
Minimallikka suyanayotgan "Sug‘diyona"ning kuchi nimada? "O‘zbek Atletiko"sining o‘yinini tahlil qilamiz
So‘nggi yillarda Ulug‘bek Baqoevning "Sug‘diyona"si "o‘zbek"Atletiko"siga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Baqoev jamoasining OFK Kubogidagi o‘yinlarini tahlil qilish orqali bu savolga javob izlashga urinib ko‘ramiz.
O‘yin sxemasi
E’tiborlisi shundaki, Ulug‘bek Baqoevning o‘yin uslubi ko‘proq Mourinoning "Inter"ini eslatib yuboradi. Baquvvat qanot himoyachilari, markazda hujumni tashkil etuvchi va katta tezlikda harakat qilishga qodir pleymeyker, klassik 9-raqam hamda baland bo‘yli markaziy himoyachi. Barcha-barchasi trebl qayd etgan Mourinoning pragmatik jamoasiga ishora qilayotgandek. Standart vaziyatlardan unumli foydalanish, raqibdan yomonroq o‘yin ko‘rsatib ham g‘alaba qozonish jizzaxliklarning "fishkasi"ga aylanib ulgurdi. O‘xshatishlar o‘z yo‘liga, keling, endi g‘alaba kalitiga aylanayotgan ustunliklar haqida fikr almashamiz.
E’tiborlisi shundaki, "Sug‘diyona" maydon markazida ham, hujumda ham vaziyatdan kelib chiqib harakat qiladi. 4-2-3-1 sxemasining asosiy ustunligi ham shu, aslida. Istalgan paytda futbolchilarning joylashuvi o‘zgarishi mumkin. Baqoev jamoasida bu holat Superligada bir necha bor kuzatilgan, ammo xalqaro o‘yinda bu qay darajada ish berishi ko‘pchilikda savol tug‘dirgani aniq.
Birinchi navbatda, qanot himoyachilarining o‘yinini alohida e’tirof etish shart. Luka Chermel va Shahboz Jo‘rabekov jismonan ancha baquvvat bo‘libgina qolmay, ikkinchi qavatdagi kurashlarda ham juda faol. Shuningdek, o‘z qanotida bemalol 90 daqiqa maydonning ikki qismida ham faol bo‘lishni uddaladi. Bu o‘z-o‘zidan markazdagi futbolchilar uchun qulayliklar yaratishi aniq. So‘nggi paytlarda qanot himoyachilarining jahon futbolida tutgan o‘rni o‘sib borayotgani rost. Ortda qolgan mavsumida APLda Trend Aleksander-Arnoldning eng ko‘p xavfli vaziyat yaratgan futbolchi bo‘lgani bejiz emas. Baqoev ham o‘z qanot himoyachilaridan juda yaxshi foydalanadi. Ularning aktivligi evaziga o‘ng va chap qanot yarim himoyachilari bemalol markaziy hujumchiga yaqinroq o‘ynashi, kerakli pallalarda "fulbek"larga qanotdan yorib kirish uchun bosh zona yaratganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik. Shuningdek, hujum chog‘ida ular ancha oldinroqqa chiqib, jamoasi uchun qanotlardan markazga yurish, kerakli pallada yanada ichkariga katta tezlikda yorib kirish orqali bosh zonalar yaratishga urindi.
Tayanch yarim himoyachilari esa, kamdan kam hollardagina oldinga o‘tadi. Bu yigitlarga aynan qanotdagi sheriklarining zonasini yopish va qarshi hujumning oldini olish vazifasi yuklatilgani bois, asosan ortda ter to‘kadi. Ularning aktivligi "Sug‘diyona" darvozasi oldida xavfli hujumlarning kam bo‘lishini ta’minlash bilan birga, qarshi hujumlarda asosiy himoya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Markaziy himoyachilar baland bo‘yli ekani tufayli qanotdan uzatiladigan to‘plarda ular asosiy qal’a vazifasini o‘tab beradi. Tayanch zonasidagi yigitlar raqibni markazdan yorib kirmasligi uchun ter to‘ksa, qanot himoyasidagi Jo‘raboev-Chermel tandemini hujum bilan birgalikda himoyada ham birdek ter to‘kadi.
