
Masharipov “Trabzonspor”ga bormasa ham bo‘ladi. Jamoa UEFA musobaqalaridan chetlatildi
Turkiya chempionatida peshqadamlik qilayotgan “Trabzonspor” jamoasi “Paxtakor”ning hujumkor fubolchisi Jaloliddin Masharipovga xaridor bo‘layotgani haqida xabar tarqatilgan edi. O‘zbek futbol muxlislari hamyurtimiz turk jamoasi tarkibida Chempionlar ligasida o‘ynashidan umidvor bo‘lgani ham bor.
Endi UEFA Turkiyaning bu klubi bir yil muddatga qit’a miqyosidagi eng nufuzli turnirlar – Chempionlar ligasi va Evropa ligasidan chetlatilganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga qaraganda, UEFAning klublarni moliyaviy nazorati bo‘yicha palatasi turk klubi tomonidan moliyaviy feyr-pley buzilganini fosh etgan.
2016 yilning may oyida UEFA va “Trabzonspor” o‘zaro do‘stona kelishuvga erishib, unga ko‘ra, turkiyaliklar qator majburiyatlarni bajarishi lozim edi. Aks holda, jamoani qit’a miqyosidagi musobaqalardan chetlatish chorasi qo‘llanilardi. Amalda shunday bo‘lib chiqdi. “Trabzonspor” UEFA talablaridan birini bajara olmadi.
Endi “Trabzonspor” 2020/2021 yoki 2021/2022 yilgi mavsumlardan qay birida Chempionlar ligasi yoki Evropa ligasiga yo‘llanma olsa, musobaqani o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi.
Eng qizig‘i, “Trabzonspor” pandemiya tufayli chempionat to‘xtatilishiga qadar, musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda borayotgan edi.
Fikrlar