«Mash’al»ga nigeriyalik biznesmenlar nima uchun qiziqish bildirmoqda?
Qashqadaryoda futbol juda ommalashgan va viloyatda ushbu sport turining rivojlanishida «Mash’al» klubining ham katta hissasi bor. Muborak viloyatning mo‘’jazgina shahri hisoblanadi. U erda mahalliy aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun stadionda futbol tomosha qilish eng yaxshi variant hisoblanadi. Muborakda qandaydir ko‘ngilochar bayramlar va kontsertlar ham asosan stadionda tashkillashtiriladi. Ayniqsa, klub elitada ishtirok etgan paytlarda muboraklik muxlislar jamoasining har bir o‘yinidan rohatlanishardi. Lekin u kunlar muboraklik muxlislar uchun orzuga aylanib boryapti. Ishqibozlarini o‘zining o‘yinlari bilan qattiq ranjitmaydigan «Mash’al» klubi mana ikkinchi yildirki, pro-ligada ishtirok etishga majbur bo‘lmoqda.
Afsuski, «Mash’al» jamoasining osmonidagi qora bulutlar hali hamon tarqab ketmagan. 2017 yili oliy ligada 7-o‘rinni egallagan «Mash’al» turli sabablarga ko‘ra quyi ligaga «badarg‘a» qilindi. Natijada o‘tgan yili pro-ligada qatnashdi va 2-o‘rinni egallagan holda Superligaga o‘tish uchun pley-off bosqichida qatnashdi. Ammo «So‘g‘diyona»ga qarshi uchrashuvda muborakliklar imkoniyatni boy berishdi. Qishda esa Superligada jamoalar soni oshirilishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ammo rahbariyat ishtirokchilar soni o‘zgarishsiz qolishi haqida bot-bot gapirib kelishdi. Lekin oxiri vaziyat shunday bo‘ldiki, Superligaga qur’a tashlanadigan kuni ishtirokchilar soni 14 taga oshirilgan holda pro-ligadan ikkita jamoani qo‘shib qo‘yishdi. Bular – «Surxon» bilan «Dinamo». Oldindan Termizning «Surxon» jamoasini Superligaga qo‘shilishi haqida gap-so‘zlar yugandi. Bu jamoalar esa o‘tgan yili pro-ligada 4- va 5-o‘rinlarni egallashgandi. «Mash’al» esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Agar Superligaga pro-ligadan ikkita jamoa qo‘shilmoqchi bo‘lsa, ulardan biri «Mash’al» bo‘lishi kerak, shunday emasmi? Lekin rahbariyat «Surxon»ga qo‘shib, «Dinamo»ni ham Superligaga olib chiqib qo‘ydi. Bu yoqda esa yaxshi infratuzilmaga ega bo‘lgan «Mash’al» yana qolib ketdi. Bu esa odamlarda yana savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu klub birinchilardan bo‘lib o‘z akademiyasiga ega bo‘lgan va yillar davomida terma jamoalarimiz uchun munosib nomzodlarni etkazib bergan va bu holat hozir ham davom etmoqda. «Mash’al»dan tayyor «mahsulotlar» chiqayotgan bir paytda bunday jamoaning pro-ligada majburiy tarzda ishtirok etayotgani hech kimni befarq qoldirmayapti. Bunday vaziyatda esa «Mash’al» o‘zbek futboliga kerakmi, degan haqli savol tug‘ilyapti. Bungacha futbolimiz uchun ko‘p ish qilgan jamoaga nisbatan adolatsizlik qilinyaptimi yoki yo‘qmi, bunga oliy hakam – vaqt javob beradi.
