
Mbappe eng muhim o‘yinchi bo‘lmoqchi
“Pari Sen-Jermen” hujumchisi Kilian Mbappeni Parij klubida qoniqtirmayotgan masalalar borligi oshkor bo‘ldi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 23 yoshli to‘purarga jamoada Lionel Messi va Neymar boshchiligidagi janubiy amerikaliklarning ta’siri kuchli ekani yoqmayapti. Yosh yulduz klubda asosiy figura bo‘lmoqchi va yangi tarkib aynan uning atrofida shakllantirilishi kerak, deb hisoblamoqda.
PSJning frantsuz tilida gaplashadigan o‘yinchilari janubiy amerikaliklarga berilayotgan imtiyozlardan norozi. Manbaning ta’kidlashicha, ummonortidan kelgan o‘yinchilar mashg‘ulotlarga kechikishiga ham murabbiylar shtabi ko‘z yumib keladi.
Aslida Neymar va Messi boshchiligidagi legioner o‘yinchilar bosh murabbiy Maurisio Pochettinoga ta’sir o‘tkazib kelayotgani haqida turli xabarlar chiqib turadi. Xususan, argentinalik murabbiy janubiy amerikalik o‘yinchilar bosimi ostida birinchi raqamni ularning qit’adoshi Keylor Navosga topshirib qo‘ygan. Evropa chempionatining eng zo‘r futbolchisi Janluiji Donnarumma PSJga kelganidan keyin zaxira posboni maqomini olishga majbur bo‘ldi.
PSJ ayni paytda Mbappeni yangi bitimga ko‘ndirmoqchi. Agar Kilian qoladigan bo‘lsa, klub xo‘jayinlari uning talablarini bajarishiga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar