko‘rsatishga yordam berdi. Ikkinchi taymda kamchiliklarimizni bartaraf qildik. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni o‘zgartirishdi. Jamoam g‘alabaga loyiq o‘ynadi. 

- "Lochin" jamoasini O‘zbekiston Kubogi va birinchi ligadagi maqsadi qanday?

- Rahbariyat tomonidan jamoaga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Rektorimiz – Dilmurod Hamidullaevich Nabiev tomonidan maqsad yuqori qo‘yilgan. Kubokda ham vazifamiz uzoqqa borish. Avvalo, guruhdan chiqish. Birinchi ligada asosiy maqsadimiz pro ligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Chempionlikni maqsad qilganmiz. Oldimizga katta maqsad qo‘yganmiz. Rahbariyatga va Qashqadaryo xalqiga katta rahmat.

- Dastlab gol urdinglar, keyin raqib hisobni tenglashtirdi. Superliganing nomdor jamoasiga oxirgi daqiqada ikkinchi golni urishga qanday kuch topa oldinglar?

- O‘yindan oldin ham futbolchilar bilan birga faqat shu o‘yin haqida bosh qotirayotgandik. “Andijon” kuchli jamoa. Futbolda kam qolgan daqiqalar, soniyalar hal qilib ketadi. Yigitlarga muvozanatni yo‘qotmaslikni va futbol o‘ynaydigan har bir jamoada vaziyat bo‘lishini uqtirdim. Vaziyatdan foydalanish asosiy maqsadimiz edi. Ikkinchi bo‘limda ikkita vaziyat va gollar urdik. Hisobga oldinga chiqqanimizdan keyin baribir yigitlarda charchoq sezildi va bosim ostida penaltidan gol kiritdi. Hamma jamoada bo‘ladigan narsa. Yutqazayotgan jamoa bor kuchi bilan oldinga tashlanadi. O‘sha vaziyatda biroz muvozanatni yo‘qotganimiz evaziga gol o‘tkazdik. Ikkinchi gol esa zaxiradan tushganlarning ijodi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan maydonga tushganlarning oldiga o‘yinni o‘zgartirish vazifasi qo‘yilgandi va buni uddalashdi.

- Penalti belgilangan vaziyat borasida fikringiz qanaqa?

- Penalti bo‘lgan holat mendan ancha uzoqda edi. Bu hakamlarning ishi. Ularning ishiga aralashmagan ma’qul, hakamlar o‘z ishini qilishyapti. Futbolga ozmi-ko‘pmi shaffoflik kirib kelyapti. Mana, birinchi liga jamoasi chempionni musobaqadan chiqarib yuborishi hazilakam narsa emas. Bu O‘zbekiston fuboli o‘sayotganidan dalolat beradi. Angliyada ham ko‘rsangiz quyi ligadagi jamoa “Manchester Yunayted” yoki “Chelsi”ni musobaqadan chiqarib yuboradi. Shunday holat asta-sekin o‘zbek futboliga ham kirib kelyapti.

- O‘zbekiston Kubogida oldinda “Surxon”ga qarshi uchrshuv bor. Agar “Surxon”ni yutgan taqdirda vaziyat qanday tus oladi, deb o‘ylaysiz?

- “Surxon”ni ham o‘rganib boryapmiz. “Dinamo” bilan bahsda ham vaziyatlardan foydalana olmaganimiz va penaltidan gol ura olmaganimiz evaziga yutqazdik. Biz tarkibimizga Superliga saviyasi bilan teng bo‘lgan o‘yinchilarni yig‘ganmiz. “Surxon” bilan faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Yigitlarni shu narsaga tayyorlaymiz. Yutadigan bo‘lsak, keyingi bosqichga yo‘l olamiz.

- Jamoadagi ko‘plab futbolchilar ozmi-ko‘pmi katta futbolni ko‘rgan. Shu jamoani yig‘ishda nimaga e’tibor berdinglar?

- Hazil tariqasida aytadigan bo‘lsak, Qashqadaryoni erta so‘ngga yulduzlari. Aksariyati xarakterga ega futbolchilar. Shuning uchun o‘ynab keta olmaganlar. Ularni futbolga qaytaramiz. Katta futbolga qaytish yo‘lida biz bilan bir maqsad yo‘lida birlashishgan. Futbol o‘ynay olishimizni isbotlaymiz, degan maqsad ostida yig‘ilganmiz. Bu jamoa bilan ishlash ozroq qiyin. Chunki 25 nafar o‘yinchi va 25 ta xarakterga ega futbolchilar. Shuning evaziga ular bilan kuniga 24 soat davomida yordamchim Sanjar To‘raqulov bilan birga ishlayapmiz. Bu o‘z natijasini beryapti, deb o‘ylayman.

- Futbolda baribir moliyaviy imkoniyat o‘z so‘zini aytadi. Yigitlar shijoat bilan o‘ynashdi va vazifani bajarishdi. Klubda moliyaviy imkoniyat qanday?

- Bizdagi moliyaviy imkoniyat deyarli Superliga jamoalariniki bilan teng. Bu tomonlama hech qanaqa muammo yo‘q. Oyligimiz, mukofot pullarimiz vaqtida to‘lab berilyapti. Hech kim Qashqadaryodan Samarqandga bir kun oldin borib joylashmagan. Biz “Dinamo” bilan uchrashuvga bir kun oldin bordik. Moliyaviy tomondan katta erkinlik beradi va bu borada qiyinchilikka duch kelganimiz yo‘q.

- Moliyaviy qiyinchilik yo‘q deyapsiz. Uni miqdorichi?

- Hamma jamoani o‘zini darajasi bo‘ladi. Darajasiga mos ravishda oyliklar belgilangan.

- O‘yinlarni sifatliroq maydonda o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bo‘lganmi?

- O‘yinlarni sifatliroq maydonda o‘tkazish taklifi berilgan. Qarshidagi “Geolog” stadioni va Muborakdagi maydon bor. Biz “Beshkent”dagi o‘z maydonimizda o‘ynashni xohladik. Rahbariyat talabimizni qondirib berdi. Chunki bu jamoamiz uchun begona bo‘lmagan maydon. Aksariyat yigitlar o‘tgan yili “Nasaf Farm”ni pro ligaga olib chiqishgan. Bu maydon ular uchun begona emas, shu erda chempion bo‘lishgan.

- Yozgi transferda jamoangiz o‘yinchilariga boshqa klublardan qiziqishlar bo‘lsa, bunga qanday qaraysiz?

- Munosabatimiz, etakchilarimizga bizdan baland bo‘lgan, pro liga va Superliga klublaridan takliflar tushsa, ijobiy qaraymiz. Maqsadimiz, qashqadaryolik futbol o‘ynashi mumkin bo‘lgan o‘ynay olmay qolgan o‘yinchilarni reklama qilish. Butun O‘zbekiston futboliga taqdim qilish maqsadida shu yigitlarni yig‘ganmiz. Qaysidir futbolchimizga pro liga yoki Superligadan taklif bo‘lsa, bemalol qo‘yib yuboramiz. Ularning o‘rniga yoshlarimiz o‘sib kelyapti. Zaxiradan maydonga tushganlar bemalol o‘rnini to‘ldirishiga ko‘zim etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!