«Mash’al» klubi bu yildan e’tiboran tarkibini sezilarli darajada yoshartirib yubordi. Ular o‘tgan yilgi tarkibdan ko‘plab o‘yinchilarni boshqa jamoalarga transfer qildi. Ammo rahbariyat izlanishdan to‘xtab qolayotgani yo‘q. Ular mavjud vaziyatga qaramasdan klub brendi va imidjini oshirish ustida ishlashayotgani quvonarli. Buning uchun muborakliklar nigeriyalik biznesmenlar bilan hamkorlik qilishga yaqin turibdi. Klub vitse-prezidenti Ilhom Qurbonov biz bilan suhbat chog‘ida shu masala haqida to‘xtalib o‘tdi.
- Superligaga «Surxon» bilan «Dinamo» qo‘shilib, ishtirokchilar soni 14 taga oshirildi. Agar sport tamoyillari bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, avvalo pro-ligada 2-o‘rinni olgan «Mash’al» Superligaga yo‘l olishi lozim edi. Lekin yana muborakliklar chetda qolishdi. O‘sha vaziyatdan keyin «Mash’al» hozircha o‘z reaktsiyasini bildirgani yo‘q. Xo‘sh, bu vaziyatga nima degan bo‘lardingiz?
- Rahbariyatning o‘z tanlagan strategiyasi bor. Ularning olib borayotgan ishlari balki to‘g‘ridir yoki noto‘g‘ridir. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Hozir esa bu holatga nimadir deyishim qiyin. Umumiy futbolga javob beradigan odamlar bor, biz esa o‘z ishimizni qilishda davom etaveramiz. Orqaga chekinish niyatimiz yo‘q. Albatta, muammolarimiz bor va buning ustida ishlashimiz kerak. Bundan boshqa ilojimiz ham yo‘q. Ochig‘i, futbolimiz rahbarlarining chiqargan qarorlarini muhokama qilishga haqqimiz yo‘q. Kimnidir ayblash fikridan uzoqdamiz. Mana, uzoq yillik tanaffusdan so‘ng «Surxon» Superligaga qo‘shildi. Balki bu 2-3 yildan o‘z samarasini berishi mumkin. Rahbarlar shuncha yil sport tamoyillari asosida ishladinglar, bu vaqt ichida nimani isbotlay oldinglar deb so‘rashlari ham mumkin. Rahbariyatning asosiy maqsadi o‘zbek futbolini yuqoriga ko‘tarish. Ular bizdan shu paytgacha nima qildinglar desa, biz javob berishga tayyor emasmiz.
- Nima uchun? Axir «Mash’al» ko‘plab futbolchilarni terma jamoalarimi uchun etishtirib beryapti-ku…
- Yo‘q, men birgina «Mash’al»ni nazarda tutayotganim yo‘q. Umumiy o‘zbek futboli haqida gapiryapman. Chunki hozirgi rahbariyatimiz futbolimizda o‘zgarishlarni amalga oshirishmoqda. Men ularning yonini olib aytayotganim yo‘q, shunchaki, hammasini tahlil qilishimiz kerak. Bu o‘zgarishlar bizga nima olib keladi? Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Bizning qilayotgan ishlarimiz tavakkal. Biznesda ham ko‘p narsalarni hisob-kitob qilganingiz bilan baribir tavakkalga qo‘l uriladi. Balki bunday ishlar bizni o‘z ustimizda ishlashga yanada ko‘proq turtki berar. Qisqasi, rahbarlarning chiqargan qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan holda o‘z ishimizni davom ettirishimiz kerak.
- «Surxon» bilan «Dinamo»ning Superligaga qo‘shilishini bilarmidingiz?
- «Surxon»da tanishlarimiz va do‘stlarimiz bor. Ular bilan gaplashib turamiz. Jamoadagilar biz Superligada 100 foiz o‘ynaymiz deb aytishgandi. «Dinamo»da bosh murabbiy Davron aka Fayziev bilan ham munosabatlarimiz yaxshi, uning aytishicha, bunday bo‘lishini kutmagan. Bu o‘zi uchun ham katta sinov bo‘lishini va jamoasi hali Superligaga tayyor emasligini aytgandi.
