
Marko Materatstsi: Shomurodovning o‘yinini avval ham ko‘rganman va u zo‘r futbolchi bo‘lishga qodir!
Italiya terma jamoasi va “Inter” himoyachisi Marko Materatstsi Moskva shahri mezbonlik qiladigan Afsonalar kubogi turniri doirasida Italiya futboli va Eldor Shomurodov haqida jurnalistlar savollariga javob berdi.
Marko Materatstsi 2006 yilgi jahon chempionati finalida Frantsiya terma jamoasi etakchisi Zinedin Zidanning asabini buzib, uni quyushqondan chiqargan va maydondan chetlatilishiga sababchi bo‘lgani bilan mashhur. O‘shanda Italiya terma jamoasi Zidansiz qolgan frantsiyaliklardan jahon chempioni unvonini tortib olgan edi.
Marko Materatstsi “Inter” jamoasi tarkibida besh karra Italiya chempioni, to‘rt karradan mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi, Evropa Chempionlar ligasi bosh sovrini egasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.
- O‘tgan yili yozda Ralf Rangnik “Milan”ga o‘tishi haqida ko‘p gapirildi. Hozir esa mashhur murabbiy Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan hamkorlik qilyapti. Bundan hayron bo‘ldingizmi?
- Yo‘q, lekin men nega hayratga tushishim kerak?
- “Lokomotiv” va “Milan” boshqa-boshqa darajadagi klublar emasmi?
- Balki shundaydir. Ralfga muayyan kafolatlar kerak. Aslida sen qaysi ligada ishlayotganing muhim emas. Lekin sen boshlagan loyihang rivojlanishi va seni qo‘llab-quvvatlashlariga amin bo‘lsang, hamma narsaga erishish mumkin.
- Do‘stingiz Joze Mourino “Roma”da ishlayapti. Uning kelishi bilan nimadir o‘zgarganini ko‘rdingizmi?
- Birinchi navbatda, Mourino yashash tarzini o‘zgartirdi. Chunki Rimdagi hayot Milan yoki Madriddan farq qiladi. Rimda odamlar haftada etti kun va bir sutkada 24 soat jamoa bilan birga yashaydi. Hozir ularda yaxshi jamoa shakllangan. Albatta, Italiyadagi eng zo‘ri emas, lekin Mourinoda mo‘’jiza ko‘rsatish imkoniyati bor. Chunki “Roma” bilan bitta sovrinni qo‘lga kiritish, Milan yoki Turin klublari bilan 20 ta sovringa ega chiqish bilan barobar.
- “Roma”ga qo‘shilgan Eldor Shomurodovning salohiyatini qanday baholasiz?
- Uning o‘yinlarini avval ham ko‘rganman. Menimcha, u juda yaxshi futbolchiga aylana oladi. Hozir eng muhimi, u jamoani his qilishi va Temmi Abraxam bilan birga o‘ynay olishi kerak. Eshitishimcha, yakshanba kuni Mourino “Sassuolo”ga qarshi uchrashuvda bu ikkisini hujumda o‘ynatishi mumkin ekan. Hozir ular bir birini almashtiryapti. Men buyuk futbolchilar birga o‘ynashi kerakligiga aminman.
- Mourino bilan “Roma” va Shomurodov top-darajaga ko‘tarila oladimi?
- Ishoning, Joze har doim zo‘r futbolchilarni tanlaydi. Endi ular birgalikda chempionlik uchun harakatni boshlashi kerak.
Mourino Shomurodovga bir so‘z bilan ta’rif berdi!
Oston O‘runov ishonchni yo‘qotdimi?
Shomurodov vorislari. Markaziy Osiyodan kimlar Evropada o‘ynashga qodir?
Shomurodov yo‘qolgan qizchaning topilishiga sababchi bo‘ldi!
Abraxamning kelishi “Roma”da kutilmagan muammo chiqardi! Buni Shomurodovga ta’siri bormi?
Fikrlar