«Milan» hujumchisi Rafael Leau ingliz Premier-ligasiga o‘tish arafasida
«Milan» jamoasining portugalialik yarim himoyachisi va vingeri Rafael Leau yaqin kunlarida jamoasini almashtirishi va faoliyatini Angliya premer-ligasida davom ettirishi mumkin.
Jurnalist Janluka Di Marcio xabariga ko‘ra, Birmingemning «Aston Villa» klubi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy bel bog‘lagan va hozirda «Milan» rahbariyati bilan muzokaralar olib bormoqda.
Manba ma’lumoticha, «Aston Villa» transfer bo‘yicha faol harakat qilmoqda va italiyalik klub bilan bitimning moliyaviy shartlarini kelishishga urinayotgani aytilmoqda. Hozirgi vaziyat shundayki, Leauning «Milan»dan ketishi klubga kelganidan beri eng ehtimolli stsenariy sifatida ko‘rilmoqda.
Futbolchining o‘zi ham yangi jamoaga o‘tish g‘oyasiga qarshi emasligi qayd etilgan.
Rafael Leau «Milan» tarkibida 2019 yildan beri to‘p surmoqda. Shu vaqt ichida u klub safida 293 ta o‘yin o‘tkazib, 80 ta gol urdi va 55 ta golli pas berdi. Portugalialik futbolchining amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha mo‘ljallangan.

Fikrlar