Umuman olganda, Baqoev shogirdlarini o‘z o‘yin falsafasiga shu qadar moslagan-ki, zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan birorta futbolchi maydonda yo‘qolib qolmaydi. Asosan markazni egallashga urg‘u berilgan "stil" hozircha "bo‘rilar"ga guruh bosqichida pand bergani yo‘q.
Vaziyatlardan foydalanish
Birinchi navbatda, Baqoevning sovuqqon jamoasini alohida e’tirof etish lozim. "Sug‘diyona" guruh bosqichidagi 3 ta o‘yin davomida vaziyatlardan foydalanish borasida yangi darajaga ko‘tarilganini namoyish etdi. Ayniqsa, "Neftchi" bilan birinchi turdagi og‘ir bahs so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Bir qarashda qo‘chqor otaliklar bahsni yaxshi boshlagan, biznikilardan ancha chaqqonroq ko‘rinayotgan bir paytda, ikkita burchak to‘pidan kiritilgan gollar vaziyatni hal etib berdi. Keyingi uchrashuvlarda ham standart vaziyatlar jamoa joniga ora kirganiga guvoh bo‘ldik. Soddaroq qilib aytsak, jizzaxliklar og‘ir bahslarda vaziyatlardan unumli foydalanish koeffitsienti yuqori bo‘lgani uchun ham g‘olib chiqishni boshladi.
Bu bizning futboldagi eng katta yutuqlardan biri. Klublarimiz va terma jamoalarimiz yaxshi o‘ynab yutqazayotgan bir paytda, Baqoev shogirdlari ikkinchi raqamda to‘p tepib ham yakunda maqsadga erishayotgani quvonarli holat. Yuqorida bejizga Mourinoning "Inter"ini eslab o‘tganim yo‘q. Bugungi "Sug‘diyona"da o‘sha jamoa o‘yinidagi ayrim elementlar ko‘zga tashlanadi. Maydon markazidagi kreativ pleymeykerning qanot yarim himoyachilarini hujumga qo‘shishi, kerakli pallada bir o‘zi to‘p bilan oldinga katta tezlikda reyd uyushtirishi va hokazo.
Shuningdek, qanot yarim himoyachilarining harakati ham nostandart ekanligi himoyachilar uchun muammo tug‘dirishi aniq. Ba’zan "Sug‘diyona" vingerlari markaziy zonaga yaqinroq joylashib, hujumni keskinlashtirsa, ayrim holatlarda kengroq o‘ynagan holda, bosh hududni kengaytirishga urinadi. Umuman olganda, 1 ta sof hujumchi, ikkita aldamchi vinger va o‘yinni o‘qiy oladigan pleymeyker to‘rtligi jamoa guruh bosqichida kiritgan gollarining yarmida ishtirok etdi.
Qolgan gollar esa standart vaziyatdan urildi. Baqoev shogirdlari bu o‘yin falsafasi bilan qay darajada uzoqqa borishi noma’lum, ammo o‘zbek futbolida hali bu darajada pragmatik o‘yin ko‘rsatadigan klubni hali ko‘rmaganimiz aniq.
Xulosa o‘rinda
Markaziy Osiyoda bunday uslubda to‘p tepuvchi jamoalar etarlicha topiladi. Guruhda "bo‘rilar"ga qarshilik qilgan 3 raqibning ikkitasi "Sug‘diyona" singari himoyadan o‘yin qurishga uringan klublar edi. Baqoev shogirdlari ijrochilarning darajasi o‘rtasidagi farq sababli ham 9 ochkoni deyarli muammosiz jamg‘ardi. Turnir yakunida O‘zbekistonning vitse-chempioni egallagan o‘rin hech kimni hayron qoldirmagani aniq, ammo pley-offda bu "stil" qay darajada foyda beradi? Mayli, avgust oyida bo‘ladigan bahsda "Xo‘jand" to‘sig‘idan o‘tarmiz, ammo kuchli legionerlarga suyanadigan arab va sharqiy mintaqa klublari bilan bellashuvlar qanday o‘tishini taxmin qilish mushkul. Shunday ekan, "Sug‘diyona"ning asl imkoniyatiga baho berish uchun bizda yana imkoniyat bo‘ladi. Har holda, Baqoev jamoasining bor kuchini o‘z uslubiga qarama-qarshi uslubda harakat qiladigan jamoa bilan to‘qnashuvdagina to‘liq ko‘rib olishimiz mumkin.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar