"Meni hech kim ortga qaytarishga urinmadi". Nega takliflarni qabul qilmayapti? Shota Arveladze bilan suhbat
“Paxtakor”dagi faoliyati orqali o‘zidan ijobiy taassurot qoldirgan Shota Arveladzeni hali hech kim unutgani yo‘q. Biz bu murabbiy haqida ortiqcha ta’rif bermoqchi emasmiz.
Shundoq ham Shota Yustinovich haqida barcha yaxshi tasavvurga ega. U “Paxtakor”da ishlab qanday murabbiyligini ko‘rsata olgan.
O‘zi ham O‘zbekistondagi faoliyatini tez-tez eslab turadi. Shu bois Arveladze Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Xayrli kun, Shota Yustinovich, sizni feysbuk va instagram orqali tez-tez turli tadbir va sayohatlarda yurganingizni ko‘ramiz. Ayting-chi, oxirgi paytlarda qanday ishlar bilan bandsiz?
- Men yanvarda, agar xabaringiz bo‘lsa, juda murakkab vaziyatda ketishga majbur bo‘lganman. Ustiga-ustak kovid bilan bog‘liq holat tufayli hamma er yopiq edi. Uyimga bordim, meni yo‘qlab ota-onam, qarindosh-urug‘larim kelishdi. Tabiiyki, ko‘p vaqtni oila davrasida o‘tkazdim. Keyin yoz keldi, Gruziyada 30 yil davomida bo‘lmagandim. Shu bois, ona yurtimga yo‘l oldim. Hozir esa Istanbulda yashayapman.
- Siz “Paxtakor” bilan juda yaxshi natijalarga erishgansiz. Ammo oxirgi paytlarda biror-bir klubda ishlamayotganingiz bizni hayron qoldirmoqda. Nima, ijodiy ta’til olishga qaror qildingizmi?
- Menda bir qancha takliflar bor edi. Afsuski, ish muzokaralargacha etib bormadi. To‘g‘ri, muzokaralar bo‘lmadi, deya olmayman. Biroq yakunda hammasi omadsiz chiqdi. Bilasiz, bunday jarayon ikki tomonning o‘zaro kelishuvi bilan nihoya topadi. Ammo muzokara chog‘ida mening shartlarim ularnikiga, ularniki esa menga to‘g‘ri kelmadi. O‘zim rad etgan takliflar ham bo‘ldi. Ishlashga moyillik bildirishga majbur qilgan takliflar ham yo‘q emasdi. Lekin, yuqorida aytganimdek, yakuniy pallada nimadir o‘xshamay qolaverdi. Qabul qilishga rozilik beradigan 3-4 ta taklif yo‘q emasdi. Masalan, Niderlandiyadan, Turkiyadan, Dubaydan va Qatardan. Xullas, bugungi kunda men biror-bir jamoada ishlamayapman.
- Eshitishimizcha, ukangiz Archil Tbilisi meri lavozimi uchun Kaladze bilan kurash olib bormoqda ekan. Nima, bundan keyin ukangiz o‘zini siyosat maydonida sinab ko‘rmoqchimi?
- Yo‘q, bularning bari mish-mish gaplar xolos. Hech qanday asosga ega emas. Tanishlarimiz ko‘p, ayrimlari o‘zingizni siyosatda sinab ko‘rmaysizmi, deb aytishsa, ba’zilari esa buning aksini gapirishib, siyosat sizlar uchun emas, degancha maslahat berdilar. Darhaqiqat, o‘zimiz ham ilgari siyosat bilan shug‘ullanmaganmiz. Qolaversa, bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishga xohish yo‘q. Har kim o‘zi biladigan ish bilan mashg‘ul bo‘lgani ma’qul. Biz futbolda tanildik. Shu o‘yinda ishlashda davom etamiz. Futbolda ham ko‘p ishlarni bajarish mumkin. Siyosat haqidagi gap-so‘zlar esa faqat mish-mish xolos. Ilgari ham siyosat bilan shug‘ullanmadikmi, bundan keyin ham shug‘ullanmaymiz va Tbilisi meri lavozimi uchun tashkil etiladigan saylovda ishtirok etish niyatida emasmiz.
