Marokash to‘purari Fransiyaga qarshi maydonga tushmaydi

  • 09.07.2026 11:48
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Marokash terma jamoasining jahon chempionatidagi eng samarali futbolchisi Ismoil Saybari Fransiyaga qarshi chorak final uchrashuvini maydon tashqarisida o‘tkazadi. Bu haqida jamoa bosh murabbiyi Muhammad Uahbi ma’lum qildi. Kanadaga qarshi 1/8 final bahsida (3:0) Myunxenning “Bavariya” klubi futbolchisi uchrashuvni oxirigacha o‘ynay olmadi. U 22-daqiqada orqa son payi jarohati sabab maydonni tark etgan edi. Chorak final uchrashuvi juma kuni Bostonda bo‘lib o‘tadi. Unda Marokash terma jamoasi Fransiyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 9 iyul kuni soat 23:00 da boshlanishi belgilangan. Uahbining so‘zlariga ko‘ra, jamoada qolgan barcha futbolchilar sog‘lom va o‘yinga tayyor: "Saybaridan tashqari barcha futbolchilarimiz yuz foizga sog‘lom. U hali chorak finalgacha tayyor emas, lekin men uchun eng muhimi — bu uning uchun turnirning oxiri bo‘lib qolmasligi. U yana maydonga qaytishiga umid qilaman", — deya Uahbining matbuot anjumanida aytgan so‘zlarini Al Jazeera keltiradi. Ismoil Saybari jahon chempionatida Marokash terma jamoasining asosiy to‘purariga aylandi. U guruh bosqichidagi har uch uchrashuvda ham gol urdi, 1/32 finalda esa Niderlandiyaga qarshi penaltilar seriyasida hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirib, jamoasiga g‘alaba keltirgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!