Marat Bikmaev: "Paxtakor" menga yangi shartnoma bersa qolaman, aks holda...

  • 9 oktabr, 2019, 21:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Bizning bugungi maqolamiz to‘laligicha «Paxtakor» hujumchisi Marat Bikmaevga bag‘ishlanadi. Tajribali futbolchi bilan muloqotga kirishish uchun sabablar etarli edi. Masalan, u faoliyati davomida ketma-ket to‘rtinchi marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldi, o‘tgan yili to‘purar bo‘lgan bo‘lsa, bu yil jamoadoshi undan «uloq»ni ilib ketdi yoki bo‘lmasa milliy terma jamoaga muntazam chaqirilgan bo‘lsa, endilikda chetda qolib ketmoqda. Lekin har qanday holatda ham Bikmaev raqiblar uchun xavfli hujumchi bo‘lib qolaveradi. Negaki, uning qachon va qanday xavf tug‘dirishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Albatta, uning o‘ziga yarasha ustun tomonlari ham bor. Lekin tan olish kerakki, oxirgi paytlarda «Paxtakor»dagi boshqa hujumchilarning samaradorligi evaziga Marat ularning «soyasi»da qolib ketayotgandek. Shularning barchasini inobatga olgan holda u bilan bir qator masalalarda o‘zaro fikr almashdik.

Tecno

Darhaqiqat, Marat Bikmaev faoliyatida ketma-ket to‘rtinchi marta O‘zbekiston chempioniga aylandi. Bungacha u «Lokomotiv» bilan birgalikda uch yil ushbu unvonga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, bu yil «Paxtakor» safida ham O‘zbekiston chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Uning o‘zi ham «Sherlar» safiga qo‘shilgan chog‘ida chempion bo‘lish maqsadida kelganligini aytib o‘tgandi. Ko‘rib turganingizdek, u gapining ustidan chiqdi.

- Har qanday futbolchi ikkinchimi yoki to‘rtinchimi, farqi yo‘q, ketma-ket chempionlikka erishsa juda xursand bo‘ladi. To‘g‘risi, bunday muvaffaqiyat har kimga ham nasib qilavermaydi. Tabiiyki, men ketma-ket to‘rtinchi marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganimdan baxtiyorman. Yana nima deyishim mumkin? Bir so‘z bilan aytganda, mening xursandchiligim cheksiz. Xudo xohlasa, yaxshi niyat qilyapman va ketma-ket beshinchi chempionlikka ham erishaman deb umid qilaman, - deydi Bikmaev.

bikmaev4

Tan olish kerakki, bu yilgi mavsumda «Paxtakor» haddan ortiq kuchaydi. Buni qayd etayotgan o‘yinlari hamda natijalaridan bilish mumkin. Raqiblari darvozasiga xohlagancha gol urayotgani ham ularning qanchalik kuchli ekanligini ko‘rsatib turibdi va boshqa raqiblarning kuchi etmayotgani ham ko‘rinib turibdi. Qiziq, bu chempionatimiz saviyasi kuchsizlangani bilan bog‘liqmi yoki boshqa sababmi? Bu masalada Bikmaev shunday dedi:

- Chempionatimizning saviyasi tushib ketgani yo‘q, aksincha kuchaygan deb hisoblayman. Mavsum oldidan jamoamiz oldiga aniq maqsadlar qo‘yilgan. Shunga yarasha yaxshi saviyadagi futbolchilarni olishdi. Axir biz oldimizga qo‘yilgan maqsadni bajarishimiz kerak edi. Axir nega biz chempion bo‘la olmasligimiz kerak? Bu vazifani sharaf bilan bajarishimiz uchun ham tarkib kuchaytirildi. Shunga yarasha qattiq harakat qildik. Natijada mavsumni yaxshi boshladik va buni barqaror ravishda davom ettirib kelmoqdamiz. Albatta, birin-ketin g‘alabalar qozonishda davom etaversangiz, o‘zingizga bo‘lgan ishonch ham ortib boraveradi. Natijada biz muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdik. Lekin, bilasizmi, chempion bo‘lganimizdan so‘ng yanada ruhlanib ketdik.

