
Millatlar Ligasi. Ispaniya va Germaniya ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
Ushbu guruhni Millatlar Ligasi joriy mavsumidagi eng qizg‘inlaridan biri, deb tan olishga haqqimiz bor. Sababi, Ispaniya va Germaniyadan tashqari Ukrainada ham pley-off yo‘llanmasini saqlab qolish imkoniyati mavjud. Shuningdek, matematik jihatdan hatto Ispaniyada ham B ligaga tushib ketish xavfi mavjud. Bugun bo‘lib o‘tadigan bahslar esa ko‘p masalalarga oydinlik kiritib beradi. Guruh g‘olibi bugunning o‘zida aniqlanishi ham, Shveytsariya shu oqshomning o‘zida B liga chiptalariga “ega chiqishi” ham mumkin. Barchasini vaqt va bugun e’tiborimiz markazida bo‘luvchi bellashuvlar ko‘rsatib beradi. 4-guruhning 5-turi haqida fikr yuritishni boshlaymiz!
Germaniya - Ukraina
Germaniya
Hayot-mamot masalasi hal bo‘ladigan uchrashuvlar har bir guruhda etarlicha topiladi. Nemislar o‘z ishining og‘irlashib ketishiga sababchi sifatida faqat o‘zini ko‘rsata oladi. Jamoa ochko yo‘qotgan uchrashuvlariga nazar tashlasak, ularning barida jamoa hisobda oldinda borganini ko‘rishimiz mumkin. Guruh autsayderi Shveytsariya Yoaxim Lyov shogirdlaridan minnatdor ekanligi aniq. Chunki, ular taqdim etgan 2 ochko sharofati bilan “banklar yurti” vakillarida hamon guruhda qolish imkoniyati mavjud. Ukraina va Ispaniya ularni birinchi davrada ancha osonlik bilan engishga erishdi.
Olmonlarning Ukraina ustidan qozongan g‘alabasiga ham yuqori baho bera olmaymiz. Sababi, g‘alaba yaqqol dominantlik evaziga qo‘lga kiritilmadi. Avvallari, “nemis mashinasi”ni gol urib olgach to‘xtatib bo‘lmasdi. Endi esa ular 1 yoki 2 ta gol bilan to‘xtaydi. Qo‘shimchasiga, raqib ularning darvozasiga yo‘l topgan taqdirda, sarosimaga tushib qoladi.
2014 yilgi jahon chempionlari 2017 yilda Konfederatsiyalar kubogini yarim tarkib bilan yutib ketganini ko‘rgach, ko‘pchilik Rossiya maydonlarida ham aynan ular favorit ekanini gapira boshlagandi. Ammo yakunda Germaniya guruhda qolib ketib, chempionlarning qora an’anasini davom ettirdi.
Millatlar Ligasidagi yaxshi natija ularga yozda bo‘lib o‘tadigan Evropa Chempionati oldidan yaxshigina ruhiy dalda bo‘lishi mumkin edi. Har holda, “o‘lim guruhi”dagi raqiblar Shveytsariya darajasidan ancha baland.
Taxminiy tarkib: Noyer, Klostermann, Zyule, Ryudiger, Gosens, Kimmix, Goretska, Gyundogan, Sane, Gnabri, Verner.
Ishtirok eta olmaydi: Toni Kroos.
Yoaxim Lyov: “Sane, Gnabri va Vernerning asosiy tarkibda maydonga tushishini taxmin qilish qiyin emas. Ular bizga to‘p bilan va to‘psiz harakatlarda tezlik bag‘ishlay oladi. Ammo bizda haliyam ular bilan qiladigan ishlar, rivojlantirishimiz lozim bo‘lgan jihatlar mavjud. Ularning o‘yinidagi rang-baranglikni oshirishimiz lozim. Ularning tezligidan unumli foydalana bilsak, bu raqiblarga jiddiy xavf tug‘dira olgan bo‘lardi. Ha, Millatlar Ligasini yutish imkoniyatimiz bor. Ammo men va shogirdlarim xayoli faqat bir narsa bilan band: oldimizda turgan o‘yinni yutishimiz lozim”.
