
Messisiz qo‘limdan hech nima kelmasligini aytishgandi, men esa, zo‘rligimni isbotlab qo‘yganman!
“Manchester Siti”ni olti marotaba Angliya chempioni, Evropa Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempioniga aylantirgan Xosep Gvardiola uning murabbiylik salohiyatiga shubha bilan qaraganlarga javob qaytardi.
- “Barselona”ni boshqargan davrimda ko‘pchilik men Lionel Messi va unga o‘xshagan futbolchilar yordamida g‘alaba qozonayotganimni aytishganini yaxshi eslayman.
Men murabbiylik borasida o‘z darajamni Angliya futbolida namoyish qilishim kerakligini uqtirishardi.
Yaxshi, mana Angliyaga kelib, ular talab qilgan narsalarni uddaladim, - dedi Xosep Gvardiola.
Ispaniyalik mutaxassis 2008-2012 yillar davomida “Barselona”ga ustozlik qilgan. Keyingi to‘rt yilda “Bavariya”ni muvaffaqiyatli boshqardi.
2016 yildan beri “Manchester Siti”da faoliyat ko‘rsatmoqda. “Shaharliklar” o‘z tarixidagi eng yorqin g‘alabalarni aynan Xosep Gvardiola qo‘l ostida qayd etgan.
Fikrlar