"Navbahor"ning sobiq murabbiy "Manchester Siti" yo'q qilinishiga qarshi chiqdi
O‘z vaqtida Namanganning «Navbahor» jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan taniqli mutaxassis Andrey Kanchelskis «Evro-Futbol» internet nashriga bergan eksklyuziv suhbatida «Manchester Siti» moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgani uchun qanday jazoga loyiq ekani haqidagi savolga javob berdi.
Kanchelskisning ta’kidlashicha, bu masalada qaror qabul qiladigan maxsus qo‘mitalari bor — FIFA va UEFA doirasida. Unga ko‘ra, har bir muxlis o‘z jamoasi manfaatidan kelib chiqib, keskin choralar ko‘rilishini istashi tabiiy. Biroq u futbolchilarni jazolash tarafdori emas.
- Futbolchilar aybdor emas, eshiting. O‘yinchi keladi, shartnoma imzolaydi, o‘z ishini qiladi. Klubning ichki va tashqi siyosati bor, lekin bu futbolchining nazoratida emas. Futbolchi maydonda o‘z vazifasini bajaradi, moliyaviy ishlarga aloqasi yo‘q. Ayb rahbariyatda, qaror qabul qiladigan yuqoridagilarda. Javobgarlik ular zimmasida, — dedi murabbiy.
Uning fikricha, «Manchester Siti» futbolchilariga nisbatan keskin choralar ko‘rish to‘g‘ri bo‘lmaydi, ayniqsa so‘nggi yillarda klub jahon futbolida yetakchi kuchlardan biriga aylanganini inobatga olganda.
- Titullardan mahrum qilish mumkin, lekin jamoani butunlay yo‘q qilish, quyi divizionlarga tushirib yuborish kerak emas. Kubok va chempionliklarini olib qo‘ysinlar, lekin Premer-ligada qoldirishsin, jamoa tarixini qaytadan boshlasin. Mening tushunchamda to‘g‘ri yo‘l shu, — deya ta’kidladi Kanchelskis.
U o‘zining «Manchester Siti»ga bo‘lgan shaxsiy munosabati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Qanday munosabatda bo‘lishimdan qat’i nazar, «Manchester Siti» — mening raqibim, biz bir shaharda yashaganmiz. Lekin jamoani yo‘q qilish — juda qattiq chora. Qaytadan toza sahifadan boshlashsin, sovrinlarni esa «Liverpul», «Manchester Yunayted» va «Everton»ga bering. Lekin jamoani o‘ldirish — juda keskin qaror bo‘ladi, — dedi Kanchelskis.

Fikrlar