Ukraina
Andrey Shevchenko futbolchi sifatida o‘z mamlakati bayrog‘ini ancha baland ko‘tara olgandi. Endi murabbiy sifatida ham ancha raqobatbardosh jamoani shakllantira olganini isbotlamoqda. Ushbu jamoa o‘z qit’asi grandlariga etarlicha bosh og‘riq tug‘dira oladigan “chaqilmas yong‘oq”qa aylanib bormoqda. Ha, Ispaniyaga qarshi 2-tur bahsi to‘liqligicha Shevchenkoning taktik xatosi sabab boy berildi. Ammo mana shunday mag‘lubiyatlar kuchli murabbiyni tarbiyalaydi. Buni Germaniyaga qarshi bellashuvda ko‘rdik. 4-tur bahsida esa o‘sha “qizil furiya” taslim etildi. Jamoada bir qator yaxshi darajali futbolchilar borligi rost. Ammo ular Ispaniyani enga oladigan, Germaniya bilan tengma-teng kurash olib boradigan darajada emas. Andrey futbolchilik faoliyati davomida murabbiylarining qo‘l ostida shunchaki shug‘ullanmagani ko‘rinib turibdi. Ulardan ko‘plab jihatlarni o‘rgangani bugungi Ukraina ko‘rsatayotgan futbolda aks etib turibdi.
Leyptsigda Germaniya sinovidan o‘tishga otlangan ushbu jamoa qo‘rquv bilan emas, ishonch bilan qadam tashlamoqda.
Taxminiy tarkib: Bushan, Karavaev, Zabarniy, Mikolenko, Sobol, Sidorchuk, Stepanenko, Malinovski, Yarmolenko, Moraes, Yaremchuk.
Andrey Shevchenko: “Bizda birinchi o‘rin uchun kurash olib borish imkoniyati mavjud. Ammo yuqori saviyali raqiblarga qarshi natijaga erishmoqchi bo‘lsang, ma’lum bir taktik ishlanmalarga tayanishga majbur bo‘lasan. Bilamizki, samarasiz taktikani istalgan vaziyatda chetga surib qo‘yish mumkin. Biz mana shunday kuchli raqibga qarshi mehmonda o‘ynar ekanmiz, o‘z o‘yin uslubimizni vaziyatga qarab o‘zgartirib turishga majburmiz. Shuningdek, futbolchilarga singdirilgan futbol falsafamiz ham o‘z kuchida qoladi”.
Shveytsariya - Ispaniya
Shveytsariya
Vladimir Petkovich boshchiligidagi jamoa ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, oldingi darajasida emas. Germaniyaga qarshi bahslarida qolganlaridan boshqacharoq futbol namoyish eta oldi. Shuningdek, ushbu terma jamoa foydasiga ishlaydigan statistikalar ham yo‘q emas. Shveytsarlar o‘z maydonida o‘tgan so‘nggi 17 o‘yinning birortasida mag‘lub bo‘lmadi (14 ta g‘alaba, 3 ta durang).
Ikki jamoa o‘rtasidagi 6 uchrashuvning 4 tasida ispanlarning qo‘li baland kelgan. 1 marotaba durang natija qayd tilgan (1988). 2010 yilgi jahon chempionati guruh bosqichidagi g‘alaba Shveytsariya uchun yagona bo‘lib turibdi. E’tibor berdingizmi, chempion ispanlarning ko‘nglini g‘ash qilib turuvchi yagona jihat aynan mana shu mag‘lubiyat hisoblanadi. Demak, shaxsiy hisob-kitoblar mavjud.
