
Murodjon Ahmadaliev og‘ir o‘tgan bolalik, mashina bosib ketgani, fotograflik qilib kun ko‘rgani haqida ingliz saytiga intervyu berdi
Bolaligida mashina tagida qolib, ikki oyog‘i singan, yashirincha boks mashg‘ulotlariga qatnagan va yashash uchun bolaligidanoq kurashgan Murodjon uchun chempionlik kamari o‘z-o‘zidan kelib qolgani yo‘q.
«Men yurolmay qolishim mumkin edi. Boks haqidaku umuman gapirmasa ham bo‘ladi», deydi suhbatimiz boshida «MJ Kaka». Uning gaplarini Aliko Frolov tarjima qilib berdi. Ammo bolalik qiyinchiliklari haqida so‘zlagan jahon chempionining ovozidan uning naqadar hayajon bilan so‘zlayotganini bilish qiyin emasdi.
O‘tgan yilning aprel oyida DAZN va «Matchroom boxing» bilan tuzgan shartnomasi Ahmadalievning faoliyatida katta burilishga sabab bo‘ldi. Joel Diaz boshchiligida 25 yoshli bokschi atigi 8 ta jang o‘tkazib, chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.
Bu muvaffaqiyatlar osonlikcha kelmadi. Murodjonning chempionlikkacha bo‘lgan yo‘li mashaqqatlarga va turli to‘siqlarga to‘la edi. Ammo u bir soniyaga bo‘lsin jangchi bo‘lish orzusidan chekinmadi.
9 yoshli Murodjon otasiga yordam berish uchun ishlay boshlaydi. Namanganda tug‘ilgan sportchi ota-onasi va ikki opasi bilan oddiygina hayot kechirardi. Ammo u ko‘proq narsalarga qodir ekanini his qilar edi.
«Bizning hech vaqomiz yo‘q edi, - deydi Murodjon.
«Kaka» uning yoshligidan futbolga qiziqishi va braziliyalik futbol yulduziga nisbatan simpatiyasi sabab olingan laqabidir.
«Men har qanday ishni qilaverar edim. Xoh u qo‘shnilarga yordam berish bo‘lsin, xoh boshqa. Yodimda, yozda istirohat bog‘ida ishlay boshladim. Ishim xiyobonga kelganlarni rasmga olib, tezlikda chiqarib berish edi. U erda juda ko‘pchilik bu ish bilan shug‘ullanardi. Men ulardan yaxshiroq ishlashim kerak edi».
Yosh Murodjon rasmlarni egalariga tezroq etkazib berish uchun 3 mil u yoqqa, yana 3 mil ortga qarab yugurardi. Raqobatchilarda esa bu uchun transportlar bor edi. Demak, u raqiblaridan tezroq bo‘lishga majbur edi.
«Rahbarlar meni yoqtirib qola boshlashdi. Har yozda mening bog‘da erkin ishlashim uchun sharoit yaratib berishga harakat qilishardi», - deydi bokschi. Murodjonning bir kunlik topadigan puli 2 dollar atrofida bo‘lgan. U bu pullarni boks zalining oylik to‘lovi sabab tejashga majbur edi.
Bu davrda u futbolga ko‘proq qiziqardi. Ammo do‘sti bilan boks zaliga borgach, bu unga yoqib qoladi. Ahmadalievning jussasi va vazni ancha kichik edi. Shu sababdan u 11 yoshgacha musobaqalarda qatnasha olmadi.
Bir gal ishga ketayotgan Murodjonni mashina bosib ketadi va ikki oyog‘i sinadi. Uning xo‘jayini oyog‘i sinib, qonga belanib yotganini ko‘rib qoladi.
«Boshliqning jahli chiqib, tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Men ishimni yo‘qotishni xohlamasdim. Kasalxonaga kelganimda doktorlar oyog‘imning o‘z holiga qaytishi uchun 8 oy vaqt ketishini aytishdi. 8 oy davomida davolanar ekanman, boksga qaytish istagi meni tark etmadi. Undan ham muhimi men ishimni yo‘qotmaslik haqida o‘ylardim», - deydi Murodjon.
8 oy davolangandan so‘ng shifokorlar va ota-onasining qarshiliklariga qaramay, u yana boks zaliga qatnay boshladi.
«Men soat 5 gacha ishlardim. Undan so‘ng mashg‘ulot zaliga qatnab shug‘ullanardim. Onam menga tushlikda eyishim uchun non berardi. Men uni ishdan so‘ng erdim. Mashg‘ulotda quvvat bo‘lishi uchun shunday qilardim. Bu ota-onam bilib qolguncha yarim yil davom etdi. Avval jahllari chiqdi. So‘ngra murabbiy bilan gaplashgach, menda iqtidor borligiga amin bo‘lishdi.
Men jarohatlarni engib o‘tdim. Biroq 2 yil mobaynida oyoq harakatlarida qiyinchilik bilan ishladim», - deydi bokschi.
