"Nasaf" legioneri: "Klubni tark etyapman, chetdagi faoliyatimni yakunlayman"

  • 9 dekabr, 2021, 09:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan “Nasaf” klubi chempionatda medalsiz qolganini yaxshi bilasiz, klub 4-o‘rin bilan kifoyalandi. Ammo chempionat yakunida “Ajdarlar” Kubokni qo‘lga kiritish orqali yuqori notada yakunlay oldilar. “Nasaf” ham asta-sekin yangi mavsum uchun rejalarni tuzib chiqadi. Shunga yarasha tarkib ham kuchaytirilishi mo‘ljallangan.

Tecno

Xabaringiz bor, jamoa safiga birinchi davradan so‘ng serbiyalik hujumchi Andriya Kaluderovich taklif qilingandi. 34 yoshli legionerdan ko‘p narsa kutilgandi, shunday emasmi? Lekin klub tarbiyalanuvchisi Xusayn Norchaev ketma-ket gollar urgan holda “Nasaf”ning asosiy hujumchisi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Lekin Kaluderovich ham yomon taassurot qoldirmadi. To‘g‘ri, u Superligada 14 ta uchrashuvda 2 ta gol urdi. Ammo O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogida gollari bilan jamoasiga yordam berdi. Ayniqsa, OFK Kubogi yarim finalida Gonkongning “Li Man” jamoasiga qarshi kechgan dramatik o‘yinning qo‘shimcha bo‘limida o‘ta muhim golni urib “Nasaf”ning finalga chiqishiga katta hissa qo‘shgani esimizda.

U bilan “Nasaf”ga yangi qo‘shilgan paytda suhbatlashgandik. Endi esa rejamizga binoan chempionat tugagach, Kaluderovich bilan yana bir suhbat tashkil etdik.

andriya_2

- Andriya, Superligamizda yarim mavsumni o‘tkazdingiz. Endi ayting-chi, “Nasaf” sizga har tomonlama mos tushdimi?

- “Nasaf” – top jamoa edi. To‘g‘risini aytaman, men bu klub safida o‘tkazgan vaqtimdan juda ham rohatlandim.

- Jamoangiz O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. Biroq mana shunda hal qiluvchi uchrashuvda zaxirada qoldingiz. Bu kayfiyatingizga ta’sir ko‘rsatmadimi?

- Bilasizmi, men uchun eng muhimi jamoam bilan sovrinlarni qo‘lga kiritish. Maydonda o‘ynaymanmi-yo‘qmi, bu mening muammoim emas. Kubok bahslarida men uchta o‘yinda ishtirok etdim va uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldim. O‘ylaymanki, Kubokdagi muvaffaqiyatimizda o‘z nomimni tarixga yozib qo‘ya oldim.

andriya1_1

- Siz asosan ingliz tilida gaplashasiz. “Nasaf”da esa aksariyati o‘zbek va rus tilida so‘zlashishadi. Shunday ekan, sizda u erda til borasida qo‘shimcha muammolar tug‘ilmadimi?

- Sizga to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, hech qanday muammo bo‘lgani yo‘q. Futbol o‘ynar ekansiz, unda barchasini tushunib olish juda ham oddiy va bu u qadar qiyin ham emas. Shuningdek, bu borada menga do‘stim Marko ham katta yordam berganini aytmoqchiman.

andriya3

- “Nasaf” jamoasi bilan yarim mavsumga mo‘ljallangan shartnomangiz bor edi. O‘sha muddat tugadi va endi nima qilmoqchisiz? Chunki bu biz uchun qiziq. Klub sizga yangi shartnoma taklif qildimi yoki “Nasaf” bilan xayrlashmoqchimisiz?

- Men klubni tark etyapman. Rostini aytaman: o‘zimning legioner sifatidagi faoliyatimni yakunlamoqchiman. Endi bundan keyin faqat Serbiya chempionatida to‘p surishim mumkin. Bu esa oilaviy sabablar bilan bog‘liq masala.

andriya2

- Ayting-chi, klubni sizdan qarzi qolmaganmi?

- Menga oylik maoshimning va bonuslarning ma’lum bir qismini to‘lashdi. Lekin barcha bilib turibdiki, “Nasaf”da moliyaviy tomondan biroz muammolar mavjud. Lekin ishonamanki, bu borada klub bilan hech qanday mojarogacha etib bormaymiz. “Nasaf” mening qolgan pullarimni ham muammosiz to‘lab berishadi.

- Superliganing boshqa jamoalaridan aniq takliflar oldingizmi?

- Yo‘q.

andriya4

- Xusayn Norchaev klub to‘purariga aylandi. Sizningcha, raqobatda unga yutqazdingizmi yoki murabbiy sizga unchalik ishonch bildirmadimi?

- Mening fikrimcha, Norchaev yuqori darajadagi hujumchi. U yosh va iqtidorli yigit. “Nasaf” o‘rnimga nima uchun uni asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rganini men tushunaman. Chunki u shunga yarasha salohiyatga ega. Men shunchaki, zaxiradagi o‘rnimni qabul qilgandim.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!