
Marko Stanoevich "Paxtakor"ga o‘tishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi
SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. Bu safargi mehmonimiz - Qarshining "Nasaf" jamoasi yarim himoyachisi Marko Stanoevich. Serbiyalik futbolchi suhbat davomida faoliyati, "Paxtakor"dan taklif va boshqa ko‘plab mavzulardagi savollarga javob berdi.
Ortda qolgan mavsum haqida fikrlaringiz qanday?
- Yaxshi mavsumni o‘tkazdik. Qiziqarli bahslarga boy bo‘lganiga qaramay, AFK kubogi finalida mag‘lubiyatga uchradik. Mana shu dilni xira qildi. Bundan tashqari, ichki birinchilikda ham o‘zimiz haqli bo‘lgan o‘rinda chempionatni yakunlay olmadik. Yaxshiyam-ki, O‘zbekiston kubogi finalida o‘zimizga keldik. Menimcha, final o‘yinida ishtirok eta olmaganim ham "Nasaf"ga qo‘l kelgandek (kuladi) tuyuldi.
So‘nggi paytlarda siz bilan "Paxtakor" jamoasi qiziqish bildirayotgani haqidagi mish-mishlar ko‘payib ketdi?!
- To‘g‘risi, futbolchini qaysidir boshqa klubga o‘tishi borasidagi mish-mishlarning bo‘lishi tabiiy. Shunga qaramay, "Paxtakor" klubi men bilan aloqaga chiqqani yo‘q. Hech kim qo‘ng‘iroq ham qilmadi. Eng yaqin do‘stim - Dragan Cheran poytaxt klubida to‘p surishidan xabaringiz bor. Ochig‘i, menda ham unda ham birga to‘p surish istagi mavjud. Balki, bu qachondir nasib qilar.
Qarshida yana qancha qolmoqchisiz? Rejalar qanday?
- "Nasaf" bilan shartnomam yil oxirida yakuniga etadi. Shunga qaramay, hech qaerga ketmoqchi emasman. Menda va klubda hamkorlikni davom ettirish istagi mavjud. Eng muhimi, ikki tomon ham bir-biriga kerak ekanligini his etmoqda. Kelishuv amalga oshsa, Qarshida qolishdan manfaatdorman. Sababi, bu klubdagi barcha sharoitlar meni qanoatlantirmoqda.
"Ajdarlar" FIFA tomonidan transfer taqiqiga uchragani haqidagi xabar tarqatilgach, klub muxlislari xavotirga tushib qoldi. Bu vaziyatga munosabatingiz qanday?
- "Nasaf" yaxshi shakllangan jamoa. Bu kecha yoki bugun tuzilgan klub emas. O‘z maqsadlari, o‘z rejalari asosida harakat qiladigan yaxlit mexanizm. Shu bois, bu vaziyatdan ortiqcha talofatsiz chiqib ketishimizga ishonchim komil. Xavotir olishga hojat yo‘q. Asosiysi, bizning aksariyat futbolchilarimiz bilan o‘rtadagi shartnoma uzaytirilgan. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Agar O‘zbekiston terma jamoasidan taklif kelib tushsa, qabul qilarmidingiz?
- Albatta! Bu men uchun ulkan sharaf! Agar bunday imkoniyat taqdim etilsa, undan unumli foydalangan bo‘lar edim. Sababi, terma jamoa libosida to‘p surish har qanday futbolchi uchun bolaligidagi orzularidan biri sanaladi. Agar imkon berilsa, o‘zbek futbol muxlislarini xursand qilish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilgan bo‘lar edim.
Nima deb o‘ylaysiz, kelasi mavsumda "Nasaf"da chempionlik uchun imkoniyat qanday?
- Hozirgi "Nasaf" yoshartirilgan, ammo jamoaviy o‘yinda yaxshi harakat qiladi. Mana 2 yildan beri yigitlar bilan elkama-elka o‘ynayapmiz. Jamoa a’zolari allaqachon maydonda bir-birini ko‘rmay pas tashlay oladigan darajaga ko‘tarildi. Asosiy futbolchilar ketmasa, bu yigitlar bilan bemalol chempionlik uchun kurashib ko‘rsak bo‘ladi. Muhimi, buning uchun bizda imkoniyat bor. Undan foydalanishga urinib ko‘ramiz.
Umumiy qilib aytganda, O‘zbekistonda futbol rivojlanyapti deb ayta olasizmi?
- Albatta! Har mavsum yangidan-yangi yosh va iqtidorli futbolchilar etishib chiqmoqda. Ko‘p o‘tmay, ular O‘zbekiston futbolini yangi darajaga olib chiqadi deb umid qilaman. O‘ylashimcha, hozir yurtingizda futbol rivojlanmoqda. Agar shu temp bilan davom etilsa, yaqin yillar ichida katta g‘alabalar ham keladi.
Ya . U
Fikrlar