Yodingizda bo‘lsa, Bikmaev o‘tgan yilgi mavsumda «Lokomotiv» tarkibida mamlakat chempioni bo‘lishdan tashqari, eng yaxshi to‘purar ham bo‘lgandi. Natijada u «Paxtakor»ga to‘purar chempion sifatida qo‘shilgandi. Lekin hujumchining «Paxtakor»dagi ko‘rsatkichlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u chempionatda hozirgacha 8 ta gol  urdi. Tan olish kerakki, u erda hujum chizig‘ida raqobat kuchli. Dragan Cheran 22 ta gol bilan yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi va katta ehtimol bilan unga hech kim eta olmasa ham kerak. Igor Sergeevning hisobida esa 11 ta gol bor. Xullas, ko‘rinib turibdiki, Bikmaevnnig o‘tgan yilga nisbatan kiritgan gollari kam bo‘ldi. Buning sababini esa u quyidagicha izohladi:

- To‘g‘ri aytyapsiz, «Paxtakor»da raqobat kuchli. Aytishadi-ku, raqobat bor joyda o‘sish ham bo‘ladi. Shuni ham aytmoqchimanki, kerak bo‘lsa qanot yarim himoyasida ham to‘p surdim. Ayniqsa, Doston Hamdamov jarohat olgan paytlarda uning joyida o‘ynab turdim. Ba’zi-ba’zida esa hujumda ham o‘ynab turardim. Umuman olganda, bu yil negadir sermahsullik o‘xshamadi. To‘g‘risi, nimagadir gollarimni qiyinchilik bilan uryapman. Mayli, bunga ortiqcha e’tibor qaratmaslik kerak, muhimi, bizda raqobat bor, o‘yinimiz bor va gollar uryapmiz. Ayniqsa, kim gol urishining farqi yo‘q, «Paxtakor» yutyaptimi, eng muhimi shu.

Aslida Bikmaev «Paxtakor»ga asosiy futbolchilardan biri sifatida taklif etilgandi. Lekin oxirgi paytlarga kelib u zaxirada qolib ketmoqda. Har xolda u maydonga asosan zaxiradan tushayotganini ko‘ryapmiz. Tabiiyki, Cheran bilan Sergeevning sermahsul o‘yinlarini ham unutmaslik kerak. Marat esa shunday fikr bildirdi:

- Haqiqatan ham men zaxira o‘yinchisi bo‘lib qoldim. Kimning sport formasi yaxshi bo‘lsa, o‘sha maydonda o‘ynashi kerak. Men bunga roziman va doim o‘zim ham shu haqida aytib kelaman. Mana, hozirda Sergeev har uchrashuvda maydonga tushyapti va gollar uryapti. Har qanday murabbiy esa shubhasiz gol urayotgan futbolchini maydonga tushiraveradi. Nima qilamiz, hayot shunday. Endi imkoniyatim kelishini kutib turaman.

bikmaev

«Paxtakor»da sharoitlar, infratuzilma, saviya, muhit, umuman hammasi a’lo darajada va bu borada ular boshqalardan mutlaqo ajralib turibdi. Bikmaev o‘zi istagan klub aynan shunday bo‘lishi kerakmi? Bunga maqolamiz qahramonidan javob eshitamiz.

- To‘ppa-to‘g‘ri aytyapsiz, bu erdagi sharoit eng yuqori darajada. Qolgan klublarni xafa qilmoqchi emasman-u, baribir O‘zbekistondagi birinchi raqamli jamoa bu – «Paxtakor». Shuningdek, «Lokomotiv», AGMK kabi jamoalarni ham uning qatoriga qo‘shish mumkin.

Marat ilk bor Shota Arveladze bilan birga ishlayapti. O‘z navbatida Bikmaev ham ko‘plab mutaxassislar bilan birga ishlagan. U boshqalarda ko‘rmagan narsani Arveladzeda ko‘rdimi? Umuman olganda, futbolchi bosh murabbiyga shunday ta’rif berdi:

- Murabbiy haqida nima deyishim mumkin? Albatta, uning mashg‘ulotlari evropacha uslubda olib boriladi. Ya’ni, «Ayaks» jamoasi qanday shug‘ullansa, biz ham shunday ishlaymiz. Yana, qanaqa yangilik haqida aytishim mumkin? Aytarli hech gap yo‘q. Albatta, u ham bizga o‘xshagan inson. Albatta, uning qo‘llayotgan uslublari balki o‘zbek futboli uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Bizda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bor. Oldin qanday ishlardik? Maydonga chiqib, birdaniga «qizib» olish uchun kvadrat o‘ynardik. Bizda Laslo degan murabbiy bor, u avvalo alohida shug‘ullantiradi. Keyin maydonga chiqamiz.

Joriy yilgi mavsum ham asta-sekin yakuniga etib boryapti. Qiziq, Bikmaev bundan keyin ham «Paxtakor»dagi faoliyatini yana davom ettiradimi yoki chempionat tugagach, uning rejalari o‘zgarib ketadimi? Undan shu mavzu haqida so‘raganimizda shunday javob qaytardi:

- To‘g‘risini aytsam, hozir biror nima deyishim qiyin. Mening klub bilan tuzgan shartnomam shu yilning oxirida tugaydi. Agar menga yangi shartnoma taklif qilishsa, albatta «Paxtakor»da qolaman. Mabodo, shartnoma berishmasa, u holda klubdan ketaman. «Paxtakor» men uchun qadrli klub. Chunki faoliyatimni aynan shu erda boshlaganman. Albatta, keyingi yilga ham «Paxtakor»da qolsam yaxshi bo‘lardi.

bikmaev2

Shuningdek, bunga qadar ham uni milliy terma jamoamizning etakchilaridan biri sifatida ko‘rardik. Lekin oxirgi paytlarda Bikmaevni termaga chaqirmay ham qo‘yishdi va bu jarayon davom etmoqda. Hujumchi esa ushbu masalaga ham e’tibor qaratdi.

