
"Metallurg" Antaliyada Qozog‘iston klubi bilan o‘ynadi
Bugun kunning ikkinchi yarmida “Metallurg” Belek yaqinidagi “Kalista” sport markazi maydonida Qozog‘istonning “Elimay” futbol klubiga qarshi bahs olib bordi va 1:1 hisobida durangga imzo chekdi.
Uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tdi. Jamoalar ancha vaqt maydon markazini qo‘lga olish uchun pozitsion o‘yin namoyish etishdi. Raqibning himoya chizig‘idagi zaif nuqtani birinchi bo‘lib bekobodliklar ilg‘ashdi. To‘p nazoratini qo‘lga olgan Vesko Steshevich shogirdlari “Elimay” darvozasi yonida xavfli vaziyatlarni sodir eta boshlashdi. Shunday hujumlardan birida Hazrat Tursunqulov olis masofadan o‘z omadini sinab ko‘rishga jazm etdi. Zarba esa kutilganidanda a’lo darajada chiqdi! To‘p darvozaning yuqori burchagiga borib tushdi – 1:0.
Hisobda oldinga chiqib olgan bekobodliklar hujum tempini pasaytirishmadi. Semey shahri jamoasi yonida yana bir qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Ammo darvozani ishg‘ol etish futbolchilarimizga boshqa nasib etmadi. Qozog‘istonliklar esa tabiiyki mag‘lubiyatdan qutilish chorasini qidirishdi. Birinchi taymda ular bunga muvaffaq bo‘lishmadi. Ammo tanaffusdan keyin Andrey Karpovich shogirdlari bitta javob golini kiritishni uddasidan chiqishdi. Bu uchrashuvning 71-daqiqasida sodir bo‘ldi. “Metallurg” posboni hamda yarim himoyachisining ehtiyotsizligi bois jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab olgan semeyliklarning 21 yoshli hujumchisi Ivan Sviridov olis burchakni qiyinchiliksiz nishonga oldi – 1:1. Shundan keyin ham har ikkala jamoada qulay imkoniyatlar bo‘lsa-da, mazkur hisob o‘yin oxirigacha o‘zgarmay qoldi.
Endi “Metallurg” 10 fevral sanasida Premer liganing boshqa bir jamoasi – “Jetisu”ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.
Nazorat uchrashuvi
“Elimay” – “Metallurg” – 1:1.
Gollar: Hazrat Tursunqulov (21), Ivan Sviridov (71).
“Metallurg”: Rahimjon Davronov, Abror Toshqo‘ziev, Abbos Otaxonov, Zafar Rahimjonov, Mirg‘ies Sulaymonov, Iskandar Shayqulov, Alisher Xayrullaev, Hazrat Tursunqulov, Ravshan Abdumannonov, Behruz Abdullaev, Shahzodbek Ubaydullaev.
“Elimay”: Denis Kavlinov, Berik Aytbaev, Sergey Keyler, Sultan Abilgazi, Dmitriy Shmidt, Nikita Korzun, Maykom Rodriges, Erkebulan Nurgaliev, Nursultan Sovetkazi, Roman Murtazaev, Ivan Sviridov.
“Metallurg” matbuot xizmati.
Fikrlar