
Mirjalol Qosimov sababli chempion bo‘lgan boks murabbiyi
Xalqimizda “Ustoz - otangdek ulug‘” degan ajoyib naql bor. Ayni topib aytilgan gap desak mubolag‘a bo‘lmas. Sababi, qay bir soxada bo‘lmasin ustoz shogird uchun borini beradi. Mukammal, barkamol, etuk inson bo‘lishi uchun jon kuydiradi. Shuning uchun ham doimo ustoz-murabbiylar shogirdlar ardog‘ida bo‘ladi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, sport olamida ustoz-shogird atamasi juda katta ma’no kasb etadi. Aslida, yaxshi ustoz maqomini olish ham juda qiyin va masuliyatli. Yurtimizda juda ko‘p ajoyib, tom ma’nodagi murabbiylar bor. Ular qatorida ko‘p yillardan buyon professional boksda faoliyat olib borayotgan, O‘zbekiston professional boks terma jamoasi bosh murabbiyi, “Oqtepa” boks klubi asoschisi Zufar Sulaymonov ham bor. Uni professional boks olamida Kass Domatoga qiyoslashadi. Nafaqat bokschilar balki MMA olamining ko‘zga ko‘ringan vakillari Murod Xonto‘raev, Azamat Nuftillaev, Nursulton Ro‘ziboevlar ham ustozlari qatorida ko‘rishadi. Ayniqsa, ba’zi futbolchilarning ham ustoz deb murojaat qilishlariga nima deysiz... Xullas, ushbu o‘zgacha murabbiy bilan suxbat qurdik.
Doirachi Elmurod Islomov shogirdi
- Zufar aka sizni murabbiy sifatida bilamiz xolos. Iloji bo‘lsa, sportchilik faoliyatingiz haqidagi ma’lumotlar biz va muxlislar uchun juda qiziq bo‘lardi?
- 12 yoshimdan boks olamiga kirib kelganman. Birinchi murabbiyim Baxtiyor To‘xtaev bo‘lgan. “Dinamo” boks majmuasida mashg‘ulotlar olib borganmiz. Odatda, otalar farzandlarini ushbu sportga jalb qilsa, menda aksincha onam qo‘llab-quvvatlagan. Boksga bormasimdan avval, Elmurod aka Islomovning to‘garagiga borib, doira chalganman. Lekin bu borada biroz maxorat etishmagan desam bo‘ladi. Chunki, doira chalish uchun ham insonga yaratgan tomonidan inom e’tilgan iste’dod bo‘lishi kerak bo‘larkan. Natijalarga e’tibor qaratsak, havaskor boksda yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston birinchiligi g‘olibi bo‘lganman. Kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, “Dinamo”chilar turniri g‘olibi, bir qator xalqaro musobaqalarda sovrindor bo‘lganman. Har xolda bokschilik faoliyatim ham yomon o‘tmagan.
- Murabbiylik faoliyatingiz ham katta bir kitob desak bo‘ladi?
- 27 yil bo‘ldi. Dastlab, havaskor boksda yoshlar bilan ishladim. Shogirdlarim O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Jahon chempionatida ishtirok etishgan. Bir qator xalqaro turnirlarda sovrindor bo‘lishdi. 2004 yildan professional boksdagi murabbiylik faoliyatimni boshlaganman. Hozirga qadar profi yo‘nalishda faoliyat yuritib kelmoqdaman. Umuman olganda erishgan muvaffaqiyatlarimdan, faoliyatimdan mamnunman.
- Ancha yillardan buyon professional boks olamidasiz. Hozirgi kundagi kelajagi porloq yoshlarni sizdanda yaxshi biladigani kamdan-kam bo‘lsa kerak?
- Bilasizmi, bizda har doim kuchli professionallar bo‘lgan. Hozirda, ham juda ko‘plab topiladi. Yaqindagina internatsional kamarni qo‘lga kiritgan Ravshan Maxammadjonov, WBA Asia chempionlik kamari soxibi Ravshan Umurzaqov, “O‘zbek Kanelosi” nomini olgan Xusniddin Po‘latovlarni aytishim mumkin. Exxe juda ko‘p. Okean ortida bir qator yoshlarimiz faoliyat olib bormoqda. Umuman olganda bizning yigitlarga professional boks olamida talab kuchli. Bunga o‘zingiz ham guvox bo‘layotgandirsiz. Yoshlarimizga horij promoushenaridan jiddiy chorlovlar bo‘lmoqda.
- Bizda maxsulot etarli ekan. O‘zimizda ham raqobatbardosh promoushenlar tashkil qilsa bo‘lmaydimi?
- Asta-sekin bunday imkoniyatlar ham paydo bo‘lmoqda. Jumladan, SAFPRO promousheni tashkil etildi. Mazkur promouterlik tashkilotining ham imkoniyatlari juda yuqori. Qolaversa, O‘zbekiston professional boks Federatsiyasi ham salmoqli ishlarga qo‘l urmoqda. REAL HAUS kompaniyasi ham bokschilarimizning kelajagi uchun ko‘mak berib kelayapti. Umuman olganda bu borada ham o‘ziga xos rejalar mavjud.
Bepul mashg‘ulot o‘tkazadigan murabbiy.
- “Oqtepa” boks klubida faoliyat olib borasiz. Adashmasam ushbu zalda qurilish ishlari olib borilayotgan ekan?
