"Navbahor" Yevropa Chempionlar ligasining 3 karra g'olibi bo'lgan klub bilan hamkorlikni boshlaydi
Namanganning "Navbahor" klubi YEChLning 3 karra gʻolibi hisoblangan Niderlandiyaning "Ayaks" klubi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
Muhtaram Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa asosan, “Navbahor” futbol maktabini 3 yil muddatga Niderlandiyaning mashhur “Ayaks” futbol akademiyasi boshqaruviga berish yuzasidan muhim kelishuvga erishildi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Namangan viloyati sport boshqarmasi boshligʻi, “Navbahor” PFK klubi vitse-prezidenti Akramjon Dedabayev hamda “Navbahor” klubi direktori Abdumalik Umrzoqov Niderlandiyaning dunyoga mashhur “Ayaks” futbol klubi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Hamkorlik memorandumiga koʻra “Ayaks” akademiyasining 11 nafar tajribali murabbiy, skaut va metodistlari Namanganga jalb etiladi, Ular viloyatdagi futbol infratuzilmasi va yoshlar tayyorlash tizimi bilan yaqinidan tanishadi, tomonlar Namanganda zamonaviy Yevro-futbol maktabini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Ushbu hamkorlik Namangan futbolining xalqaro tajriba asosida rivojlanishi, yosh isteʼdodlarni kashf etish va professional futbolchilarni tayyorlashda yangi bosqichni boshlab beradi.

Fikrlar