- Terma jamoaga nima uchun chaqirishmayotganining sababini bilmayman. Agar «Paxtakor»da barqaror o‘ynab, gollar urib turganimda o‘ylaymanki, meni ham terma jamoaga chaqirishardi. Lekin klubda sermahsullikni ko‘rsata olmay qoldim. Balki zaxirada qolib ketayotganim uchun meni terma jamoaga jalb etishmayotgandir. Yoki bo‘lmasa yoshim kattaligi uchun chaqirishmayotgandir. Tezroq shu mavsum tugasa, yangi chempionatga astoydil tayyorgarlik ko‘rish kerak deb o‘ylayman.

Lekin kezi kelganda shuni ham aytish joizki, o‘z vaqtida Marat Bikmaev o‘zining o‘yinlari va gollari bilan terma jamoamizga ham ko‘p asqotgan. Qolaversa, har doim u terma jamoamiz uchun qayg‘urib kelgan. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, bosh murabbiyning o‘zgarganiga ham «Paxtakor» hujumchisi befarq emasdi. Shu tariqa, Bikmaev Abramovning tayinlanuvi to‘g‘ri bo‘lganligini ta’kidladi.

- O‘zgarish to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, Ektor Kuper asosan himoyaviy o‘yinni yoqtirardi. Mening fikrim esa shunday: o‘zbekistonlik futbolchilar hech qachon himoyaviy o‘yin o‘ynashmagan. Masalan, men chapaqay futbolchi bo‘lsam, bitta murabbiy kelib, sen o‘ng oyoqda tepasan desa, qachon buni o‘rgana olaman? Shuning uchun Vadim Abramovning kelgani juda yaxshi bo‘ldi. Chunki u albatta hujumkor futbolni yoqtiradi va jamoasi ham shunday o‘ynaydi.

Yaqinda milliy terma jamoamizning etakchilaridan biri Anzur Ismoilov rasman termadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Odil Ahmedov ham tugatmoqchi bo‘lganida, uni bu fikridan qaytarishgan ekan. Qiziq, Bikmaev ham terma jamoadagi faoliyatini yakunlash haqida o‘ylamayaptimikin? Bunga o‘zidan javob eshitamiz.

- Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Lekin o‘zimga qolsa, yana terma jamoada o‘ynamoqchiman. Albatta, menda ham termadagi faoliyatimni tugatsammikin degan xayollar bo‘lgan. Lekin hozirdan biror nima ayta olmayman. Hozir aytganimdek, hammasiga vaqt oliy hakam. Oldindan hech nima ayta olmayman. Lekin men terma jamoaga intilyapman. Ayniqsa, meni ham chaqirishsin deb harakat qilyapman.

Terma jamoamizga Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlangach, Bikmaev o‘zini ushbu mutaxassis qo‘l ostida qanday ko‘ryapti? Quyida o‘z fikri bila o‘rtoqlashdi.

- Abramovga ham vaqt kerak. O‘ylashimcha, qisqa vaqt davomida Vadim Karlenovich yigitlarga to‘g‘ri yo‘nalish va ko‘rsatma berib, bir maqsad sari ruhlantira oladi. Asosiysi, oldimizda turgan ikkita o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkazib olishimiz kerak. Men ham Abramovga va futbolchilarga ishonaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
09/10/2019 22:23
Марат келаси мавсум пахтакор сени металлурка бериворади аниқ бошқа жамо сани омийди
&
Фан
10/10/2019 01:33
Буни Маратни узидан бошка хамма билса керак.
Койил лекин сиз хам билибсиз.
&
JASUR3838
10/10/2019 14:37
Sharoyit engira tuzilma jihatdan pax. olmaliq zur debsiz boshqa kulublarda ham sharoit chakki emas Masalan Nasaf ofk kubigini ogan jamoa. Paxtakorda Qanchadan qancha futbolchi bor yug'i chempionatda 1 urin.
&
Фан
10/10/2019 01:27
Куппер бекор кетди, Абрамовдан кура уни узи минг бора яхши ва ишончли эди, катта хатолик булди))) - деган жавобни кутганмидингиз.
Шу савол берилмаган футолчи колмади шекилли, табиийки жавоблар хам бир хил "шаблон" жавоблар.
&
Абдуллах
09/10/2019 23:04
Марат у́тган и́или ту́пурар бу́маган Тиаго Безерра бу́ган
Ундан олдингисида эди