
Moliyaviy muammolar buyuklikka ta’sir o‘tkaza olmaydi! Faqat "Barsa" uchun o‘ynashni istayotgan 5 futbolchi haqida
"Barselona" yozgi transferlar oynasida bir qator katta xaridlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Klubning moliyaviy ahvolidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Ayni vaqtda Kataloniya jamoasi inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, ular tarkibdagi o‘yinchilarni sotib, bu holatdan chiqishga urinmayapti. Sababi, bunday yo‘l tutish klub ambitsiyalariga to‘g‘ri kelmaydi. Har qanday vaziyatda ham bu jamoada eng yaxshilar to‘p tepadi, degan shiorni klub prezidenti Joan Laporta olg‘a surmoqda. Tarkibga kelib qo‘shilishi kutilayotgan ayrim yulduzlar kam maosh evaziga bo‘lsa ham "ko‘k-anorranglilar" libosida to‘p tepish istagida. Keling, faqat "Barsa" uchun o‘ynashni istayotgan 5 yulduzga to‘xtalib o‘tamiz.
Robert Levandovski
"Bavariya"ning "yirtqich" va gollarga och hujumchisi Germaniyadan va Myunxen klubidan biroz zerikkan ko‘rinadi. Uning 2023 yilda amaldagi jamoasi bilan shartnomasi yakuniga etadi, ammo kelasi mavsum polshalik forvard nemis klubida to‘p tepishiga shubham bor. Odatda, yulduzlar kelajagini doimo sir tutadi va bu haqda gapirishni istamaydi. Biroq Robertga nisbatan bunday deya olmayman. Uning "Barselona"ga o‘tishni istayotganini hamma bilib turibdi. O‘zi ham tan olib bo‘ldi.
Anxel Di Mariya
PSJdagi mazmunli va muvaffaqiyatli mavsumlardan so‘ng argentinalik xavbek klubni tark etmoqda. Uning Parij jamoasi bilan shartnomasi yakuniga etdi. Endilikda, u istagan klubiga erkin agent sifatida borib qo‘shilishi mumkin. Ayni vaqtda "Yuventus" uni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga oshiqmoqda. Biroq uning o‘zi bir klub safida to‘p tepishni qattiq istayapti. Siz bu jamoani yaxshi bilasiz. Garchi, u "Real"da faoliyat olib borgan bo‘lsa-da, "Barsa" safida to‘p tepishga umuman qarshi emas. Bir necha yillardan buyon unda shu istak mavjud. Ayni vaqtda mazkur xohishni amalga oshirish payti, ammo kataloniyaliklar uni o‘z safiga qo‘shib olishga shoshilmayapti. Sababi, u to‘p tepadigan nuqtada Dembele harakat qilmoqda. Agar Usmon jamoani tark etsa, Di Mariyani "Barsa" libosida ko‘rib qolishimiz mumkin. Sababi, moliyaviy muammolar avj olgan paytda tekin va tajribali o‘yinchiga ehtiyoj yuqori.
Jyul Kunde
Frantsiyalik himoyachini o‘z tarkibida ko‘rishni istayotgan grandlar ko‘p. APLning bir qator jamoalari bilan bir qatorda "Barsa" ham uni o‘z safida ko‘rishni istaydi. Futbolchi ham kataloniyaliklar libosida to‘p tepishga qarshi emas va u uchun ustuvor vazifa ham aynan Xavi qo‘l ostida to‘p tepish. Biroq "Sevilya" Jyul uchun katta pul so‘ramoqda. Hozirgi sharoitda "Barselona" bu pulni to‘lashga qodir emas. Shunday bo‘lsa-da, kataloniyaliklar unga qiziqishda davom etmoqda.
Bernardu Silva
Bernardu Silva "Manchester Siti"ning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri hisoblanadi. Portugaliyalik xavbekning maydon markazida namoyish etayotgan o‘yini Gvardiolani qoniqtiradi. U asosiy tarkibda o‘z o‘rniga ega. Shunday bo‘lsa-da, har bir futbolchi o‘zini boshqa jamoa libosida sinab ko‘rishni istaydi. Bernarduga "Barselona"dan qiziqishlar bor. Klub De Yongni MYuga sotib, uning o‘rniga "Siti" yulduzini olib kelish niyatida. Faqat muammo shundaki, "shaharliklar" u uchun 100 million evro so‘ramoqda. Hozirgi "Barselona" qattiq istasa ham bu pulni to‘lashga qodir emas. Manchester klubi narxni biroz pasaytirsa, uni La Liga grandi safida ko‘rib qolishimiz mumkin.
Rafinya
Braziliyalik vinger "Arsenal" va "Chelsi"dan kelgan takliflarni rad etdi. "Lids" yulduzining birdan-bir maqsadi - "blaugrana" safida o‘ynash. "Ko‘k-anorranglilar" uzoq vaqtdan beri unga qiziqish bildirmoqda va ingliz jamoasiga bir qator takliflar ham jo‘natib ulgurdi, lekin "Lids"ni ko‘ndirish oson bo‘lmayapti. Ular o‘z etakchisi uchun 70 million evro talab qilmoqda. Rafinya o‘zini qo‘yib yuborishlarini so‘ramoqda va "ko‘k-anorranglilar" bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgani haqida ham xabarlar chiqqan. Faqatgina lidsliklarni ko‘ndirish qolgan, xolos.
Karim Xudoyqulov tarjimasi.
Fikrlar