O‘z vazn toifasi uchun anchayin og‘ir zarbaga ega bo‘lgan «MJ Kaka» ring bo‘ylab erkin harakatlana olmasdi. Shuning uchun ham u kuchli zarbalar bilan raqibni yaqin masofada ushlab turishga harakat qiladi.
«Mening oyoqlarim o‘zim xohlagandek harakat qilishimga imkon bermasdi. Uzluksiz to‘xtab qolish bilan raqiblarimni mag‘lub etolmasligimni tushunib etdim. Men mushtlarimga «o‘tirib» olishni mashq qila boshladim. Menimcha, aynan mana shu jihat menga kelajakda ulkan muvaffaqiyatlar keltirdi».
Og‘ir jarohat keyinchalik ham Ahmadalievni tinch qo‘ymadi. 15 yoshida shifokorlar yana bir bor unga boksni to‘xtatishni maslahat berishdi. Ammo u kurashishda davom etdi.
«Bu sinovlar menga kelajakda katta yordam berdi. Yoshligimda juda kichkina va nimjon bo‘lganman. Menga imkon berishni istashmasdi. Lekin men oldimga maqsad qo‘yar ekanman, uni uddalashim shartligini o‘zimga uqdiraman», - deydi chempion.
Darhaqiqat, orttirib olgan jarohatlarining zalvori naqadar katta bo‘lmasin, Ahmadaliev uchun yorug‘ kunlar tez orada kelib qoldi. Havaskor boksdagi natijalari bunga misol bo‘la oladi. Dastlab yoshlar o‘rtasidagi 2012 yilgi jahon chempionatida kumush, 2015 yilgi jahon chempionatida ham kumush va «Rio-2016»da bronza medallari bilan boshlangan g‘alabalar professional boksga ulanib ketdi. Buni Murodjonning o‘zi jamoaviy natija va yuqori darajali murabbiylik mahsuli deb biladi.
«O‘zbekistonning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari avvalroq boshlangan edi. Bizning avlod Abbos Atoev, Rustam Saidov, Elshod Rasulov kabilarning ortidan ergashdi. Undan tashqari, bizda sobiq Sovet ittifoqi davridan beri boksda faoliyat olib boradigan mutaxassislardan iborat tajribali murabbiylar ham bor edi. Dunyo boksida Rossiya va Kuba maktabi bilan teng raqobat olib borish darajasiga chiqish uchun o‘zbek boks maktabi ko‘p ishlarni amalga oshirdi», - deydi Murodjon.
U terma jamoadagi sheriklariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi:
«Biz terma jamoadagilar bilan juda yaqin do‘st bo‘lganmiz. Isroil (Madrimov), Bahodir (Jalolov) va boshqalar bilan o‘rtamizda do‘stona, sog‘lom raqobat mavjud edi. Raqobatga dosh berolmasang sening terma jamoada keraging yo‘q, deganidir. Biz bir-birimizni kuchliroq bo‘lishga undab turardik».
Leon Spinksdan so‘ng 8 ta jangda chempionlik kamariga ega chiqqan birinchi bokschi hisoblangan «MJ Kaka» bu hali boshlanishi ekanligini aytdi:
«Eng yaxshi davrlarim hali oldinda. DAZN va «Matchbox room»ning bir bo‘lagi ekanimdan xursandman. Keyingi janglarim orqali ham ularni xushnud etishni istayman. Albatta, kelgusi janglarimni birlashtiruvchi chempionlik kamarlari uchun o‘tkazish niyatidaman. IBF kamari sohibi Riosuke Ivasaga qarshi jang balki navbatdagi bo‘lar. WBO chempioni Emanuel Neverret ham ro‘yxatimda bor. Bu jang men uchun ancha qiziqarliroq. Chunki bizning uslublarimiz o‘xshash. Daniel Romanga qarshi jangda juda ko‘p narsalarni o‘rgandim».
Ahmadaliev vaznini bir pog‘ona ko‘tarishga shoshilmayotganini aytdi. Ammo yuqoriroq vaznga o‘tib, o‘z kumiri Menni Pakyao bilan bir vazn toifasida jang qilish istagini bildirdi:
«Avvalo, o‘z vaznimdagi ishlarni bitirib olishim kerak. O‘zimni bu vaznda biroz og‘ir his qilyapman. Balki, kelgusida vazn «sakrarman». Lekin hozir emas».
25 yoshida shunday ulkan natijalarga erishgan Murodjon karerasi mobaynida o‘z javonini yana ko‘plab sovrinlar bilan bezay olishiga ishonadi. U butun dunyoga matonatning eng oliy namunasini ko‘rsatdi. Qachonlardir unga imkon bermaganlarga «sizlarga aytgandimku» deyishga arziydigan ishlarni qilib bo‘ldi. Aslida ko‘p gapirishni yoqtirmaydigan Murodjon Ahmadaliev biz bilan qariyb bir soat suhbatlashdi.
«Men ko‘p gapirishni yoqtirmayman. Oldindagi yillar kim nimalarga qodirligini ko‘rsatadi», - deydi WBA va IBF kamarlari sohibi.
Ingliz tilidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi
Fikrlar