- 2017 yili «Mash’al» chempionatda 7-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, birinchi ligaga tushirib yuborildi va o‘tgan yili pro-ligada ishtirok etishga majbur bo‘ldi. Bu safar ham «Mash’al» yana chetlab o‘tildi. Klub rahbari sifatida bu hol sizga nimani anglatyapti?
- Nazarimda, har bir viloyatning bosh jamoalarini Superligada qatnashishini istashyapti, har holda menga shunday tuyulyapti. Lekin biz o‘z yo‘nalishimizni tanlab bo‘lganmiz. Har yili 5-6 nafar futbolchimizni transfer qilmoqchimiz. Bu yil esa 9 nafar o‘yinchimizni transfer qilishga erishdik. Biz xalqaro aloqalar bo‘limimizga nigeriyalik futbol mutaxassisini ishga olganmiz. U Nigeriyada katta biznesmenlar bilan uchrashdi va may oyida ular O‘zbekistonga kelishlarini tasdiqlashdi. Nigeriyalik biznesmenlar o‘zbek futboli va «Mash’al» klubini o‘rganish uchun kelishadi. Ularning Nigeriya chempionatida o‘z klubi ham bor. Aytishim mumkinki, ular jiddiy odamlar. Endi O‘zbekistonda ham futbolni o‘rganib chiqishmoqchi.
- Nigeriyalik biznesmenlarning tashrifidan «Mash’al» qanday manfaatdor bo‘lishi mumkin?
- Biznesni yo‘lga qo‘yish. Aytishlari bo‘yicha Angliya premer-ligasi bilan hamkorlikda ishlashar ekan. Ayniqsa, «Chelsi» bilan hamkorliklari bor. Shuningdek, quyi divizionlarida ham hamkorlik qilayotgan jamoalari borligini aytishdi. Nigeriyaliklar o‘zbek futbolini yaxshilab o‘rganib chiqishganidan so‘ng biz bilan muzokaralarga kirishishlari mumkinligini ma’lum qilishdi. Natijada biz ularni taklif qildik. Hozirdan balandparvoz gaplarni gapirish noo‘rin. Lekin biz izlanyapmiz va bu loyihamizni amalda qo‘llab ko‘rishga harakat qilyapmiz. Shu orqali «Mash’al» klubini har tomonlama rivojlantirish dasturini ishlab chiqamiz.
- Hozirgi vaziyat garchi «Mash’al» uchun og‘ir bo‘lsa-da, baribir izlanishdan to‘xtamayapsizlar. O‘tgan yili pro-ligada 1-o‘rinni olib, Superligaga chiqsak u erda ishtirok etishimizga kafolat bormi, degan gapingiz ham ko‘pchilikning e’tiborini tortgandi. Ammo ko‘rinib turibdiki, bora-bora jamoa pro-ligaga moslashib borayotgandek…
- To‘g‘risi, bunday holatlar ishtiyoqimizga ta’sir qilayotgani ham bor gap. Lekin biz shu klubda ishlayapmizmi, unda oldinga qarab yurish va harakat qilish bu bizning vazifamiz. Agarda «Mash’al» chetda qolib ketyapti deb men, murabbiylar yoki boshqalar qo‘l siltab qo‘ysa, bitta klub yopilib ketish darajasiga kelib qolishi mumkin. Bilaman, futbolimiz rahbariyati ham «Mash’al»ning yopilib ketish tarafdori emas. Baribir ular ham statistikaga qarashadi. Jamoamiz terma jamoalarga qanchadan-qancha o‘yinchilarni etkazib bergan. Biz bu borada o‘zimizni 1-raqamli jamoamiz deb hisoblamayman. Lekin o‘yinchi etkazib berishda oqsoqlardan biri ham emasmiz. Biz o‘zimizni futbolimizning rivojlanish yo‘lidagi bir bo‘lagi deb hisoblaymiz. Shunday ekan, biz to‘xtamaymiz. Murabbiylarimiz bilan ham hammasini gaplashib olganmiz. O‘tgan yilgi tarkibimizdan 90 foiz o‘yinchilar ketishgan. Bu yildan yana yangi jamoani shakllantiryapmiz. «Mash’al»ning bugungi o‘rtacha yoshi 21 da.
