Mars Qo‘chqorov yoki Marat Qurbonov qay biri kuchli murabbiy? Elshod Rasulov javob berdi

  • 8 noyabr, 2020, 14:02
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
BEPUL PROPAN

Boks bo‘yicha 29 bora tashkil etilgan O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga etdi. Mazkur turnirda o‘zbek havaskor boks olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sobiq bokschimiz Elshod Rasulovning ham bir qator shogirdlari ishtirok etdi. Ma’lumki, Elshod Rasulov hozirda ayollar terma jamoasining katta murabbiyi sifatida faoliyat olib bormoqda. Biz qulay fursatdan foydalanib, o‘z vaqtining yulduzi bo‘lgan qo‘qonlik charmqo‘lqop ustasi bilan suhbat qildik.

Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

-Assalomu alaykum. Siz bilan Sports.uz sayti uchun suhbat qurmoqchi edik?

- Va alaykum assalom. Bundan xursand bo‘lardim.

-Mana bir necha kundirki, navbatdagi mamlakat chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Tabiiyki, kuzatib borayapsiz... Aytingchi, bu chempionat sizda qanday taassurot qoldirmoqda?

-“Bu o‘ziga xos bayram”, - desam ham bo‘laveradi. Chunki, ma’lum muddat karantin bo‘lganligi tufayli musobaqalarimiz, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarimiz o‘tkazilmadi. Barcha shunday yuqori saviyadagi musobaqani juda ham sog‘ingan edi. Bir hafta davomida bo‘lib o‘tgan turnir yuqori va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Biz bu galgi mamlakat chempionatida tajribali va yoshi katta bokschilardan qolishmasdan uch raund davomida munosib qarshilik ko‘rsata olayotgan yosh iste’dodlarni ko‘rdik. Xursand bo‘lganim, O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan mazkur yosh charm qo‘lqop ustalari navbatdagi Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida, akalaridan kam bo‘lmagan natijalarni ko‘rsatishadi, deb o‘ylayman.

-Hozirgi kunda murabbiy sifatida faoliyat yurityapsiz. Aytingchi, sportchilik faoliyati qiyinroqmi yoki murabbiylik?

-Sportchilikning ham, murabbiylikning ham o‘ziga yarasha murakkab tomonlari bor. Lekin murabbiy bo‘lish ozgina qiyinroq. Sababi, ringga chiqayotgan shogirdingizning raqibini, uning o‘zini o‘rganasiz, undan nimadir o‘zlashtirasiz, kamchiliklarini to‘g‘rilashga harakat qilasiz... Hammasidan ko‘ra, javobgarlikni his qilib turasiz. Raqibini engishi uchun bor tajribangizni ishga solasiz. Bu, albatta, o‘ziga yarasha murakkab va mas’uliyatli vazifa.

-Endi esa sportchilik faoliyatingizga ham to‘xtalib o‘tsak, bolaligingizda dastlab, qilichbozlik bilan shug‘ullangan ekansiz, bilamizki, ushbu sport turida boksda bo‘lgani kabi oyoq harakatlari juda muhim. Aytingchi, bu keyinchalik ringda sizga foyda berganmi?

-Qilichbozlik bilan ikki yil havaskor tarzda shug‘ullanganman. Bu sport turidagi ishtirokim keyinchalik boksda juda katta yordam bergan. Chunki, haqiqatan ham qilichbozlarda oyoq harakatlari katta ahamiyatga ega. Raqibni sezish holatlari ham muhim. Bular yordamida ringda ko‘p yillar muvaffaqqiyatga erishdim.

Elish

-Bilamizki, Olimpiada sovrindori Abbos Atoev bilan vazn almashtirgansiz. Bu qanday omil bilan bog‘liq bo‘lgan yoki vazn borasida muammolar bor edimi?

-Biz doimo Abbos Atoev bilan vaznimizni almashtirib, ko‘plab xalqaro musobaqalarda ishtirok etganmiz. Ko‘p o‘zgarishlar bo‘lgan. Buning asosiy sababi, Abbosning vazni me’yordan kamligi, mening vaznimning esa ko‘pligi bo‘lgan. Shuning uchun ba’zida 81 va 75 kgda ikkimiz vazn o‘zgartirib jang qilganmiz. Ushbu jarayonda hech qanday raqiblik hissi yo‘q edi. Holatimizning yaxshiligiga va murabbiylarimizning maslahatlariga ko‘ra ringga ko‘tarilganmiz.

-Mars Qo‘chqorov va Marat Qurbonov turli yillarda boks bo‘yicha milliy terma jamoada bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Siz esa, ikkala murabbiy davrida ham faoliyat yuritgansiz. Qaysi davr siz uchun qiyinroq kechgan?

