"Nasaf" U21 jamoasining murabbiylar shtabi yana o‘zgartirildi
"Nasaf" futbol klubi rahbariyati U21 jamoasining so‘nggi davrdagi qoniqarsiz natijalari tufayli murabbiylar shtabiga o‘zgarishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Klub matbuot xizmatining yozishicha, jamoani shu paytga qadar boshqarib kelgan Zafar Xolmurodov klub strukturasida boshqa lavozimga, yordamchi murabbiy Kenja To‘raev esa faoliyatini futbol akademiyamisida davom ettiradi. Murabbiylar shtabining a’zosi — Ikrem Repatov bilan esa o‘zaro kelishuv asosida shartnoma bekor qilindi.
Mavsum yakuniga qadar "Nasaf" U21 jamoasini klubning texnik direktori Botir Qoraev boshqarib boradi. Tajribali mutaxassis o‘tgan mavsumda ham yoshlar jamoasi bilan ishlagan va ularning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan edi.
"Nasaf" futbol klubi rahbariyati yangi murabbiylar shtabi jamoaning o‘yin sifatini yaxshilash, musobaqalarda munosib natijalar qayd etish hamda asosiy jamoa uchun salohiyatli yosh futbolchilarni tayyorlash yo‘lida samarali ish olib borishiga ishonch bildiradi, - deyiladi rasmiy xabarda.
Fikrlar