
Mbappe “Evro-2024”da nega yaxshi o‘ynamayotgani sababi oshkor bo‘ldi
Germaniyada davom etayotgan Evropa chempionatida Frantsiya terma jamoasi etakchisi Kilian Mbappe kutilgan darajada o‘ynay olmayapti.
Le Parisien nashri 25 yoshli futbolchi nega yuqori daraja o‘yin ko‘rsata olmayotganini ikki sababga bog‘ladi.
Manbaga ko‘ra, birinchi sabab Frantsiyadagi siyosiy vaziyat bilan bog‘liq. Parlament saylovlarining birinchi turida Kilian Mbappe ko‘p tanqid qilgan Marin Le Pen partiyasi g‘olib chiqqan. Shu bois, mamlakatdagi siyosiy vaziyat futbolchiga ruhiy bosim o‘tkazayotgan ekan.
Bundan tashqari, Mbappening jismoniy holati “Evro-2024” uchun to‘liq tayyor bo‘lmagani ikkinchi sabab sifatida keltirilmoqda. Musobaqa tayyorlanish jarayonida hujumchi beli va tizzasida og‘riq his qilayotganidan shikoyat qilgan.
Shuningdek, Kilian Mbappe birinchi turdagi to‘qnashuvda burni singanidan keyin himoya niqobida o‘ynashga majbur bo‘lmoqda. Bu niqob futbolchiga maydonni to‘liq ko‘ra olishiga halaqit berayotgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kilian Mbappe Evropa chempionatida Frantsiya terma jamoasi safida jami to‘rtta uchrashuvda maydonga tushib, atigi bitta gol muallifi bo‘ldi.
Fikrlar