"Mash’al" bilan "Qizilqum" endi engil tin olmoqda, chunki...

  • 26 noyabr, 2020, 21:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Paxtakor” kutilganidek muddatidan oldin yana chempionlikni rasmiylashtirdi. Shu tariqa, “sherlar” oldiga qo‘yilgan dastlabki vazifani uddaladi. Oldinda esa ularni Kubok yo‘lidagi yana bir maqsad kutib turibdi. Biroq hali chempionat tugamaganligi bois, voqealar rivojidan oldinlab ketmoqchi emasmiz. Axir hali Superligada boshqa o‘rinlar uchun kurash keskin tus olgan va e’tiborimizni shunga qaratsak adolatdan bo‘ladi.

Turnir jadvali – bu klublarning yuzini aks ettirib beradigan oyna kabidir. Unga qaragan chog‘imizda tashvishli holatdagi jamoalar bisyor ekanligiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Chempionat poyoniga etishiga ikkita tur qoldi va bo‘lajak uchrashuvlar ancha-muncha klublarning vazifasini qanchalik bajara olishini belgilab beradi. Masalan, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun kurash, shuningdek, Superligada qolish ilinjida ter to‘kayotgan jamoalar uchun ham hayot-mamot kabi katta ta’sirga ega bo‘lib turibdi. Shunday paytda xayolimizga bir fikr keldi: qiziq, joriy mavsumning shu holatiga qadar “Paxtakor”dan tashqari yana qaysi klub o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani muddatidan avval bajarib bo‘ldi? To‘g‘risi, bu savolni o‘tgan turda o‘zimizga-o‘zimiz bergandik, biroq javobi mavhum edi. 24-turdan keyin esa vaziyat biroz o‘zgardi. Gap shundaki, “Paxtakor”dan keyin “Mash’al” bilan “Qizilqum” klublari ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani muddatidan avval bajarganlari ma’lum bo‘ldi. Nega deysizmi? Buni albatta, batafsil tushuntirishga harakat qilamiz.

Avvalo, “Mash’al” klubidan boshlasak. Bilasiz-a, muborakliklar o‘tgan yili pro-ligada peshqadamlikni o‘zida saqladi va bu yil ilk bor Superligada ishtirok etdi. Garchi ilgari elitada ko‘p bor qatnashganiga qaramay, oliy liga nomi Superligaga o‘zgartirilgach, “Mash’al” birinchi marta unda qatnashdi. Shu bois xohlasak-xohlamasak debyutant maqomini o‘zida saqlashi tayin edi. Bunday klublar esa odatda kuchlilar orasida jon saqlab qolishni asosiy vazifa qilib qo‘yadi. “Mash’al” ham bundan mustasno emasdi. Tarkibiga qarang, katta qismi mahalliy yoshlardan tashkil topgan. Faqat ularning qatoriga bir qator legionerlarni qo‘shib qo‘yishdi. Bu esa jamoani yaqqol autsayderlikdan muhofaza qilish uchun ham kerak edi.

mash’al_6

O‘z navbatida, rahbariyat hamda murabbiylar shtabi ham “Mash’al”ni saqlab qolish asosiy vazifa ekanligini ta’kidlab keldilar. Bu esa tabiiy holat edi. To‘g‘ri, mavsum davomida bu klub bir bosh baland sakrashni ham xohlagandek ko‘rindi va musobaqa jadvalida yuqori o‘rinlarga ko‘tarilgan paytlari ham bo‘ldi. Ayniqsa, safarda jiddiy raqiblar ustidan qozonilgan muhim g‘alabalar boshqalarni “Mash’al”ga hurmat bilan yondashishga majbur etdi. Lekin futbolda barqarorlik o‘ta muhim. Jamoaga esa shu narsa etishmadi.

Bunga klubdagi moliyaviy qiyinchiliklar ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Mablag‘ tanqisligi esa o‘z navbatida natijalarda ham bilina boshladi. Oqibatda, muborakliklar asta-sekin quyi pog‘onalarga yaqinlashib qolgandi. Faqatgina bunga qadar to‘plagan ochkolari evaziga “Buxoro”, “Andijon”, “Surxon” kabi jamoalardan tepada edi. “Mash’al”ning o‘zida esa xavotir yo‘q emasdi. Chunki nazariy jihatdan pastki o‘rindagi klublarda muborakliklardan o‘tib ketish imkoniyati saqlanib turgandi. Qachonki, “Navbahor” ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabadan keyingina “Mash’al” o‘zini erkin his qila boshladi. Chunki ochkolari sonini 23 taga etkazib Superligada qolish vazifasini muddatidan oldin bajardi. Qizig‘i, “Mash’al” 10-o‘rinda va 9-o‘rindagi “Metallurg”dan 10 ochkoga ortda. Bu degani ushbu mavsumda muborakliklar ming urinmasin 10-pog‘onadan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. “Qizilqum” hisobida ham 23 ochko bor va balki ikkala klub endi, 10-o‘rin uchun kurashar?!