- Yuqorida aytib o‘tganingizdek, qishda 9 nafar o‘yinchini transfer qildinglar. O‘sha o‘yinchilar orqali «Mash’al» qancha daromad topdi?
- Bu klubning ichki siri bo‘lib qolsin. Ammo daromad deyishimiz qiyin. Daromad qachon bo‘ladi? Siz besh so‘m sarflab, olti so‘m olsangiz o‘shanda bir so‘m daromad qilgan bo‘lasiz. Hozirgi kunda esa bir qator jihatlarda o‘zimiz kutgan darajada ishlay olmayotganimiz uchun daromad qildik deb ayta olmayman. Faqat futbolchilarni transfer qildik.
- Xo‘sh, o‘sha transfer qilingan o‘yinchilar orqali klubning hisob-raqamiga mablag‘lar o‘tkazilyaptimi?
- Ha. Kimdir qisman pul o‘tkazib berdi, yana kimdir deyarli to‘lab bo‘ldi. Agarda bu yil to‘rtta klub faol tarzda futbolchilarni transfer qilgan bo‘lsa, biz kuchli uchlikka kira olamiz. Bungacha hech kim sotib olmasdi va asosan ijaraga o‘yinchi olishardi. Bu yil esa futbolchilarimizni ham sotib olishdi, ham ijaraga olishdi. Klub rahbarlari bilan gaplashib, jamoamizda yana yangi shtatlarni ochyapmiz. Endilikda matbuot xizmati bo‘limida xodimlarni ko‘paytiryapmiz va videooperatorlar sonini ham oshiryapmiz. Jamoamizning har bir o‘yinchilariga alohida videorolik tayyorlash bilan shug‘ullanadigan xodimlarimiz bo‘ladi. Bu keyinchalik skautlarga ham juda qo‘l keladi. Ayni paytda ushbu bo‘limimizni shakllantirish jarayonida turibmiz.
- «Mash’al» yana Superligaga chiqish uchun kurashadimi?
- Shubhasiz. Biz uchun yuqorida yurish yoqimli. Shu bois baribir 1-o‘rin uchun kurashamiz. Iqtidorli yoshlarimizni tayyorlab sotish ham bizning asosiy maqsadlarimizdan biriga aylangan. Biz o‘yinchilar bilan bir yillik shartnomalar tuzmaymiz. Kamida uch yilga mo‘ljallangan shartnomalarga ega bo‘lamiz. Agar bizga qaysidir futbolchimizga yaxshi pul taklif qilishsa, bemalol sotib yuboraveramiz.
- «Mash’al» akademiyasiga xorijlik murabbiyning kelishi kutilayotgandi. Bu masala nima bo‘ldi?
- Ha, kelishi kerak edi. Ammo hozir ma’lum sabablarga ko‘ra bu savol ochiq qolmoqda. Umuman olganda, biz oldimizga aniq maqsadlarni qo‘yib, turli loyihalar ustida ishlash orqali o‘zimizni ovuntiryapmiz. Terma jamoalarimizda o‘ynayotgan o‘yinchilarning ko‘pchiligi «Mash’al»dan etishib chiqishgan. Mayli, ular boshqa klublar orqali terma jamoalarda to‘p surishyapti. Ammo o‘shalar «Mash’al» akademiyasidan chiqishgan. Buni klubimiz rahbariga ham tushuntiryapmiz. Biz o‘z yo‘limizda davom etaveramiz. Yuqorida aytganimdek, futbolimiz rahbarlari bunday qarorlar chiqarishdan oldin nimalarnidir hisobga olgan bo‘lishsa kerak. Balki bu to‘g‘ri bo‘lib chiqar. Biz esa to‘xtab qolmaymiz.

Fikrlar