- Do‘stingiz Ronald Kumanning “Barsa”dagi ishlari yurishayotgani yo‘q. Buning asosiy sababi Messining klubdan ketishi bilan bog‘liqmi?
- Kumanning ishi yurishmayotgani va Messining ketishi bilan bog‘liq “Barselona”dagi holat o‘ta murakkab ekanligidan xabarim bor, albatta. To‘g‘ri, Messi va Messisiz “Barselona” tamoman boshqa-boshqa klubdek taassurot qoldirmasdan qo‘ymaydi. Etakchi futbolchi ketib qolishi bilan jamoadagi ichki muhit va o‘yinchilardagi ruhiyat ham shunga mos ravishda yaxshi emas. Ustiga-ustak jamoaning moliyaviy frontdagi ishlari ko‘ngildagidek emasligi ham Kumanga ortiqcha muammo tug‘dirmasdan qolmayapti. O‘ylaymanki, rahbariyat Kumanga muhlat berar ekan, u ixtiyoridagi jamoani murakkab vaziyatdan bemalol olib chiqib keta oladi. Nega deganda, uning qo‘l ostida bir qancha yosh va iqtidorli futbolchilar bor.
- Ehtimol, Kuman sizni yordamchisi sifatida ishlash uchun “Barsa”ga taklif qilmadimi?
- Kuman meni taklif qilgani yo‘q.
- Siz “Paxtakor”dan ketgan bo‘lsangiz ham Superligada boshqa biror-bir klub unga munosib raqobat ko‘rsata olmayapti. Shu sabab “Paxtakor”ning bu mavsumda ham chempionlikni rasmiylashtirishiga hech kim shubhalanmayapti. Nima deb o‘ylaysiz, munosib raqobatchilarning yo‘qligi ligamiz darajasi pastligidan dalolat beradimi?
- “Paxtakor” va Superliga masalasi bilan bog‘liq savolingizga kelsak, “Paxtakor”ning barqaror darajaga ko‘tarilishi uchun qattiq mehnat qilganmiz va poydevorni shunga mos ravishda qurganmiz. To‘g‘ri, ketganimdan beri klubda ko‘p narsa o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Biroq tizim o‘sha-o‘sha holatda ishlamoqda. O‘ylaymanki, klubda qolganlar o‘z ishini juda yaxshi bajarishmoqda. Shuning uchun “Paxtakor” joriy mavsumda ham chempionga aylanishi aniq. Aytishim kerakki, menga qadar ham mening davrimda va mendan keyin ham “Paxtakor” uzoq yillar davomida amal qilib kelgan falsafasiga sodiqligicha qolmoqda. Jamoaning barqarorligi sababi ham mana shu falsafaga borib taqaladi. Agar ”Paxtakor” bundan keyin ham shu ruhda ketsa, yaqin yillar ichida boshqa biror-bir klub uning oldiga tusha olmasa ham kerak. Endi Superligadagi boshqa ishtirokchilarga kelsak, o‘zim ishlagan davrdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, o‘sha kezlarda boshqa ishtirokchilarning ham ish yuritishning o‘ziga xos tamoyillari va falsafalarini sezganman. Ammo ularning imkoniyati “Paxtakor”nikichalik emas. Boz ustiga aksariyat ishtirokchilarning moliyaviy ahvoli ham qoniqarli darajada deb o‘ylamayman. O‘z-o‘zidan bunday imkoniyatlar bilan liganing bayroqdori bo‘lib turgan klub bilan bellashish oson emas. O‘z tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, “Paxtakor”da biz amal qilib ishlagan tamoyillarga o‘xshash jihatni “Nasaf”da ko‘rdim. Boshqa jamoalardan farqli ravishda qarshiliklar klubi doim barqaror o‘yin namoyish etib keladi. Shuningdek, oxirgi 3-4 mavsum davomida AGMK ham o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. U erda murabbiyning qo‘li, klub tanlagan yo‘l istiqbolli ekanligi sezilib turibdi. O‘z o‘rnida rahbariyat ham AGMKdan qanday natijalarni kutayotganini aniq bayon etib, shunga mos ravishda ishlash imkoniyatini yaratib beryapti. Shu jamoadan ham ko‘p narsa kutish mumkin. Asosiysi, ularda moliyaviy masala ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ustiga-ustak olmaliqliklar qanday maqsad sari intilayotganliklarini yaxshi bilishadi.
