Narxi 100 million evroga ko‘tarilgan yangi yulduzni 6 ta klub chaqiryapti
“Leyptsig” yarim himoyachisi Assan Uedraogo Germaniya jamoasidagi o‘yinlari bilan Evropaning qudratli klublari e’tiboriga tushdi. 19 yoshli futbolchi bu yildan Germaniya milliy terma jamoasiga ham jalb qilina boshladi.
Bild nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Angliyaning amaldagi chempioni “Liverpul” va “Arsenal”, Ispaniya La Ligasi g‘olibi “Barselona” Uedraogoning muvaffaqiyatlarini muntazam kuzatib bormoqda.
“Bavariya” esa, markaziy yarim himoyachini “Shalke” akademiyasida tahsil olgan davrdan beri nishonda ushlab turibdi.
Da’vogar klublar qatoriga “Manchester Yunayted” va “Chelsi” ham qo‘shilgani Uedraogo uchun kurashni yanada avj oldiradigan bo‘lyapti.
“Leyptsig” klubi iqtidorli yarim himoyachini 2024 yilning yozida “Shalke”dan 10 million evroga transfer qilgandi. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yilning yozigacha tuzilgan.
Grand klublarning qiziqishi ortib borayotganini inobatga olgan “Leyptsig” joriy mavsumda 12 ta uchrashuvda uchta gol va to‘rtta asssist muallifi bo‘lgan yosh futbolchisini 100 million evroga baholamoqda.
Fikrlar