"Metallurg" - "Andijon" bahsida kuchlar teng keldi. G‘alabaga kim haqliroq edi?

  • 20.10.2024 04:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

“Andijon” O‘zbekiston Kubogidagi g‘alabadan keyingi dastlabki o‘yinini safarda “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Doimgidek “Andijon” fan-klubi jamoasini yolg‘izlatib qo‘ymadi va ko‘plab ishqibozlar guruhi OKMK stadioniga kelib “Burgutlar”ni faol tarzda qo‘llab-quvvatladilar. Aytish lozimki, “Andijon” muxlislari “Metallurg” ishqibozlaridan ko‘pchilikni tashkil etdi. Bundan tashqari, “Andijon” fan-klubi muxlislik qilish borasida o‘ziga xos master-klass ham o‘tkazdi.

Bilasiz, “Metallurg” oxirgi o‘rinda va bu jamoa ligada jon saqlab qolish uchun kurashyapti. Shu nuqtani nazardan olib qaraganda, bellashuv oson o‘tmasligi oldindan ma’lum edi. Lekin o‘z oldiga faqat va faqat g‘alaba qozonish maqsadini qo‘ygan “Andijon” ham nominal mezbon hisoblangan “Metallurg”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi.

Butun o‘yinni oladigan bo‘lsak, “Burgutlar”da golga tortadigan imkoniyatlar ko‘proq bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Rustam Turdimurodovning jarima maydoni ichida boshi bilan yo‘llagan zarbasi shundoqqina darvoza yonginasidan o‘tib ketdi. Bo‘lim oxirlarida ham Xomyakov jamoasida yana vaziyatlar sodir bo‘ldi. Shuningdek, “Metallurg” sardori Zabihillo O‘rinboevning bir vaziyatda yo‘llagan zarbasi to‘singa tegib qaytdi.

 Tanaffusdan keyin ham jamoalar ehtiyotkorlik harakat qildilar. Lekin golli vaziyatlarni yaratish borasida “Andijon” bir muncha faolroq bo‘ldi. Faqat ulardan foydalanishda biroz omad etishmadi, xolos. Masalan, Rustam Turdimurodovning jarima maydoni ichida yo‘llagan zarbasi ustunga tegib qaytdi. Uchrashuv oxirlarida tashabbusga ega bo‘lgan “Andijon” futbolchilari ketma-ket xavfli hujumlarni sodir etdilar. Futbolchilar raqib darvozasi tomon xavfli zarbalarni yo‘lladilar. Biroq yakunda baribir darvozalar daxlsiz qoldi. Natijada ikkala jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldi.

“Metallurg” – “Andijon” – 0:0.

19 oktyabr. Olmaliq. OKMK stadioni. 589 tomoshabin.

Hakamlar: G‘ayrat Jo‘raev, Ruslan Samandarov, Amal Sultonov.

Zaxira hakami: Umid Rahimjonov

VAR: Ibrohim Ismoilov

AVAR: Nikita Mustafin

Nazoratchi: Fayzullo Hasanov

Komissar: Feruzbek G‘aniev

“Metallurg”: Rahim Davronov, Odil Abdumajidov, Kerim Palich, Oleksandr Kucherenko, Xudoyshukur Sattorov (Iskandar Shoyqulov, 83), Davron Hoshimov, Marko Milichkovich, Asadbek Sobirjonov (Shaxzod Ubaydullaev, 90+1), Azizbek Pirmuhammadov, Shaxzod Ne’matjonov (Daler Sharipov, 72), Zabihillo O‘rinboev.

“Andijon”: Eldor Adhamov, Ildar Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Abdurahmon Komilov (Lyubisha Petsel, 46), Vladimir Bubanya, Muhammadkarim Toirov, Sardor Azimov (Ilhom Alijonov, 90+2), Farhod Bekmuratov (Farhod Sohibjonov, 78), Ilhom Abdug‘aniev (Damir Temirov, 59), Bektemir Abdumannonov, Rustam Turdimurodov (Luka Zgurskiy, 90+2).

Ogohlantirishlar: Iskandar Shoyqulov, 90+6 – Vladimir Bubanya, 49. Ildar Mamatkazin, 69. Farhod Sohibjonov, 79. Bektemir Abdumannonov, 90+3.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!