
Mourinyu Kerrikka murabbiyilar shtabidan ish taklif qildi
«Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyuning so‘zlariga ko‘ra jamoa yarim himoyachisi Maykl Kerrik faoliyatini yakunlagach bemalol klub murabbiylar shtabida faoliyat olib borishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 36 yoshli futbolchi joriy mavsum sentyabr oyidan buyon uchrashuvlarda ishtirok eta olmayapti. U ayni damda yuragi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotidan so‘ng tiklanish jarayonini boshidan o‘tkazmoqda.
“Maykl futbolchi sifatidan ko‘ra inson sifatida ko‘proq muhim. Biz unga sog‘ayishi va tiklanishi uchun, qolaversa, u jamoada yana qancha o‘ynay olishi borasida bir qarorga kelib olishi uchun vaqt berdik.
Agar hohlasa mening murabbiylar shtabimda unga joy bor, buni o‘zi ham his qiladi. Qachon u buni hoxlasa joyni egallashi mumkin. Buni nafaqat men, balki, klub rahbariyati va xo‘jayinlari ham istashyapti. Shunday ekan Mayklning oldida qulay imkoniyatlar turibdi va uning kelajagi MYu bilan bog‘liq.
U joriy mavsumni oxirigacha o‘ynamoqchi. U buning uchun o‘zida kuch va ishonch his qilmoqda. U mashg‘ulotlarga qaytdi. Bizga futbolchi kerak, Maykl esa o‘ynashni istamoqda. Men bundan xursandman”, - deydi portugaliyalik mutaxassis.
Fikrlar