"Men ularga yangi klub bilan shartnoma tuzmoqchiligimni aytdim, biroq..." - FIFAga yozgan Abdulxakov bilan suhbat
Kuni kecha Sports.uz orqali Bangladesh chempionatida to‘p surgan legionerimiz “Sheyx Russel” klubidan assosiz ravishda ketkazilgani tufayli FIFAning Abdurahmon Abdulxakov foydasiga qaror chiqargani haqida yozgandik. Biz ushbu vaziyatni yanada batafsil o‘rganish maqsadida futbolchining o‘zi bilan bog‘landik.
- Abdurahmon, saytimiz orqali sizni Bangladesh klubi bilan o‘rtangizda yuz bergan holat va buning ortidan FIFA sizga salkam 30 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni undirish bo‘yicha qaror chiqargani haqida yozdik. Aslida hammasi qanday yuz bergani haqida gapirib bersangiz.
- Ha, Bangladesh klubiga Zokir aka Xoliqov orqali borganman. U erda 10 oylik shartnomaga imzo qo‘yganman. Bangladesh chempionatida salkam uch oy o‘ynadim. Lekin ular menga har xil bahonalar bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilishdi.
- Eshitishimcha, hammasi murabbiy almashgach yuz beribdi, shundaymi?
- Ha, shunday bo‘ldi, murabbiy almashdi.

- Yangi murabbiyni siz bilan munosabati qanday bo‘ldi? U nima uchun sizni yoqtirmay qolgandi yoki boshqa sabab bo‘ldimi?
- Men bilan murabbiyning munosabati yaxshi emasdi. Uning maqsadi o‘z yurtidan o‘yinchilarni olib kelish edi. Men borganimda avvaliga hammasi yaxshi edi. Yangi murabbiy kelgach, birdan barchasi o‘zgarib ketdi.
- "Sheyx Russel" klubiga o‘tganingiz siz uchun faoliyatingizdagi xato qaror bo‘ldimi yoki bunday emasmi?
- Men uchun yaxshi qaror bo‘ldi. Hammasi yaxshilikka. Har bir ishda hikmat bor, Xudoga shukr.

- FIFAning qaroriga ko‘ra klub sizga 30 ming AQSh dollarini qachon to‘laydigan bo‘ldi va klubni bu qarorga munosabati qanday?
- Ha, to‘g‘ri, FIFAga xat bilan chiqdim. FIFAning qaroriga ko‘ra klub 30 kun yoki 45 kun ichida 30 ming AQSh dollarini to‘laydigan bo‘ldi. Men jamoadagilarga yangi klub bilan shartnoma tuzmoqchiligimni aytdim, biroq ular menga xujjatlarni berishmadi. Keyin FIFAga yozishga qaror qildim.
- FIFAga yozganingizdan keyin va sizni foydangizga qaror chiqarib berganidan so‘ng klubingizdagilar siz bilan aloqaga chiqishdimi, nima deyishdi?
- Yo‘q, hali. Menimcha, tez orada aloqaga chiqishadi. Balki advokatim, agentlarim bilan gaplashgan bo‘lishsa kerak.
- Endi keyingi rejangiz qanday? FIFA sizga istisno tariqasida transfer oynasi yopilgan bo‘lsa ham boshqa klub bilan shartnoma imzolash huquqini berdi. Bundan foydalanasizmi?
- Xudo xohlasa, foydalanaman. Ha, transfer oynasi yopilgan bo‘lsa ham FIFA boshqa klub bilan shartnoma qilishimga ruxsat berdi. Endi agentim bilan gaplashib tez orada yangi jamoa bilan shartnoma imzolayman.

- Bu borada oldingizda qanday variantlar turibdi va muzokaralar davom etyaptimi?
- Hozircha yo‘q. Tez orada yangilik bo‘ladi, nasib qilsa.
- Yana legionerga aylanmoqchimisiz yo o‘zimizda o‘ynamoqchimisiz?
- Ko‘ramiz, menimcha o‘zimizda qolsam kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar