Mirjalol Qosimov: Ikkinchi bo‘limdagi tezkor gol bizni ruhan cho‘ktirib qo‘ydi
O‘zbekiston Coca Cola Kubogi finalidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismida AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etib, bellashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
"Futbolni aldab bo‘lmaydi: "Paxtakor" - kuchli jamoa. Kecha matbuot anjumanida aytgandim, yigitlarga ham tayinlaganman - bu kabi katta o‘yinlarda kichik xatolar uchrashuv taqdirini o‘zgartirib yuboradi. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olish zarur. Birinchi taymda ko‘rdingiz, biz yaxshi o‘ynadik, imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Biroq, "Paxtakor" yaxshi shakllangan klub va o‘z gollarini bexato urdi.
Ikkinchi taymdagi tezkor gol bizni ruhan cho‘ktirdi. "Paxtakor"ni kubok g‘olibligi bilan tabriklayman.
Ha, Toshmatov o‘z darajasida to‘p sura olmadi. Uning jarohati baribir bizga pand berdi. Xalqimizda ajoyib bir maqol bor: yiqilishimni bilganimda erga ko‘rpacha yozib olardim. U ham qo‘lidan kelganicha harakat qildi.
Futbol emotsiya bilan qiziq, uni bir kishi o‘ynamaydi. Yigitlar harakat qildi, ammo yil davomidagi charchoqlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Og‘ir sharoitda o‘tgan mavsumda kichik bo‘lsa ham, tarixiy natijaga erisha oldik.
Birinchi galda ozgina dam olmasak bo‘lmaydi. OChL guruh bosqichiga chiqish uchun bosqichma-bosqich tayyorlanib boramiz. Olmaliqlik muxlislarni bugun bronza medal qoniqtirgandir, ertaga bunday bo‘lmaydi", - dedi murabbiy.

Fikrlar