
"Navbahor" safini yana 2 futbolchi tark etdi
Namanganning "Navbahor" klubi rasmiy sayti yarim himoyachilar Zohir Pirimov hamda Behruz Sa’dullaevlar jamoani tark etganliklarini ma’lum qildi.
27 yoshli tajribali Pirimov Pepsi Superligada “lochinlar” sharafini 12 ta o‘yinda himoya qilib, maydonda 503 daqiqa harakatlandi va 1 ta golga mualliflik qildi. U o‘z golini 6-tur doirasidagi Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi kechgan uchrashuvda urib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘lgandi. Biroq o‘sha bahsda namanganliklar 2:3 hisobida imkoniyatni boy berishgandi. Zohir Pirimov 12 ta uchrashuvdan oltitasini boshlang‘ich tarkibda boshlagan bo‘lsa, yana 6 ta uchrashuvda zaxiradan maydonga tushirilgandi.
22 yoshli Behruz Sa’dullaev esa joriy mavsumda “Navbahor” tarkibida 3 ta o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, 35 daqiqa to‘p surdi. Shuningdek, Sa’dullaev “Navbahor”ning Shuhrat Qoraboev qo‘l ostidagi yoshlar jamoasi tarkibida ham 4 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol muallifiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin serbiyalik legioner - Nenad Inyats ham jamoa bilan xayrlashgan edi.
Fikrlar