- “Paxtakor” sizni yana ortga qaytarmoqchi bo‘ldi. Toshkent shahar hokimi sizga bu masalada qo‘ng‘iroq qilgan ekan, to‘g‘rimi?
- Yo‘q, bu gaplarning hammasi haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Meni hech kim ortga qaytarishga urinmadi. Aksincha, rahbariyat bugungi kundagi bosh murabbiyning ishini engillatish uchun hamma sharoitlarni muhayyo qilmoqda. Hozir jamoada emasman. Mutasaddilar esa bugungi murabbiyga ishonch bildirishyapti. O‘z o‘rnida yuqoridagilarning ishonchi har qanday murabbiyning ishini osonlashtirmasdan qolmaydi. Ularning o‘zaro hamkorligida hech qanday muammo yo‘qligiga aminman.
- Aytishlaricha, terma jamoamizda ishlash taklifi bilan sizga chiqishgan ekan. Bu gaplarga nima deysiz?
- Yo‘q, bu ham rost xabar emas. Chunki men terma jamoangizni boshqarish borasida hech qanday taklif olmaganman. Bu savolingizga mening lo‘nda javobim shu.
- Srechko Katanets haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Katanetsda turli terma jamoalar bilan ishlash borasida katta tajriba bor. O‘ylaymanki, O‘FAdagilar terma jamoaga bosh murabbiy tanlash masalasida adashmaganlar. Chunki ular Katanetsning qanday saviyadagi murabbiy hisoblanishini yaxshi bilganlari bois shunday taklif bilan chiqqanlar. O‘ylaymanki, murabbiy tanlashda yanglishmagansizlar. Uning qo‘l ostida terma jamoa dastlabki uchrashuvda qoniqarsiz natija qayd etgan bo‘lsa ham uning o‘yinida qandaydir o‘zgarish borligi ko‘zga tashlandi. O‘z navbatida rahbariyat murabbiy va futbolchilarga yordam berib qo‘llashda davom etarkan, ishlar joyida bo‘lishi aniq.
- Keyinchalik sizni qaerda ko‘rishimiz mumkin: Evropadami yoki Osiyoda?
- Bu savolingizga aniq javob berishim amrimahol. Ertaga qaysi qit’ada bo‘lishim mumkinligini bilmayman. Suhbatimiz avvalida aytganimdek, xizmatimga Evropadan va Osiyodagi klublardan takliflar bo‘lgandi, lekin birorta taklifni qabul qilganim yo‘q. Albatta, o‘zimga qolsa, Evropadagi biror-bir jiddiyroq klubda ishlashni xohlagan bo‘lardim. Hammasi qanday kechishini esa oliy hakam vaqt ko‘rsatadi. Ungacha kutib qolaylik.
- “Paxtakor”da ishlagan paytingizda uchrashuvlardan qaysi biri ko‘proq yodingizda qolgan?
