
Millatlar Ligasi. Xorvatiya, Niderlandiya va Italiya ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
Bugungi kun dasturi bizga terma jamoalar futbolining haqiqiy bayramini taqdim etmoqda. Eng markaziy bellashuvlarga alohida to‘xtalishimizdan tashqari, A liganing boshqa e’tiborga molik uchrashuvlari haqida ham so‘z yuritamiz. Xorvatiya - Shvetsiya, Bosniya va Gertsegovina - Niderlandiya, Polsha - Italiya: ushbu bahslarning har biri alohida e’tibor qaratishga arziydigan bellashuvlar. Nima qilaylikki, qanchalik ajoyib bellashuvlar bo‘lmasin, yuqorida sanab o‘tganlarimiz kunning markaziy qarama-qarshiliklari orasiga kirmaydi.
Dastavval, Millatlar Ligasining joriy mavsumini o‘ta yomon boshlagan 2 katta jamoa haqida gaplashamiz.
Xorvatiya - Shvetsiya
Xorvatiya
Sentyabr avvalidagi yig‘inga Zlatko Dalich bir qator etakchilarini jalb qila olmadi. Bu natijalarda ham ayanchli tarzda aks etdi. O‘tkazilgan har ikkala bahsda ham xorvatlar 4 tadan gol o‘tkazib yubordi. 3-guruh qur’a bo‘lib o‘tgan paytdayoq “o‘lim guruhi” nomini olgandi. Zlatandan so‘ng biroz kuchsizlanganiga qaramay, shvedlar hamon jahon va Evropa futbolida katta nom hisoblanadi. Xorvatiya amaldagi jahon chempionati finalchisi. Narigi ikki jamoa haqida esa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Dalich 2 ta tur yakunlari bo‘yicha bergan intervyusida A ligada qolishga harakat qilishi va oxirigacha kurashishini aytib o‘tgan. Faqat 1-o‘rin sohiblari keyingi bosqichga yo‘l oladigan Millatlar Ligasining dastlabki ikkita turini boy bergan murabbiydan yana qanday gap kutish mumkin.
Taxminiy tarkib: Livakovich, Vrsalko, Tsaleta-Tsar, Lovren, Vida, Kovachich, Modrich, Pashalich, Perishich, Brekalo, Kramarich.
Zlatko Dalich: “3 kun ichida 2 ta o‘yinda maydonga tushishimiz lozim. Ushbu bellashuvlar bizning kelgusidagi faoliyatimizga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Biz eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qila olishimiz muhim. Kramarich o‘yinni asosiy tarkibda boshlay olmagan taqdirda, uning o‘rnida bir qator futbolchilardan foydalanish imkoniyatiga egaman. Shvetsiyada Forsberg va Berg dueti juda xavfli hujumlar yarata oladi. Ularda energiya va xohish yuqori darajada. Biroq raqiblarimiz ham ketma-ket 2 ta o‘yinni boy berishdi. Farq shundaki, ular ikkala uchrashuvni ham o‘z maydonlarida o‘tkazishdi, biz esa faqat mehmonda o‘ynadik. Bu to‘qnashuv kim elitada qolishini hal qilishi jihatidan ham muhim. Bizning maqsadimiz ham shu.
Shvetsiya
Skandinaviyaliklar ushbu bellashuvga yaxshi kayfiyatda kelmoqda. Sababi, bir necha kun avval, xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari doirasida Rossiya 2:1 hisobida taslim etildi. Millatlar Ligasidagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan so‘ng, jamoaga ruhiyat bag‘ishlash uchun ushbu g‘alaba juda kerakli edi.
Umuman, shvedlar sentyabrdagi o‘yinlarda “qotillar” qurboniga aylandi. Frantsiyaga qarshi uchrashuvda Mbappe yagona golni urib, jamoasiga g‘alaba taqdim etgan bo‘lsa, portugallar Ronalduning 2 ta shedevri oqibatida raqiblaridan ustun keldi. Ustiga ustak, birinchi taymning o‘zidayoq, mezbonlar bir kishi kam bo‘lib qolgandi. Yakunda bu o‘yin kartinasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Taxminiy tarkib: Olsen, Lyustig, Elander, Lindelyof, Yansson, Larsson, Kulusevski, Ekdal, Forsberg, Larsson, Berg.