- Darxaqiqat, qurilish ishlari ketyapti. Zamonaviy, standartlarga to‘la javob bera oladigan xolatga keltirmoqchimiz. Avvallari bitta ring bo‘lsa, endi ikkita bo‘ladi. Qisqasi mukammal xolatga keltirmoqchimiz.
- “Oqtepa” klubi odatda bepul faoliyat yuritadi deyishadi...?
- Murabbiylik soxasini boshlaganimda o‘zimga so‘z bergan edim. Ya’ni, murabbiylarim erisha olmagan, o‘zim sportchilik faoliyatimda etisha olmagan natijalarimga ustoz sifatida erishish borasida. Shuning uchun, boksni xobbi sifatida qabul qilganman va shogirdlarimdan xech qachon pul olmayman. Boksni xech qachon tirikchilik manbaiga aylantirmaganman. Shukrki, maqsad qilgan ba’zi muvaffaqiyatlarimga erisha oldim. Shogirdlarim orasida yuqorida ta’kidlab o‘tganim kabi, O‘zbekiston chempionlari, jahon va Osiyo kamarlari soxiblari etishib chiqdi. Kuch-quvvatim bor ekan yoshlarni tarbiyalashda, bokschilarimizning yanada nufuzli chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritishida yordam berishga harkat qilaveraman. Yana bir voqeylikni alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Yaqindagina O‘zbekiston professional boks Federatsiyasi tomonidan murabbiylarni nazorat qiluvchi unvoni berildi. Bu menga faxr uyg‘otdi. Arzimas mexnatlarimni yuqori baxolagani uchun, Federatsiya mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
Ustozlarning ustozi.
- Odatda, sizni o‘sha mashhur Kass Domatoga qiyoslashadi..?
- ???? To‘g‘ri, boks olamida shunga qiyoslashadi. Bilasiz, Domato o‘z vaqtida Taysonni oyoqqa turg‘azgan edi.
- Shaxsan o‘zim, ba’zi MMAning mashhur vakillari Murod Xonto‘raev, Nursulton Ro‘ziboev, Azamat Nuftillaevlarning nafaqat ular balki, ba’zi futbolchilarning ham sizga ustoz deb murojaat qilganlariga guvox bo‘lganman. Balki biz bilmagan qirralaringiz bordir?
- ???? Aslida, ustoz so‘zining zamirida ulkan ma’no bor. Shu darajaga etishganimga beadad shukr qilaman. Albatta, avvalo yaratganning inoyati, qolaversa ota-onam va ustozlarimning duosi natijasida ushbu martabalarga ega bo‘ldim. Garchi, murabbiylik qilmasamda meni ustoz sifatida e’tirof etib, maslaxatlar so‘rab turishadi. Misol uchun, To‘lqin Qlichev, havaskor boks terma jamoamiz katta murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi. Uning murabbiylik faoliyati mobaynida qanday natijalar qayd etganiga barcha guvoh bo‘lib kelayapti. Ushbu murabbiy ham ustoz deya ba’zan fikr almashib turadi. Bunday xolatlar albatta g‘urur bag‘ishlaydi. Xech qanday qirralarim yo‘q. Shunchaki xurmat yuzasidan ustoz deb murojaat qilishadi.
Futbol afsonasining do‘sti
- Shogirdingiz Olimjon Nazarov yaqindagina Janubiy Koreyaning “Socky Buffalo” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. 33 yoshga to‘lganini inobatga olsak, ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Ma’lumki, professional boksda bu yosh anchagina salmoqli hisoblanadi?
- To‘g‘ri, Olimjon ancha yillardan beri professional boksda faoliyat yuritib keladi. O‘zbekiston chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. WBC yo‘nalishida MDH hamda Sharqiy Evropa chempionlik kamari soxibi hisoblanadi. AQShda faoliyat yuritganda shtatlar chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan. 25-avgust kuni esa WBO international Flyweight Title kamari uchun jang o‘tkazadi. Umuman olganda yosh borasida unda muammo yo‘q. Uning potentsiali 40 yoshgacha yuqori saviyada harkat qila olishga imkon beradi.
- Sizni futbolimiz afsonasi Mirjalol Qosimov bilan nima bog‘laydi. U murabbiylik qilgan jamoasi bilan “Oqtepa” klubiga tashrif buyurib turardi?
- Futbol afsonasi bilan bitta maxallada katta bo‘lganmiz. 157-maktabda birga o‘qiganmiz. Keyinchalik hozirgi Jismoniy tarbiya va sport universtitetida ham birga taxsil oldik. Umuman olganda hozirga qadar qadrdon do‘stmiz. Aslida, katta boks olamiga kirib ketishimga ham Mirjalol sabab bo‘lgan deb ayta olaman. Yoshlikda boks olamiga kirib kelgan vaqtimiz edi. O‘shanda yoshlar o‘rtasida kuchlilar turniri o‘tkazilayotgan edi. Finalga chiqdim. Lekin finalda juda kuchli raqib edi. Yutishga ko‘zim etmasdi. Shu xayol bilan uydan chiqdim va yo‘lda Mirjalolni uchratib qoldim. Qaerga ketayotganimni so‘radi. Aytdim. Shunda u “Zufar agar, yutqazsang maxallaga umuman kelmagin”dedi. Ushbu gap menga ruxiy ta’sir qildi va finalda raqibimni mag‘lub etdim. Shu chempionlik sababli katta boksga yanada qiziqishim ortib ketdi. Mazkur voqeylik keyingi kamtarona muvaffaqiyatlarim omili bo‘lib xizmat qilgan.
Ahmadbek EShMATOV SUXBATLAShDI.
Fikrlar