"Nasaf"dan ketish sababi, serbiyalik murabbiyning o‘yin uslubi va Superliganing eng yaxshi yarim himoyachisi haqida Jo‘rabek Mannonov bilan suhbat

  • 17 fevral, 2022, 00:01
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan mavsum Pro-Ligada ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Superligaga yo‘l olgan Samarqandning "Dinamo" jamoasi yangi mavsum oldidan bir nechta yaxshi saviyadagi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Jumladan, "Nasaf" yarim himoyachisi Jo‘rabek Mannonov yangi mavsumni "Dinamo" safida ijarada o‘tkazadi. SPORTS.uz sayti futbolchi bilan intervyu tashkillashtirdi.

Tecno

– Assalomu alaykum, Jo‘rabek yangi jamoaga o‘tganingiz bilan tabriklaymiz. Adaptatsiya jarayoni qanday kechmoqda?

– Katta rahmat. Jamoaga moslashib ketishim qiyin bo‘lmadi. Sababi, klubning ichki muhiti a’lo darajada. Yangi kelganlarni iliq kutib olishdi.

– "Nasaf"dan ketishingizga nima sabab bo‘ldi? Ochig‘i, men jamoangizni almashtirishingizni kutmagan edim.

– "Dinamo"dan taklif bo‘lgach, o‘yladim. Uydagilar bilan maslahatlashdim. Bir qarorga kelishim qiyin bo‘ldi. O‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ham Samarqand klubiga ko‘chib o‘tdim. "Nasaf"ga tajriba to‘plab, yuqori saviyada "ajdarlar" safiga qaytmoqchiman.

jorabek

– Ayni kunlarda Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapsizlar. Yig‘in qanday kechmoqda?

– Yig‘in davomida bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazyapmiz. "Dinamo" o‘yindan o‘yinga shakllanib bormoqda.

– Nima uchun aynan "Dinamo"? Ular sizga asosiy tarkibdan o‘yin kafolatladimi?

– Hech qaysi futbolchiga asosiy tarkib kafolatlanmaydi. Asosiyda faqat munosib va jamoaga yordami ko‘proq tegadigani o‘ynaydi.

– Jamoa boshqaruviga serbiyalik Predrag Rogan keldi. Uning mashg‘ulotlarida qatnashyapsiz. Murabbiy qanday o‘yin uslubini targ‘ib qilmoqda?

– Janob Rogan juda talabchan. U mashg‘ulotlar jarayonida har bir detalga e’tibor qaratadi. O‘ylaymanki, bu bizga katta yordam beradi. Qanday uslub? Buni yangi mavsum boshlanganda ko‘rib olasiz. "Dinamo" bu yil ko‘plab jamoalarga bosh og‘riq bo‘ladi.

– Sobiq jamoangiz "Nasaf" 27 fevral kuni O‘zbekiston Superkubogi bahsida "Paxtakor"ga qarshi maydonga tushadi. Bu o‘yindan nimalar kutyapsiz?

– Xudo xohlasa, albatta "ajdarlar" g‘alaba qozonadi va Qashqadaryo halqini xursand qiladi. Men bunga ishonaman.

nasaf

– Samarqandlik muxlislar ham katta futbolni sog‘ingan. "Dinamo" ham mavsumni aynan "Paxtakor"ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi...

– Bu o‘yinni yigitlar intiqlik bilan kutyapti. Afsus, ushbu bahsda diskvalifikatsiya sababli ishtirok eta olmayman. Barcha muxlislarga o‘yinni stadiondan kuzatishni tavsiya qilaman.

– Siz yarim himoya chizig‘ida harakat qilasiz. Ayni damda Superliganing eng yaxshi yarim ximoyachisi kim?

– Oybek Bozorov va yana Oybek Bozorov. U yuqori saviyali futbolchi. Oybek o‘z ishini mohirona bajaradi.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Лучше Насаф
17/02/2022 07:24
Молодец