Yann Anderson: “Viktor Klaysonning jarohatdan forig‘ bo‘lgani quvonarli. U “Krasnodar”da juda katta ishni amalga oshirdi va uni milliy terma jamoada ko‘rishdan mamnunmiz. Aleksandr Isak haqida gapiradigan bo‘lsam, u bizning uslubimizga juda mos tushuvchi yuqori darajali hujumchi. U Robert Kviasonga o‘xshab ketadi. Ikkisi ham to‘pni ushlab turish va xavfli vaziyatlar yaratishda foydali”.
Bosniya va Gertsegovina - Niderlandiya
Bosniya va Gertsegovina
Bosniyaliklar Italiyadan ochko olgan paytda udarning potentsialiga yuqori baho berilgandi. Ammo keyingi turda Levandovskisiz Polsha ulardan ustun kelgach, jamoa A ligani ushbu guruhdan tark etishga asosiy nomzod ekani ko‘rinib qoldi. Katta darajadagi futbolchilardan faqat Miralem Pyanich sentyabrdagi yig‘inga tashrif buyura olmadi. Markazda muammolar borligi ko‘rindi. Jekoga to‘p etkazib beruvchi futbolchi bo‘lmaganidan keyin, bu kabi top hujumchining ham foydasi tegmaydi. Aksincha, u o‘z vazifasini qoldirib, maydon markazida to‘p uchun kurashib yurganini ko‘p ko‘rdik.
Umid qilamizki, Dushan Baevich jamoasidagi muammolarga qisman bo‘lsa-da, echim topa olgan va Niderlandiyaga qarshi bellashuvda kuchli jamoani ko‘ramiz.
Taxminiy tarkib: Begovich, Nastich, Chivich, Bichakchich, Koloshinats, Pyanich, Beshich, Vissha, Krunich, Xodjich, Jeko.
Dushan Baevich: “Biz oldimizda turgan ikkita uchrashuvda qo‘limizdan kelgancha yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz. Shundan so‘ng, men jamoa bilan xayrlashaman. Milliy terma jamoani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar juda ko‘p.
O‘ylaymanki, futbolchilar qarshilarida Niderlandiya turganini sezib turibdi. Bizda jarohatlangan va charchagan futbolchilar bir qancha. Ushbu bellashuvlarda bir nechta yangi nomlarni ham uchratishingiz mumkin”.
Niderlandiya
Duayt Lodevegesning ikki o‘yinlik murabbiyligi muvaffaqiyatli chiqdi, deb ayta olmaymiz. Sababi, u tajribasizligi oqibatida ancha ehtiyotkor va sust futbol namoyish etdi. Mag‘lub bo‘layotgan bir paytda, jamoani oldinga boshlayotgan yagona futbolchi - Depayni zaxiraga oldi. Taktik ishlanmalar yo‘qligi oqibatida Memfisning bir o‘zi amalga oshirgan harakatlar italyanlar himoyasini yorib o‘tishga etmadi. Gol ham taym so‘ngida jamoa ancha bo‘shashib qolgan bir paytda, jussasi ancha kichik bo‘lgan Nikolo Barella tomonidan urildi. Van Deyk turgan joyda Nikolo kabi futbolchining bosh bilan gol urib ketishi ajablanarli holat.
Endi esa jamoani Frank de Bur boshqaradi. Uning qo‘l ostida kechadigan ilk o‘yin uchun Bosniya ideal raqib!
Taxminiy tarkib: Sillesen, Xatebur, Van Deyk, Ake, Blind, Veynaldum, De Roon, De Yong, Promes, Bergveyn, Lyuk de Yong.
Frank de Bur: “Men hozir tarkibni ma’lum qila olmayman, ammo maydonga kimlar tushishini o‘zim uchun aniqlab olganman. Agar o‘yinga oz muddat qolganda, menda shubha bo‘lsa, bu yaxshi holat emas. Men jamoa holati haqida etarlicha ko‘p ma’lumotga egaman. Futbolchilar ko‘p yillardan beri birgalikda harakat qilib, bir-birlarini juda yaxshi tushunib olgan. Meksikaga qarshi o‘yinda ko‘plab yosh futbolchilarni sinab ko‘rdik. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yin haqida mutlaqo xotirjamman”.