Tajribali murabbiy bilan shug‘ullansangiz, musobaqalarga qatnashsangiz, arenalarga ko‘tarilsangiz hech qachon qiynalmaysiz. Mana shunday holat, Marat Galievich bilan kuzatilgan. Bu inson o‘ta tajribali va butun umrini sportga, boksga bag‘ishlagan murabbiy. Men ustozim bilan milliy va xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida, umuman qiyinchiliksiz ishlaganman. Mars Galievichni yomon murabbiy, deb aytolmayman. Tajribali murabbiy. Qisqa ikki yil davomida o‘z mahoratiga tayanib, yigitlarni musobaqalarga tayyorlagan. Tayyorgarlik qanday bo‘lsa, natija xuddi shunday bo‘ladi. O‘sha yillari Osiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida bittayam oltin medal qo‘lga kiritolmadik. Buni muhokama qilmoqchi emasman. Boks muxlislarining o‘zlari yaxshi biladi. Ikkala murabbiyning erishgan natijalarini taqqoslaydigan bo‘lsak, Marat Qurbonov bugungi kunda o‘zbek boksining qit’a va jahon chempionati, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida birinchi raqamli ekanligini ko‘rsatdi. O‘z-o‘zidan anglatadiki, Marat Galievich jahonning eng yaxshi murabbiylaridan biri. Ustozimga keyingi faoliyatida ham muvaffaqqiyat va zafarlar, sog‘lik va salomatlik tilayman, umrlari uzoq bo‘lsin. Boksimiz ravnaqi yo‘lida hech tolmasdan mehnat qilishda davom etsinlar.

-Pekin, London va Rio Olimpiadalarida ishtirok etgansiz. Ushbu turnirlarda qatnashgan Vasiliy Lomachenko, Entoni Joshua hamda havaskor boksda siz bilan jang qilgan Artur Beterbiev hozir professional yo‘nalishning yulduzlaridir. Nima uchun, siz faoliyatingizni professional boksda davom ettirmadingiz?

-Professional boksda jaxonning eng yaxshi promouterlik kompaniyalaridan biri “Top Rank”dan 2008, 2010 va 2012 yillarda takliflar bo‘lgan. Men havaskor boksda 20 yil faoliyat olib bordim, minglab janglar o‘tkazdim, vatanimiz uchun oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritdim. Agar, professional boksga o‘tish niyatim bo‘lganida 2008 yildayoq o‘tgan bo‘lardim. Bu yo‘nalishga qiziqishim bo‘lmagan, deya olmayman. Biroq havaskor boksda ko‘proq natijalarga erishishni xohladim. Shuning uchun promoushenlar bilan shartnoma imzolashga unchalik e’tibor bermaganman.

-Jiddiy va biroz hazilomuz savol... 81 kg vaznda faoliyat olib borgan Elshod Rasulov, Bektemir Meliqo‘ziev va Dilshod Ro‘zmetovning qaysi biri kuchli?

-Bilasizmi, hamma o‘z davrini kuchli, deb aytadi. Men jang qilgan paytda bu vaznda o‘zimga yarasha natijalar qayd etganman. Raqiblarim ham o‘zimga mos edi. Bektemir Meliqo‘zievda ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Bugungi kunda Dilshod Ro‘zmetov qatnashyapti. U ham kamchiligi yo‘q sportchi, deb o‘ylayman. Litsenzion turnirda unga biroz omad etishmadi. Nasib qilsa, jahon chempionatida erishgan yutug‘ini Olimpiya o‘yinlarida ham takrorlaydi. Chunki bizdan avval ham, hozir ham 69, 75 va 81 kggacha bo‘lgan vaznlarda bokschilar medalsiz qolib ketmagan. Doimo natijaga erishgan.

-Vazn toifasidan qat’i nazar havaskor boksda siz bilan birga faoliyat yuritgan eng kuchli bokschi kim?

-Bu savolga aniqki, bitta bokschini aytishim qiyin. Birinchisi - Dilshod Mahmudov. U havaskor boksda texnikasi juda kuchli, tezkor va sezgir charm qo‘lqop ustasi bo‘lgan. Murodjon Ahmadaliev, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Fazliddin G‘oibnazarov bilan birgalikda musobaqalarda qatnashganmiz. Ularning barchasi nafaqat Osiyoda balki jahonda ham kuchli bokschilar hisoblanadi. Professional boksda ham ular ajoyib natijalar qayd etmoqda.

Elshod

-Bu savol avvalgisining mantiqiy davomi desak, ham bo‘ladi. Bu safar jahonning eng kuchli bokschisi borasidagi fikringizni bilmoqchi edik?

-Bilasizmi, har kimning o‘z kumiri bor. Kim uchundir Muhammad Ali yoki Mayk Tayson. Uzoqqa bormayman o‘zbekistonlik professional bokschi Artur Grigoryan mening kumirim bo‘lgan. Shu bokschiga havas qilganman. Oyoq va qo‘l harakatlarini ko‘rib, unga o‘xshashga harakat qilgandim.

-Mazmunli suhbat uchun rahmat. Murabbiylik faoliyatingizda omadlar yor bo‘lishini tilab qolamiz!

-E’tibor uchun sizlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman!

Humoyun ORIPOV suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!