“Qizilqum” klubi mavsumni yomon boshladi. Ketma-ket ochko yo‘qotishlar va mag‘lubiyatlar tufayli navoiyliklar oxirgi o‘rinlarga tushib qolgandi. Bosh murabbiylikka Tachmurod Agamurodov olib kelingan bo‘lsa ham vaziyat o‘zgarmadi, qaytanga mag‘lubiyatlar ko‘paydi. O‘yin sifati esa salbiy ko‘rinishda edi.

Xo‘sh, “Qizilqum” qanday qilib qiyin vaziyatdan chiqib keta oldi? Yozgi transfer oynasi 1 avgustdan ochilgandi. Biroq karantin sababli chempionatimizda uzilishlar ro‘y berdi. Oqibatda birinchi davra bahslari hali yakuniga etmagan bo‘lsa ham oldindan aytilganidek transfer oynasi o‘z vaqtida – 1 avgustdan ochildi. Bundan esa “Qizilqum” ancha ilg‘or darajada foydalana oldi. Hamidjon Aktamov yana boshqaruvni qo‘liga oldi va tarkibga Ignatiy Nesterov, Oybek Qilichev, Erkin Boydullaev, Jasur Azimov, Vladislav Kasminin, Ibrohim Tomiva kabi futbolchilar olib kelindi. Bu esa jamoa o‘yiniga ijobiy o‘zgarish bag‘ishladi.

qizilqum

18 avgust kuni chempionatning 10-turida “Buxoro”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan “Qizilqum”ning bu joriy mavsumdagi birinchi g‘alabasiga aylandi. Shundan keyin klub go‘yoki qisqa fursat ichida kerakli ochkolarni to‘play boshladi. Bularning barchasi jamoadagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi. Ammo ikkinchi davrada jamoa bir qator uchrashuvlarda imkoniyatni boy berdi. Buni esa qiyin vaziyatdan so‘ng, biroz o‘ziga kelib, keyin yana bo‘shashgani bilan izohlash mumkin. O‘sha mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgan paytda “Qizilqum” qanday bo‘lmasin Superligada qolish asosiy vazifaga aylanganini ular yaxshi bilardi. Natijada 24-turda Navoiyda “Metallurg” 1:0 hisobida taslim etilgachgina klubning rasman Superligadan tushib ketmasligi aniq bo‘ldi. Aslida “Qizilqum”ning ligada qolishi deyarli aniq ham edi. Biroq voqealar rivoji turli yo‘singa o‘zgarib ketishi ham hech gap emasdi.

Nazariy jihatdan o‘zini erkin his qilmayotgani uchun ularga albatta g‘alaba zarur edi. Buni esa o‘tgan turda uddalashdi. To‘g‘ri, “Qizilqum”dagilar mavsum o‘rtalariga kelib biroz “jonlangach”, balki vazifalari o‘zgargandir. Axir ishtaha ovqat paytida keladi, degan gap bor-ku. Lekin yuqorida to‘xtalganimizdek, “Qizilqum” barqaror o‘yinlarini saqlab qolishi qiyin bo‘ldi. Shuning uchun biroz pastki o‘rinlardagi jamoalarga yaqinlashib qolgandek edi. Mana, endi ular ham o‘zlarini “Mash’al” singari erkin his qilmoqda. Ammo ko‘pi bilan 10-o‘rinni band etishi mumkin. Negaki, muborakliklar bilan ochkosi teng va ikkita o‘yinni yutgan taqdirda ham 9-pog‘onaga chiqa olmaydi. Boya aytdik, o‘rtada 10 ochkolik tafovut bor!

Shunday qilib, “Paxtakor”, “Mash’al” va “Qizilqum” klublarini boshqalardan ajratib turgan jihati ma’lum. Qolgan ishtirokchilar uchun qolgan ikkita tur muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan “Nasaf” bilan AGMK hamda ligada qolish maqsadida jon kuydirayotgan pastki qatordagi uchta klubga nihoyatda ta’siri katta.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!