Polsha - Italiya
Polsha
Levandovskisiz harakat qilgan Polsha sentyabrda yaxshi natijani qo‘lga kirita oldi. Niderlandiyadan ochko tortib olishiga bir bahya qolgandi. Ammo o‘yin davomida ko‘zga tashlanmagan Bergveyn gol urib ketdi. Keyingi o‘yinda esa guruhdagi asosiy raqobatchi hisoblangan Bosniya taslim etildi. Har holda, polyaklarning asosiy maqsadi A ligada qolish. Ha, ularda pley-offga chiqish uchun etarli imkoniyat mavjud. Biroq, jamoa etakchisi Levandovski qanchalik kuchli hujumchi bo‘lmasin, yo‘q vaziyatni bor qila olmaydi. Jamoadoshlari ham faqat unga o‘ynaydi va tabiiyki, raqib himoyachilarining asosiy e’tibori ham “Bavariya” forvardiga qaratiladi. Mana shunday paytda yana bir etakchi futbolchi Robert yaratib bergan bo‘shliqdan foydalanib keta olsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Taxminiy tarkib: Shesni, Kedjiora, Ribus, Glik, Berezinski, Linetti, Krixovyak, Klix, Zelinski, Milik, Levandovski.
Jerzi Brjechek: “Shubhasiz, italyanlar favorit ekanini isbotlay oldi. Ular oxirgi 16 ta o‘yinining 14 tasida g‘alabaga erishdi. Ammo biz ularga qarshi kechadigan bahsdan umid uzganimiz yo‘q. Futbolchilarim ko‘rsatayotgan futbol meni qoniqtirmoqda. Jamoaning rivojlanishi masalasida biz oldinga qadam tashlay olyapmiz, deb o‘ylayman. Balki, Italiyaniki kabi emasdir, ammo shuning o‘zi ham meni qanoatlantirmoqda. Oldimizda qanchalik ko‘p ishlar borligini anglab turibmiz, qaerda qiyinchiliklarga uchrayotganimizni ham bilamiz. Men jamoamdagi ko‘tarinki kayfiyatdan juda xursandman”.
Italiya
Manchini shogirdlarining mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etadi. Brjechek aytib o‘tganidek, ushbu seriyaning asosiy qismini g‘alabalar tashkil etadi. Bosniya va Gertsegovinaga qarshi o‘yindagi muammoni tushunish mumkin. Uzoq muddatli tanaffusdan keyingi birinchi bellashuvda jamoaning o‘yini chiqmadi. Niderlandiyaga qarshi bahsda esa “skuadro adzuro” o‘z kuchini to‘liq namoyish eta oldi. Ularda yosh iqtidor egalari bilan bir qatorda, ko‘plab veteranlar ham mavjudligi e’tiborni tortadi. Ayniqsa, Nikolo Barella ham klub, ham terma jamoa safida o‘sishga erishayotgani, dunyo futboli yana bir yaxshi yarim himoyachi bilan boyib borayotgani o‘ta quvonchli holat. “Niko”dan tashqari Zaniolo, Tonali, Bastoni kabi futbolchilarni ham “moviy eskadra”ning bo‘lg‘usi etakchilari sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
Taxminiy tarkib: Donnarumma, Dambrozio, Kellini, Acherbi, Florentsi, Jorjino, Barella, Zaniolo, Berardi, Insine, Immobile.
Roberto Manchini: “Men jamoam o‘yindan-o‘yinga rivojlanib borishini xohlagandim va bu ro‘y berdi. Ular tezda nima qilishlari lozimligini tushunib olishdi va yo‘qotilgan imkoniyat ularga yaxshi saboq bo‘ldi.
Hech kim zaxirada o‘tirishni xohlamaydi, hamma ham maydonda harakat qilishni istaydi - bu normal holat. Biz aniq taktik ishlanmalar asosida futbol o‘ynaymiz va zarur holatda kimdir zaxirada o‘tirishga majbur. Moyze Kin yaxshi formada. Moldovaga qarshi o‘yinda unga 20 daqiqa imkoniyat berdik. Barchasini vaqt ko‘rsatadi”.
Xulosa o‘rnida
Millatlar Ligasi bugungi dasturining ikkinchi raqam ostidagi o‘yinlariyoq bizga shu kabi katta to‘qnashuvlarni taqdim etmoqda. Shu o‘rinda, anons qilib ketishga ruxsat berasiz. Birozdan so‘ng, Frantsiya - Portugaliya bellashuvi uchun prevyuni e’tiboringizga havola etamiz.
Yuqoridagi bellashuvlar esa ikki katta bahslar o‘rtasida “ishtaha ochish” uchun xizmat qiladi. Ushbu jamoalarning muxlislari esa Angliya - Belgiya va Frantsiya - Portugaliya o‘yinlaridan ham voz kechib, o‘z suyuklilari ishtirokidagi uchrashuvlarni tomosha qilishlariga ishonchimiz komil.
Va yana bir kichik anons: ushbu o‘yinlar saytimiz orqali matnli translyatsiya tarzida e’tiboringizga havola etiladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar