Mourin'yo Vinisius bo‘yicha muzokaralarga aralashdi

  • 06.08.2026 12:48
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

«Real» va Vinisius yangi shartnoma bo‘yicha hali kelisha olmayapti. «Real Madrid» bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoa hujumchisi Vinisius Juniyor bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarga shaxsan qo‘shildi. Bu haqida futbol olamida ishonchli manba sifatida tanilgan insayder Fabrizio Romano xabar berdi.

Manba ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan Vinisiusni klubda saqlab qolish tarafdori. Chorshanba kuni Mourinyo va braziliyalik hujumchining vakillari uchrashuv o‘tkazgan. Ushbu muloqotdan so‘ng tomonlar yangi shartnoma shartlari bo‘yicha ma’lum darajada ilgarilashga erishgani aytilmoqda.

Shu bilan birga, Vinisiusga boshqa klublardan ham jiddiy qiziqish bor. Avvalroq Londonning «Arsenal» jamoasi 26 yoshli braziliyalikka katta e’tibor qaratgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ingliz klubi «Real»ga 135 million yevro miqdorida rasmiy taklif yo‘llagan, shuningdek, qo‘shimcha ravishda 10 million yevrogacha bonuslar ham nazarda tutilgan.

Vinisius 2018 yildan buyon «Real Madrid» sharafini himoya qilib kelmoqda. U shu vaqt mobaynida klub tarkibida 375 ta o‘yin o‘tkazgan, 128 ta gol urgan va 100 marta golli uzatma muallifi bo‘lgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!