Vladimir Petkovich: “Albatta, 6 ta o‘yinlik g‘alabasiz seriyadan so‘ng, bu kabi holatga tushib qolish tabiiy. Natijalar qoniqarli emas. Biz xotirjamroq bo‘lishimiz va kamroq xatolar qilishga harakat qilishimiz kerak. Himoyadagi muammolar haqida soatlab gapirish mumkin. Biroq biz yarim himoyamizdagi kamchiliklar va vaziyatlardan foydalana olmaslik haqida ham bosh qotirishimiz darkor. E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, o‘tgan yilgiga nisbatan kamroq xatolarni amalga oshirmoqdamiz. Ammo raqiblarimiz etarlicha jiddiy. Ular tashabbus evaziga yutib ketmoqdalar”.
Ispaniya
Luis Enrike jamoasidan hozirgi paytda ortiqcha hech narsa talab qilinmaydi. O‘z o‘yinlarini muammosiz yutgan taqdirda, ular pley-offda qatnashadi. Aslida, o‘tgan turda Ukrainaga imkoniyat boy berilmaganda, bugunoq ularni ilk yarim finalchi, deb tanishtirishimiz mumkin bo‘lardi. Ammo endi ular Germaniyaning natijasiga ham qarashga majbur. Agar bugun Yoaxim Lyov shogirdlari Ukrainani engishni uddalasa, 6-turda aynan ularga qarshi kechadigan o‘yin finalga teng tarzda o‘tadi.
Birinchi davradagi g‘alabada eng katta hissani qo‘shgan Ansu Fati bugun safda yo‘q. O‘sha kungi yagona gol muallifi Mikel Oyarsabal goldan boshqa juda ko‘p vaziyatlarda yaxshi imkoniyatlarni yo‘qqa chiqargandi. O‘z navbatida, raqib tomon ham yaxshigina qarshilik ko‘rsatib bera olgan edi.
O‘tgan turda Ukrainadan uchralgan mag‘lubiyat 13 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyaga nuqta qo‘ydi. Ushbu muvaffaqiyatsizlik Enrike uchun umuman kutilmagan joydan kelib qolgan “daydi musht” kabi ta’sir qildi. Endi ular barcha guruhdoshlari qatori jiddiy kurash olib borishga majbur, xotirjamlikka berilish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Taxminiy tarkib: De Xea, Navas, Torres, Ramos, Gayya, Buskets, Tiago, Ruiz, Moreno, Olmo, Morata.
Luis Enrike: “Biz musobaqa avvalidan buyon jadvalning birinchi pog‘onasida kelmoqdamiz. Ana endi buni rasmiylashtirish navbati keldi. Guruhda barcha jihatdan intriga saqlanib turibdi va vaziyat butkul o‘zgarib ketishi mumkin. O‘tgan gal biz ko‘prog‘iga erishishimiz mumkin edi. Ammo Angliya yaxshiroq natijalar qayd etgan holda, bizni pley-offdan mahrum qilgandi. “Yuventus”ga qaytganidan so‘ng, Morata himoyaviy va hujumdagi harakatlarda ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. Markos Lorente haqida ham shunday ta’rifni ishlata olaman”.
Xulosa o‘rnida
Germaniya - Ukraina bellashuvi ko‘pchilik uchun favoriti aniq o‘yindek ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo mehmonlarning birinchi davradagi to‘qnashuvda namoyish etgan xatti-harakatlarini kuzatib ulgurgan futbol muxlisi ushbu bahsga boshqacha nazar bilan qaraydi. Bugungi Portugaliya - Frantsiya qarama-qarshiligi 3-guruhda qanday o‘rin tutsa, 4-guruhdagi ko‘pgina masalalarga oydinlik kirituvchi ushbu o‘yin ham barcha uchun birdek qiziq.
Ispaniya esa muammoli Shveytsariyani bir amallab engib olmasa, keyingi o‘yinga ancha og‘ir ahvolda etib boradi. Bugun muammosiz g‘alaba qozonsa, 6-turning hal qiluvchi bahsida ancha xotirjam harakat qilishi mumkin bo‘ladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar