Muhim yangilik! O‘zbekiston "JCh-2034" yo‘llanmasini Millatlar ligasi orqali qo‘lga kiritishi mumkin
Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFK) 2030 yildan boshlab yangi musobaqa - Millatlar ligasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Ushbu turnir natijalari 2034 yildagi jahon chempionati saralashi tizimiga ham integratsiya qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda Asean football manbasi.
Taklif etilayotgan formatga ko‘ra, Osiyoning 47 ta terma jamoasi uchta diviziyonga ajratiladi. Eng kuchli 18 ta jamoa esa yuqori divizionda ishtirok etadi.
Jahon chempionatiga saralash doirasida ushbu Millatlar ligasi alohida ahamiyat kasb etadi. Liga yakuni bo‘yicha eng yaxshi olti terma jamoa 2034 yildagi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.
Yana ikki ishtirokchi pley-off bosqichi orqali aniqlandi — unda yettinchi o‘rindan o‘ninchi o‘ringacha joy olgan terma jamoalar o‘zaro kuch sinashadi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarixida ilk bor 2026 yildagi jahon chempionatiga yo‘llanma olgani ortidan Osiyo futbolidagi yuqori maqomini saqlab qolishni maqsad qilgan. Terma jamoa yangi Millatlar ligasining yuqori divizionidan joy olishi kutilmoqda. Yangicha format O‘zbekiston uchun jahon chempionatiga chiqishning yana bir qo‘shimcha imkoniyatini yaratishi mumkin.

Fikrlar