
Mourino: Belotti kelsa ham, bu hujumchi “Roma”da qoladi!
Joze Mourino yozgi transferlar tugagunicha jamoaga Andrea Belottini qo‘shib olmoqchi. Moliyaviy feyr-pley qoidasi buzilmasligi uchun “Roma” tarkibdagi hujumchilardan birini sotib yuborishi kerak.
Ketishi kerak bo‘lgan hujumchilar ro‘yxatida Eldor Shomurodov, Feliks Afena-Gyan va Stefan El-Shaaravi nomzodi bor edi.
Portugaliyalik mutaxassisning so‘nggi paytda qarori o‘zgardi va italiyalik hujumkor futbolchini poytaxtda olib qolishga qaror qildi.
Il Messaggero nashrining ta’kidlashicha, Andrea Belotti olib kelingan taqdirda ham El-Shaaravi “Roma” klubidagi joyini saqlab qoladi. Avvalroq, transferga qo‘yilishi aytilgan bu futbolchini olish uchun “Montsa” va “Atalanta” kurash boshlagan edi.
Rim klubiga o‘tishga rozilik bergan Andrea Belotti endi Shomurodov yoki Feliks Afena-Gyanning ketishini kutishiga to‘g‘ri keladi. Italiyalik to‘purar Rim klubi rahbariyatiga agar uning transferi shu hafta ichi hal qilinmasa, o‘ziga qiziqish bildirayotgan “Galatasaroy” va “Nitstsa” taklifini qabul qilishini uqtirgan.
Ayni paytda Eldor Shomurodovga “Bolonya” va “Trabzonspor” jiddiy qiziqish bildjirmoqda va bu jamoalar vakillari transfer bo‘yicha poytaxt klubi rahbariyatiga murojaat qilgan. Hozircha, muzokaralar davom ettirilmoqda.
O‘tgan mavsumda Joze Mourinoning kashfiyoti, deb e’tirof etilgan Feliks Afena-Gyanga A Seriyaning bir necha jamoalari, xususan, “Sassuolo”dan chorlov bo‘lyapti.
Fikrlar