- Bilasizmi, biz birgalikda xotirada ancha vaqt saqlanib qoladigan qator uchrashuvlarni o‘tkazganmiz. Bunday bahslar Superliga va Osiyo Chempionlar ligasida kuzatilgan. Misol uchun o‘z maydonimizda “Al-Sadd” va “Al-Hilol”ga qarshi kechgan o‘yinlarni aytishim mumkin. Dohada “Al-Sadd”ga qarshi bellashuvni a’lo darajada o‘tkazganimiz yodimda. O‘shanda hammamiz o‘yindan juda katta qoniqish hosil qilgandik. O‘sha paytda raqiblar “Paxtakor”ni evropacha futbol ko‘rsatadigan klub deb atagandilar. Raqibdan bunday e’tirofni eshitish har kimga ham nasib qilavermaydi. O‘yinimizni kimsan “Barselona”nikiga o‘xshashib ketishini taqqoslashlari – bu juda yoqimli bo‘lgandi. Men buni juda katta mukofot deb bilaman. Chunki shunday e’tirofni boshqalar ham bildirishgandi.
- Futboldan tashqari yana qanday ishlar bilan shug‘ullanasiz, masalan, biznes, tadbirkorlik...
- Umuman olganda, menda qandaydir katta biznes yo‘q. Oilaviy biznesimiz bor. Lekin men unda ishtirok etmayman. Shunchaki, oila biznesiga men o‘z sarmoyamni kiritganman xolos. Shunisi aniqki, menda jiddiy biznes yo‘q.
- Siz uchun qaysi shaharda yashash qulayroq: Tbilisidami yoki Istanbulda?
- Hozir oilam bilan Istanbulda yashayapman. Futbol tomosha qilish uchun tez-tez stadionlarga borib turaman. Gohida Madridga, imkon tug‘ilsa Tbilisiga boryapman. Ammo doimiy yashash joyi biz uchun hozircha Istanbul bo‘lib qolgan.
- Faqat rostini ayting, O‘zbekistonni sog‘inyapsizmi? Imkon tug‘iladigan bo‘lsa, yurtimizga qaytgan bo‘larmidingiz?
- Bo‘lmasam-chi! Albatta, O‘zbekistonni sog‘inyapman. Axir u erda ko‘plab do‘stlar orttirishga ulgurgandim. Qolaversa, bir-biridan shirin taomlaringizni qo‘msayman. Ortga qaytgan bo‘larmidim? Hozir bu savolingizga ha yoki yo‘q deya javob qaytara olmayman. Biroq, imkon tug‘ilgan zahoti O‘zbekistonga qaytib, do‘stlarim bilan ko‘rishishni xohlayman.
- Yangi ish joyingizda o‘zbek futbolchilaridan kimlarni ko‘rishni istagan bo‘lardingiz?
- O‘zbekistonda ish boshlagan ilk kunimdanoq, bu erda iqtidorli yangi avlod vakillari etishib chiqayotganini aytgandim. Bugungi kunda Eldor Shomurodovning “Roma”da o‘ynayotgani ham o‘zbek futbolida mana shunday iqtidorli ijrochilar talaygina topilishining yaqqol isboti bo‘la oladi. Yoki bo‘lmasa Masharipovni olaylik. Jaloliddin maydonga tushgan paytda bor mahoratini ishga solib, to‘liq 100 foiz kuch bilan harakatlanadi. U ham Evropaga borib, shu erga mos bo‘lgan darajadagi futbolda o‘ynashi kerak. Savolingizning asosiy mohiyatiga kelsak, avvalo o‘zimga yangi ish joyi topib olay! Shundan so‘ng qo‘l ostimda o‘zbekistonlik qaysi futbolchilarni ko‘rish bilan bog‘liq masala haqida bosh qotirishim mumkin.
- “Paxtakor” mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini musobaqa jadvalining quyi pog‘onasida borayotgan “Andijon”ga qarshi kechgan uchrashuvda qabul qildi. Bunday kutilmagan natijadan hayronmisiz?
- Futbol shunday o‘yinki, yutqazmaydigan klubning o‘zi bo‘lmaydi. Manaman degan “Barselona” yoki “Real”dek klublar ham mavsum davomida mag‘lubiyatga uchraydilar. Uzoq davom etgan mag‘lubiyatsiz seriya intiho topganidan fojia yasamaslik kerak.
Fikrlar